Idrok va mohiyatga asoslangan bilim reprezentasiyasi reja: 1 Bilimlarning reprezentasiyasi



Yüklə 303,37 Kb.
səhifə3/8
tarix28.11.2023
ölçüsü303,37 Kb.
#166855
1   2   3   4   5   6   7   8
5 kognitiv

FAZONI IDROK QILISh.
Fazoni idrok qilish to’g’risida gapirar ekanmiz, biz narsalarning fazodagi formalarini, ularning fazodagi katta-kichikligini va fazodagi o’zaro munosabatlarini ko’zda tutamiz. Ma’lumki, fazodagi shakllariga qarab, uch burchakli, to’rt burchakli, kub, silindr va shu kabi shakldagi narsalar ajratiladi; narsalar katta-kichikligiga qarab, nisbatan katta, kichikroq, o’rtacha va hokazo narsalarga ajratiladi; fazodagi munosabatlariga qarab, bu narsalar bizga va bir-biriga nisbatan yaqin, uzoq, chap tomonda, o’ng tomonda, yuqori yoki past bo’lishlari mumkin.

Fazoni biz uning hamma uch o’lchovida ko’rish, teri sezgilari va muskul-harakat organlari yordami bilan idrok qilamiz.
Fazo munosabatlarini, narsalarning formasini, narsalarning hajmi va katta-kichikligini biz asosan ko’z bilan ko’rib idrok qilamiz.
Fazoni biz bir ko’zimiz bilan ham ko’rib, ya’ni monoku­lyar, ikki ko’zimiz bilan ham ko’rib, ya’ni binokulyar idrok qilamiz.
Monokulyar idrok quyidagicha voqye bo’ladi. Biz ko’z bilan qaraganimizda, biz shu narsadan aks etgan nurlar ko’z gavharida sinib, ko’zning to’r pardasi (setchatka)da shu narsa­ning aks etgan surati fotoapparatdagiga o’xshab, to’nkarilib, teskari tushadi. Ammo bunga qaramasdan, biz narsani xaqiqiy holatida, xaqiqiy shakli va katta-kichikligida ko’ramiz idrok qilamiz («Idrokning konstantligi» nomli bobga qaralsin, 151-bet.
Demak, fazoga oid shakl, katta-kichiklik va munosabatlarni ko’rish, teri sezgilari va muskul-harakat organlari bir-biri bilan mahkam bog’lanib ishlaganlaridagina eng to’g’ri va mukammal idrok qilish mumkin.
Sezgi organlarimizning – tuyush, muskul-harakat va ko’rish organlarimizning o’ziga xos hususiyati, jumladan, obyektiv mavjud fazoni ham idrok qilish qobiliyatiga ega bo’lishdadir.
Idrokning hamma turlari singari, fazoni idrok qilish ham kishining tajribasi va umumiy kamoloti jarayonida boradi.
VAQTNI IDROK QILISh
Biz idrok qilib turgan narsa va hodisalar ma’lum bir (zamon) davomida paydo bo’ladi, taraqqiy qiladi va o’zgarib boradi. Shuningdek, obyektiv dunyo hodisalarini aks ettiradigan idrok, tasavvur, fikr va hokazolardan iborat bo’lgan bizdagi subyektiv, psixik hodisalar ham vaqt davomida paydo bo’ladi, o’zgarib va almashib turadi. Ma’lumki, fazo singari vaqt ham materiyaning mavjudligi formasidir. Har qanday bog’liqning asosiy formasidir. U obyektiv reallikdir, ya’ni ongimizdan tashqari o’zi mavjuddir. Biz fazoni idrok qilganimizdek, vaqtni ham idrok qilamiz. Biroq, vaqtni idrok qilish to’g’risida gapirar ekanmiz, biz quyidagilarni nazarda tutamiz. Vaqtni idrok qilishni vaqt «bo’laklarini» soat va boshqa xronometrik asboblar yordamida o’lchash deb tushunish yaramaydi. Kishi xuddi bir xilda bo’lgan vaqt bo’lagi (minut, soat yoki ko’p va hokazo)ning obyektiv davomini hamisha bir xilda sezavermas ekan. Ba’zan bir soat, bir daqiqada o’tib ketadi «yoki bir soat bir yildek tuyuladi» deb gapiradilar.
Biz vaqtni hozirgi zamon (hozirgi payt) va undan kelgusiga borayotgan real narsadek idrok qilamiz, uni tasavvur qilamiz va fikrlaymiz. Shuning uchun ham o’tmish, va xoznrgi zamon va kelgusi ma’nosida olingan tushunchalar mavjuddir. Vaqtni idrok qilish haqida gapirar ekanmiz, biz hozirgi paytni nazarda tutamiz. O’tmish vaqt xotira faoliyati esga tushirish faoliyati bilan bog’liq bo’ladi. Kelgusi vaqtni esa biz faqat xayolga keltirishimiz yoki bu haqda o’ylashimiz mumkin, xolos. Obyektiv (matematik) nuqtai nazardan, hozirgi payt bu o’tmishni kelgusidan ajratadigan bir nuqta (chegara)dir. Ammo psixologik, subyektiv nuqtai nazardan, biz borayotgai vaqtning «bo’laklarini» hozirgi payt (endimik) deb idrok qilamiz. Dars, leksiya yoki bironta muzikaviy asarni eshitib o’tirish davomidagi vaqt ham mana shunday idrok qilinadi. Demak, vaqtning to’xtovsiz borishi, davomi hozirgi payt deb tuyuladi.
