Vaqt idroki muammosini o‘rganishning murakkabligi vaqtning moddiy dunyo hodisasi sifatida idrok etilmasligidan iborat. Uning kechishi haqida esa ma’lum belgilar bo‘yicha mulohaza yuritamiz.
«Biologik soatlar» nomi bilan tanish bo‘lgan oddiy marom hodisalari vaqt o‘tishining davomiyligi va ketma-ketligini idrok jarayonlari asosida yotadi. Ularga po‘stloq va po‘stloq osti hosilalarining neyronlarida kechadigan marom jarayonlari kiradi. Masalan, uyqu va hordiqning gallanishi. Qo‘zg‘alish va tormozlanishning gallanishi kabi nerv jarayonlarining davomiyligiga bog‘liq ravishda vaqt haqida ma’lum axborotga ega bo‘lamiz. Bundan vaqt idrokini tadqiq etishda, ikki asosiy nuqtai nazarni: vaqt davomiyligi idroki va vaqt ketma-ketligini hisobga olish zarurligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Vaqt bo‘lagi davomiyligini sub’ektiv baholash, uning qanday voqealar bilan to‘laligiga bog‘liq bo‘ladi. Agar voqealar ko‘p sodir bo‘lib, biz uchun qiziqarli bo‘lsa, u holda vaqt tez o‘tgan bo‘ladi. Va, aksincha, voqealar kam bo‘lib, bizga qiziqarli tuyulmagan bo‘lsa, u holda vaqt sekin o‘tgan bo‘ladi. Lekin o‘tgan voqealarni baholashga to‘g‘ri kelsa, u holda davomiylikni baholash teskari xususiyatga ega bo‘ladi. Turli-tuman voqealarga boy bo‘lgan vaqtning bahosini oshirib yuboramiz, vaqt bo‘lagi davomli bo‘lib tuyuladi. Va, aksincha, biz uchun zerikarli vaqtni munosib baholay olmaymiz, vaqt bo‘lagi ahamiyatsizdek bo‘lib tuyuladi.
Vaqt davomiyligini baholash hissiyotli kechinmalarga ham bog‘liq bo‘ladi. Agar voqealar o‘ziga nisbatan ijobiy munosabatni hosil qilsa, u holda vaqt tezda o‘tib ketadi, salbiy kechinmalarda esa, vaqt bo‘lagi cho‘zilib ketgandek idrok etiladi.
Vaqtning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyat bu uni ortga qaytmasligidir, biz o‘tgan vaqtni qaytara olmaymiz. SHu sababli, vaqt o‘tishini voqealar qaytmaydigan ketma-ketligining ob’ektiv tartibini o‘rnatgan holda idrok etamiz.
Avval bo‘lib o‘tgan yoki endi bo‘ladigan voqelar tartibi yoki ketma-ketligini o‘rnatishdan tashqari, vaqtni jamlashdan foydalanamiz, ya’ni, ayni vaqtda qanday voqea sodir bo‘lishini bilamiz. Vaqt oralig‘ining ma’lum kattaliklaridan foydalanganimiz uchun vaqtni jamlash imkoniyati mavjuddir. Bunday oraliqlarga kun, hafta, oy, yil, asr va h.k.lar kirishi mumkin. Bunday oraliqlarning mavjudligi imkoniyati, ulardagi voqealar ma’lum almashinuvining gallanishi bilan belgilanadi, masalan, quyosh botishi va chiqishi.
Vaqt – yo‘nalishli kattalik, vektor bo‘lgani uchun faqat o‘lchov birliklari (soniya, daqiqa, soat, kun, oy, yil, asr) tizimi bilan emas, balki, hisob olib boriladigan doimiy boshlang‘ich nuqta bilan ham ta’riflanadi. Vaqtning tabiiy boshlang‘ich nuqtasi, vaqtni avvalgi o‘tmish va keyingi kelajakka ajratib turuvchi hozirgi zamondir.
Lekin hozirgi zamon ham namoyon bo‘lgan hodisalar qatorida o‘zining o‘rniga ega, ya’ni, vaqt hisobini olib borish nuqtalari mavjud. Aniq bir odam uchun bunday nuqta bo‘lib, uning dunyoga kelish sanasi, insoniyat uchun –umumiy qabul qilingan ma’lum nuqta, masalan, Muhammad Payg‘ambarning tug‘ilish sanasi hisoblanadi.
SHunday qilib, vaqt idrokida ikki, sub’ektiv va ob’ektiv-shartli nuqtai nazarni ajratish mumkin. Sub’ektiv nuqtai nazar bizning sodir bo‘layotgan voqealarni shaxsan baholashimiz, ob’ektiv-shartli esa – hodisalarning ob’ektiv oqimi va shartli boshlang‘ich nuqtalar ketma-ketligi yoki vaqt oralig‘i bilan bog‘liqdir. Agar birinchi nuqtai nazar bizning vaqtni his etishimizni aks ettirsa, ikkinchisi, vaqt yo‘nalishida harakatlanishimizga ko‘mak beradi.
Atrof-olam jismlari birday idrok etilmaydi. Bir xillari yaqqol, «oldingi qatorga» surilgan holatda, boshqalari «orqaga o‘tib ketgan» holda, tushunarsiz holatda namoyon bo‘ladi. Bunga muvofiq ravishda idrok jismi, yoki ob’ekti, va bizga, bir vaqtning o‘zida o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi, lekin orqa planga o‘tib ketgan boshqa jismlardan iborat bo‘lgan fon ajratiladi. Masalan, kitob javonidan biror kitobni oladigan bo‘lsak, biz boshqa ko‘pgina kitoblarni idrok etamiz, lekin idrok predmeti, ob’ekti bo‘lib, bizga ayni damda zarur va biz izlayotgan kitob hisoblanadi.
Dastlab figura (jism) va fon o‘rtasidagi farq tasviriy san’atda yuzaga kelgan. Psixologiyada ushbu muammo mustaqil muammo sifatida daniyalik psixolog E. Rubin tomonidan ko‘rib chiqilgan edi. Yakka holatdagi, oldinga chiqqan, e’tiborni o‘ziga qaratuvchi hodisaviy maydon qismiga figura, uni o‘rab turuvchilarning barchasi esa fon deb aytiladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, jism va fonning nisbati – bu dinamik nisbat. Ayni vaqtda fonga tegishli bo‘lganlar ma’lum vaqtdan so‘ng jismga, va, aksincha, jism fonga aylanishi mumkin. Bunga isbot sifatida rasmdagi ikkilangan tasvirlarni keltirish mumkin.
Jismni fondan ajratib olish, avvalambor, ular o‘rtasidagi farqning darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Jism va fon bir-biridan qanchalik ko‘p farq qilsa, jism fondan shunchalik oson ajraladi. Xuddi shunday, fon va jism o‘rtasidagi ranglar, ayniqsa, bir-biridan keskin farq qiluvchi ranglar bo‘yicha tafovut muhim ahamiyatga ega. Masalan, sinf taxtasida bo‘r bilan yozilgan so‘z yaqqol ko‘rinadi, o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi daftarida u yozadigan siyoh bilan tuzatilgan xato esa umuman sezilmasligi mumkin. Agar jism o‘xshash jismlar qurshovida bo‘lsa, uni ajratib olish qiyinchilik tug‘diradi. Agar daryo boshqa daryolarning oqimlari bilan o‘ralgan bo‘lsa, xarita bo‘yicha uning oqimini kuzatib bo‘lmaydi.
Jismni fondan ajratib olishni, birinchidan, jismning aniq obrazi bo‘lgan ob’ekt haqida ma’lumotga ega bo‘lish osonlashtiradi. Ikkinchidan, jismni fondan ajratish jism shaklining ustidan chizib chiqish yoki jismlarni qo‘l bilan saralash imkoniyatini engillashtiradi. Uchinchidan, jismni fondan ajratib olish o‘xshash faoliyat tajribasini orttirishni engillashtiradi.
Jismni yaxlitligicha idrok qilish bilan birga, uning alohida qismlarini ham idrok etamiz. Bu ikkala tomon ham o‘zaro uzviy bog‘liqlikda bo‘ladi: yaxlitlikni idrok qilish uning qismlarini idrok qilish bilan belgilanadi, yaxlitlikning o‘zi ularning idrok etilishiga ta’sir etadi.
Barchaga ma’lumki, jismning biror qismini o‘tkazib yuborsak yoki uni noto‘g‘ri talqin qilsak, yoki haqiqatda unga tegishli bo‘lmagan qismni uning qismi sifatida idrok etsak, jismning idrok etilishi keskin o‘zgarib ketadi. Bunday vaziyatlarda jismni o‘z holicha qabul qilolmaymiz. Masalan, boshqa so‘zlar bilan o‘xshash bo‘lgan va alohida yozilgan so‘zga bir qarashda («chol», «mol» va boshqa so‘zlar bilan o‘xshash bo‘lgan «pol» so‘zi), agar harflardan biri noaniq yozilgan bo‘lsa, uni noto‘g‘ri talaffuz qilib o‘qishimiz mumkin («pol» so‘zining o‘rniga - «gol»).
Ob’ektga tegishli qismlar umuman idrok etilmasa yoki noaniq idrok etilsa, yoki ayni damda idrok etilmay qoladigan bo‘lsada, shunga qaramay jismni tanib olamiz. Bu holat har bir jism faqat unga xos bo‘lgan tanish belgilariga ega bo‘lganligidan sodir bo‘ladi. Masalan, alohida harflari tushirib qoldirilgan so‘z keltiramiz «..z..li.». Darhol bu so‘zni, albatta, topa olmaysiz, chunki uning tanish belgilari bo‘lgan harflar tushirib qoldirilgan. Endi o‘qib chiqishga urinib ko‘ramiz: «go‘z.l.ik». SHunday qilib, alohida qismlarning idrok etilishi yaxlitlikning idrok etilishiga ta’sirini ko‘rib chiqdik.
Alohida qismlarning idrok etilishi yaxlitlikning idrok etilishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida savol tug‘iladi. Bu ta’sir, avvalambor, yaxlitlikni idrok qilishda undagi ba’zi bir qismlarining etishmayotganini sezmay qolishimiz mumkinligida kuzatiladi. Masalan, kitob mutoalasida ba’zan tushirib qoldirilgan, ortiqcha harflarni, ularning o‘rin almashganini sezmay qolamiz. Bunday holat o‘qish malakasining yuqori darajasidagi har bir so‘zning yaxlitligicha idrok etilishida kuzatiladi, bu esa uning alohida qismlarining yorqin ranglarda idrok etilishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Adabiyotlar: 1.G‘oziev E.G. Umumiy psixologiya. Toshkent. 2002.1-2 kitob.
2. A.X.Югай, Н.А.Мираширова “Общая психология” – Tашкент 2014.
3. Дружинина В.. “Психология “. Учебник. “Питер”, 2003.
4. Болотова А.К., Макарова И.В. Прикладная психология: учебник для вузов. –М., Аспект Пресс, 2002. – 383с.
5. Psychology David G. Myers Hope College Holland, Michigan