Biz vaqtni (uning to’xtovsiz borishi, cho’zilishini va davomini) idrok qiladigan mahsus bir organga ega emasmiz. O’tayotgan vaqt avvalo atrofimizdagi narsa va hodisalarning o’zgarib va almashinib turishidan bilinadi. Shu sababli bizni idrok qilishimiz hamma sezgi a’zolarimiz faoliyati bilan bog’langan deb aytish mumkin.
Vaqtni idrok qilish organimizda borayotgan fiziologik jarayonlar bilan ham belgilanadi.
Yurak tepish, nafas olish ritmikasi va organik sezgilar vaqtni idrok qilishda katta rol o’ynaydi, bu hol mahsus tekshirishlar bilan aniqlangan.
Vaqt bizga «sekin o’tayotgandek» yoki «tez o’tayotgandek» tuyuladi. Buning sababi shunda ekanki, har birining davomi obyektiv suratda bir xilda bo’lgan vaqt bo’lagini, ya’ni soat, minut, sekund va hokazoni hamisha bir xilda sezaver­mas ekanmiz. Ba’zan biz «bir soat bir yilga o’xshab ketdi», ba’zan esa «uch soat ko’z ochib yumguncha o’tib ketdi», «bir kun bir daqiqaday o’tib ketdi» deb gapiramiz.
Vaqtni tez yoki sekin o’tayotgandek sezishimiz shu paytda siz kechirayotgan psixik jarayonlarga bog’liq bo’ladi.
Ichki organlarning sezgirligi yo’qolgan (anesteziya pay­do bo’lgan) bemorlarda vaqt o’tishini bevosita his qilish qobiliyati yo’qolishi yoki zaiflanishi ma’lumdir. I.P.Pavlovning fikricha tanamizda bo’lib turadigan hodisalarning takrorlanib turishi vaqtni idrok qilishda katta rol o’ynaydi. «Bir kun davomida, - deb yozadi Pavlov, - bosh miya ta’sirlanadi, charchaydi, so’ngra yana kuchini tiklaydi. Ovqat hazm qiladigan yo’llar vaqt-bavaqt ovqat bilan to’latiladi, ovqatdan bo’shab, qoladi va hokazo. Binobarin, organning har bir holati katta miya yarim sharlarida aks etishi mum­kin bo’lganligidan ana shuning o’ziyoq bir paytni boshqa paytdan ajratish uchun asos bo’la oladi». Shuning bilan birga, o’tayotgan vaqt tasavvur, fikr, nutq, his va orzularning ongimizda almashib turishida subyektiv idrok qilinadi. Subyektiv idrok qilinadigan vaqtning davomi, cho’zilishi, borishi esa o’zgarib turadigan mavzuning qanchalik mazmundor bo’lishi bilan belgilanadi. Chunonchi, odamning psixik hayoti bedorlik vaqtida eng boy mazmunga ega bo’ladi, shu sababli vaqtning tez yoki sekin o’tayotgani his qilinadi va bilinadi. Tush ko’rmasdan qattiq uyqu davomida yoki bexush qolgan, yoki sezgirlik tamom yo’qolgan (anesteziya) holatda vaqtning o’zi ham, uning borishi ham sezilmaydi.
Ammo idrok qilinayotgan vaqt faqat ongimizning mazmuni bilan belgilanib qolmay, balki odamning vaqtga va o’zgarib turgan ong mazmuniga qanday munosabatda bo’lishi bilan ham belgilanadi. Bu munosabat e’tiborning nimaga qaratilganligiga va odamning shu paytda kechirayotgan tuyg’u-hislariga bog’liq bo’ladi. Agar biz shu paytda xushnud bo’lmasak va butun e’tiborimiz muayyan bir vaqtning kelishini toqatsizlik bilan kutishga yoki birovni poylashga qaratilsa, vaqtni juda ham sekin o’tayotgandek his qilamiz. Chunonchi, kechikkan tramvay yoki poyezdni kutayotgan paytimizda vaqt juda sekin o’tayotgandek tuyuladi. Uyqusi kochgan odamga yoki bemorga bedorlikda o’tayotgan tungi vaqt juda sekin o’tayotgandek tuyuladi.
Aksincha, psixik tuyg’ular mazmundor va xilma-xil bo’lib, odamning butun fikri-zikrini o’ziga qaratib qo’ysa, vaqt juda tez o’tib ketayotgandek seziladi. Diqqatimizni tuyg’ularimizning mazmuniga qaratsak, vaqtning o’tayotgani biz uchun bilinmay qoladi. Ayniqsa, ongimizning mazmuni, ya’ni idrok, tasavvur va fikrlarimiz xush emosiyalar, yoqimli hislar uyg’otsa, vaqt juda tez o’tayotgandek seziladi. Masalan, ayni bir dars vaqti bir o’quvchiga juda tez o’tgandek sezilsa, boshqa bir o’quvchiga juda sekin borayotgandek tuyuladi, buning sababi bu o’quvchilarning diqqati nimaga qaratilishidadir. Agar o’quvchi diqqat-e’tiborini darsning maz­muniga qaratsa, dars bilan qiziqib, zavq bilan tinglasa, ko’ngli to’q bo’lsa, vaqtning o’tib ketganini bilmay qoladi. Darsga ahamiyat bermay, zerikib va dars vaqtining tezroq o’tishini sabrsizlik bilan kutib, hadeb soatiga qarab o’tirgan o’quvchiga vaqt «to’xtab qolgandek» seziladi. «tiqilgan qozon qaynamas» degan xalq maqoli ham bunga misol bo’la oladi.

Yüklə 303,37 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin