Birinchidan, navbatlarni tezlashtirish yoki chetlab o‘tish uchun turli xil korruptsiya manbalarini qidirish zaruratini yo‘q qiladi.Chunki, ishni tez hal etishi kerak bo‘lgan odam navbatga qo‘ymaslik va muddatni kutishning turli yo‘llarini izlaydi, bu esa korrupsiya va qonunbuzarlik xavfini oshiradi.
Ikkinchidan, favqulodda vaziyatlar xizmati xodimi, uning asbob-uskunalari va boshqa zarur jihozlari DHS byudjetiga qo‘shiladi va ular ma’lum mablag’lar hisobidan moliyalashtirilishi kerak.
Uchinchidan, bu xizmatlar umumiy xizmat ko‘rsatish jarayoniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, ya’ni mijozlarning umumiy navbatdagi tartibi o‘zgarmaydi.
To‘rtinchidan, agar tezkor xizmat ko‘rsatuvchi provayder alohida tarif asosida mavjud bo‘lsa, u umumiy navbatdagi mijozlarga ham xizmat ko‘rsatishi mumkin, bu esa navbatlarning qisqarishiga olib keladi.
Beshinchidan, bu tizim butun dunyoda keng qo‘llaniladi va o‘zining samaradorligini isbotladi. Masalan, Gollandiyada yo‘qolgan pasportni tiklash uchun oddiy pasport 74 yevro, tez tiklash esa 124 yevro turadi.
Oltinchidan, ushbu turdagi xizmatlardan tushgan mablag’lar DHMlarni ishlab chiqishga yo‘naltiriladi .Chunki tizim axborot texnologiyalari va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi yangiliklarni doimiy va tez joriy etish hamda xodimlar malakasini muntazam oshirib borishni taqozo etadi, bu esa katta mablag’ talab etadi. Elektron davlat xizmatlari deyarli 30 yillik tarixga ega. 1994-yilda Niderlandiyada, 1997-yilda Avstraliyada va 2005-yilda Kanadada joriy etilgan tizimdir.
2.4. Mehnat bozori va shaharning iqtisodiy o‘sishi
Bozorlar orasida mehnat bozori alohida o‘rin tutadi. Bozor iqtisodiyotining ajralmas va muhim tarkibiy qismi - mehnat bozoridir. Aynan mehnat bozori orqali g’oyat muhim milliy resurs bo‘lgan mehnat mintaqalar, tarmoqlar, firmalar va kasblar bo‘yicha taqsimlanadi. Shu bozorda uning bahosi ham belgilanadi.
Mehnat bozori ish bilan bandlikni tartibga solishda faol rol o‘ynaydi. Mehnat bozorida asosiy milliy resurs ishchi kuchi shakllanadi hamda korxonalar, tarmoqlar va mintaqalar bo‘yicha taqsimlanadi.
Mehnat bozori iqtisodiy faol aholining ish bilan bandligini, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasiga jalb etilishini ta’minlaydi. U xodimning o‘zi uchun yanada mosroq ish joyiga o‘tishini yengillashtiradi. Mehnat bozori orqali korxonalar zarur miqdorda va talab qilingan sifatga ega ishchi kuchi bilan ta’minlanadi. Mehnat bozori qanday kadrlar, mutaxassislar, kasblarga talab borligini, ulardan qandaylari ortiqchaligini ko‘rsatadi. Mehnat bozorida raqobatning mavjud bo‘lishi, bir tomondan, yollanma xodimlar o‘z professional mahoratini o‘stirishi va kengaytirishini, malakasini oshirishini rag’batlantiradi, ikkinchi tomondan, ish beruvchilarni qulay mehnat va unga haq to‘lash sharoitlarini yaratish hamda saqlab turishga undaydi.
"Mehnat bozori" tushunchasi bo‘yicha turli xil nuqtai nazarlar mavjuddir. Ba’zi birlari mehnat bozorini ish haqi va daromadlarning erkin harakati orqali ishchi kuchining taklifi va mehnatga bo‘lgan talabini o‘z-o‘zidan tartibga solinish mexanizmi kabi aniqlaydilar. Boshqalarning fikriga ko‘ra esa, mehnat bozori yollanib ishlashni xohlovchilar va ish beruvchilar ehtiyojini kelishilgan vositachi orqali talab va taklifini qondirish uchun sharoit yaratadi va ishchi kuchini oldi-sotdi jarayonini bevosita tartibga solib turmaydi, deb tushuntiradilar. I.S.Maslovaning aniqlashicha, mehnat bozori - bu mulkchilik sub‘ekti, ishchi kuchi va ish joyi taklifining nisbati va tuzilishini, ishlovchiga va yollanib ishlanadigan ishga talab hajmini shakllantira borib, ishlab chiqarish omillariga (mehnat vositalari va ishchi kuchi) o‘zaro ta’sir etadigan dinamik tizimdir3.
Mazkur bozorning asosiy unsurlari, - bu talab va taklif, ishchi kuchi qiymati va uning bahosi hamda raqobat hisoblanadi. Mehnat bozori mexanizmini ishga solish masalasi ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha ish beruvchilar o‘rtasidagi, ijtimoiy mehnat taqsimoti tizimidagi bo‘sh ish joyini egallash bo‘yicha ishlovchilar o‘rtasidagi hamda mehnat shartnomasi va ish haqi sharoitlari bo‘yicha ishlovchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi raqobat hisoblanadi.
Ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi nisbat mehnat bozori kon‘yunkturasini ifodalaydi. Bu esa o‘z navbatida turli xil omillar ta’siri ostida, ya’ni, ishchi kuchining umumiy tengligida, ortiqchalikda va yetishmovchiligida shakllanadi, bundan tashqari yollanib ishlovchilar sifatida turli xil aholi guruhlarining teng bo‘lmagan holatini aks ettiradi. Amalda ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifning umumiy tarkibiy tengligiga erishish juda qiyin. Mehnat bozori kon‘yunkturasi ishchi kuchining bahosiga bevosita ta’sir etadi, bu esa o‘z navbatida amaldagi bozor bahosiga bog’liq holda o‘zgarib turadi4.
Mehnat bozori turli xil vazifalarni bajaradi. U mehnat munosabatlari subyektining iqtisodiy manfaatlarini kelishish vositasi, ijtimoiy takror ishlab chiqarish muvofiqligini shakllantirish va o‘zgarish mexanizmining organik qismi bo‘lib hisoblanadi. Mehnat bozorini taqsimlash munosabatlari va mehnatni rag’batlantirish, ishlovchilarning kasbiy, malakaviy tarkibini shakllantirish vositasidir, u shaxsiy mehnat shijoatini ishga solish sharoitiga bevosita ta’sir etadi.
Shunday qilib, to‘laqonlik shakllangan mehnat bozorini yuzaga keltirish hozirgi sharoitda zamonaviy shakldagi bandlik tamoyillariga mos keladigan ijtimoiy tashkil etish va tartibga solishning murakkab obyekti sifatida namoyon bo‘ladi.
Mamlakatimizda oqilona bandlik shakllanar ekan, bu jarayonning chuqurlashuvi va rivojlanishi mintaqaviy mehnat bozorini ham vujudga kelishiga olib keladi. Oqilona bandlik tizimini shakllantirishning muhim mexanizmi hisoblangan mintaqaviy mehnat bozorining shakllanishi va rivojlanishini tadqiq etish yanada chuqur ilmiy, amaliy ahamiyatga egadir. Shahar mehnat bozorini o‘rganish mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy majmualar faoliyatining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganishda ham muhim asos bo‘ladi. Milliy iqtisodiyotda ishlab chiqarish va ijtimoiy soha majmualari bilan birga mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy majmualar ham faoliyat ko‘rsatadi. Bu majmualarning shakllanishi alohida hududlar ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi uchun tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar va omillar majmuining mavjudligi bilan izohlanadi.
Alohida mintaqalar turli tarmoqlar va ishlab chiqarish turlarini rivojlantirish uchun tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar bo‘yicha bir-biridan keskin tafovutda bo‘ladi. Ma‘lum hududdagi ishlab chiqarish faoliyatining tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa xususiyatlari xo‘jalik rivojlanishining tarkibi, yo‘nalishi. sur‘atlari, miqyoslari va proporsiyalariga faol ta’sir ko‘rsatadi va pirovard natijada mamlakat iqtisodiyotining hududiy tarkibini shakllantiradi.
O‘zbekiston iqtisodiyotida ichki respublika mintaqalarining tutgan o‘rni va roliga baho berish uchun ularning jami aholi soni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlaridagi salmog ‘ini tahlil qilish lozim.
Bugungi kunda O‘zbekiston hududini iqtisodiy rayonlarga ajratish bo‘yicha yagona yondashuv mavjud emas. Ayrim iqtisodchi-olimlar fikricha, respublikani 6 ta iqtisodiy rayonga ajratish maqsadga muvofiq:
1. Toshkent (Toshkent shahri va Toshkent viloyati);
2. Farg ‘ona (Farg ‘ona, Andijon viloyatlari);
3. Zarafshon (Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari);
4. Mirzacho‘l (Sirdaryo va Jizzax viloyatlari);
5. Janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari);
6. Quyi Amudaryo (Qoraqalpog ‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati).
Ba‘zi manbalarda Zarafshon iqtisodiy rayoni Markaziy, quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni Orolbo‘yi nomi bilan ataladi. Shu bilan birga hozirgi vaqtda O‘zbekistonda iqtisodiy rayonlashtirishning quyidagi tasnifi ko‘proq qo‘llanilmoqda:
1. Toshkent iqtisodiy rayoni;
2. Jizzax-Sirdaryo iqtisodiy rayoni;
3. Farg ‘ona iqtisodiy rayoni;
4. Samarqand-Qashqadaryo iqtisodiy rayoni;
5. Buxoro-Navoiy iqtisodiy rayoni;
6. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni;
7. Surxondaryo iqtisodiy rayoni5.
Shahar mehnat bozori - ma’lum bir hudud ishlab chiqarishi va ijtimoiy ishlab chiqarish infrastrukturasida, ishlab chiqarishning turli sohalaridagi xo‘jaliklarda faoliyat ko‘rsatadigan mehnatga layoqatli aholining band bo‘lmagan qismi va ish beruvchilar bilan ikkala tomonning manfatlarini hisobga olgan holda, mehnat shartnomasi asosida hamda ish joylari bilan shahar mehnat resurslarining muvozanatini shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan mehnatga bo‘lgan qobiliyat bilan yollanma shaklda band bo‘lganlar o‘rtasidagi olish-sotish faoliyatini amalga oshiradigan bozor iqtisodiyotining bir bo‘lagidir.
Aholining malakaviy bandligi muammolarini hal etish iqtisodiyot rivojining muhim omillaridan biridir. Mutaxassis qachonki kasbi va malakasi bo‘yicha o‘z o‘rnini topib faoliyat ko‘rsata bilsa, o‘sha joyda uning ishi sifatli va mehnat unumdorligi yuqori bo‘ladi. Chunki kishi kasb o‘rganar ekan, u albatta o‘zi sevgan yo‘nalishga ixtisoslashadi hamda bu sohada qiziqish va mehr bilan ishlaydi.
Iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan ta’minlash va boshqarishdagi ma‘muriy-buyruqbozlik usullaridan voz kechish bozor munosabatlariga mos keladigan kadrlar salohiyatiga ta’sir etishning yanada tadbirli vosita va shakllariga o‘tishni zaruriyat qilib qo‘yadi. Ammo biz avvalgi boshqarish muassasalarini tugatib, bozor iqtisodiyoti qonunlari, ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif hamda uning qiymati kabilarga asoslangan kadrlar va ishchi kuchlarini takror ishlab chiqarishni tartibga solishda yangicha yondashishlarni mohiyati va shaklini oxirigacha anglab yetmadik.
Kadrlar bozorini o‘rganuvchi mutaxassislarning fikricha, qachonki hozirgi zamon sharoitida ishlashni istaydiganlar jami kadrlar potensialining 20-30% ni tashkil etsagina, kadrlar tarkibida qayta qurishning samarasi bo‘ladi. Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ishlovchilarning umumiy sonida oliy va o‘rta ma‘lumotli mutaxassislar hamda hunar-texnika bilim yurtlarini bitirgan shaxslarning salmog‘i faqatgina 40% ni tashkil etadi. Agrar sohaning 22% ishchilari hunar-texnika bilim yurtlarini bitirganlardan iborat. Ammo shaharlarda oliy ma‘lumotli kadrlar salmog‘i yuqori. Oliy ma‘lumotli mutaxassislarning shaharga intilishi qishloq va tumanlarning shaharlashishiga tusqinlik qiladi. Buning sababi shahar tovarlarining jozibadorligidir. Chunki har bir inson yaxshi yashashga intiladi. Bu esa shaharlarda shakllanmoqda.
Shahar mehnat bozorini shakllantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishida malakli xodimlar taklifini oshirish ham muhim o‘rin tutadi. Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida xodimlar malakasi avvalo, chuqur umumta‘lim, texnikaviy va kasbiy bilim, ustakorlik, malakaviy harakatchanlik, tirishqoqlik, uddaburonlik kabi hislatlarni ifoda etadi. Malakaning bilim orttirishdagi ahamiyati shundan iboratki, unda ta‘lim berishning maqsadi, tartibi, mazmuni va tashkil etishni belgilaydigan xodimlarni tayyorlashning tub mohiyati yakdillik bilan yig‘ilgan holda ifoda etiladi.
Shahar mehnat bozoridagi talab - shahar iqtisodiyot tarmoqlari, ishlab chiqarish ijtimoiy infratuzilmasi va shahar tovarlari ishlab chiqaruvchi sohalarning mehnat bozoriga buyurtma, ish haqi fondi, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan keladigan daromadi va boshqa hayotiy vositalar bilan ta’minlangan ishchi kuchiga bo‘lgan hajmiy va tarkibiy ehtiyojini aks ettiradi. Haqiqatdan ham bunday bozorda talabga ega bo‘lish uchun mintaqadagi ishchi kuchi ma’lum bir miqdorda kasbiy, aqliy va jismoniy qobiliyatlarga ega bo‘lishi lozim.
Shahar mehnat bozoridagi taklif - kasbiy malaka va ko‘nikmasiga tayangan holda aqliy va jismoniy qobiliyatining safarbar etiladigan mehnati bilan yollanib ishlash shartiga binoan ishga kirishdan manfaatdor bo‘lgan mintaqadagi mehnat resurslarining (soni, jinsi, yoshi, ma ‘lumoti, kasbi, malakasi, millati, unumdorligi, daromadi va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha) mikdor va sifat tarkibini ifodalaydi.
Yuqorida ta‘kidlab o‘tilgan mehnat bozorida ishchi kuchiga talab va taklifning nisbatini aniqlovchi omillar va shart-sharoitlar shahar aholisining ish bilap bandligi siyosatinipg ijtimoiy-iqtisodiy yunalishlari va tamoyillari bilan raqobatga (yoki ziddiyatga) kirishishi mumkin. Bu holda mintaqaviy mehnat bozorida salbiy an‘analarga qarshi harakat qiluvchi tadbirlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish va o‘tkazish alohida o‘ringa ega.
Ish haqining asosida nima yotadi: mehnat qiymatining haqiqiy bahosimi, "Ko‘payayotgan" kapitalni yoki ishlovchining takror ishlab chiqarishini ta’minlaydigan ish haqi kafolatimi? Mehnat bahosi kapitalning rivojlanishi bilan qanchalik bog’liq bo‘lsa, uning unumdorligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi, ya’ni bu ham begona kishining boyligini ko‘paytirish hamda o‘zining shaxsiy turmush farovonligini oshirishning samarali imkoniyatidir. Va teskarisiga, ya’ni ish haqi bilan kafolatlarning bog’liqligi qanchalik mustahkam bo‘lsa, ishlab chiqarishda va boshqarishda bandlik shu qadar barqaror bo‘ladi.
Mehnat bahosi, agar bu ishchi shaxsan mo‘ljallangan kapitalning uzgaruvchan qismi bo‘lsa, unda u eng yaxshi bandlik sharoitlari uchun raqobatni rivojlantiradi va qo‘llab-quvvatlaydi, uddaburon, tirishqoq, bozor iqtisodiyotining ijodkor novatorlarini rag’batlantirish hamda aksincha, qoloq va raqobatga bardosh beraolmaydiganlarni siqib chiqarish orqali ishchi kuchi harakatini boshqaradi.
Shahar mehnat bozorida malakali mehnatning bahosi albatta uni to‘la takror ishlab chiqarishi uchun va har tomonlama rag’batlantirish uchun yetarli bo‘lmog‘i lozim. Ishlovchi malakali mehnat bilan past malakali mehnatga to‘lanadigan ish haqi o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rmog‘i lozim.
Barcha taraflarni qoniqtiradigan normal ish haqini o‘rnatish o‘ta murakkab ish. Har tomonlama teng sharoitda mehnat bozorida talab va taklifni bir-biriga to‘g’ri kelishi, ish haqida tenglik darajasi yuzaga kelgan taqdirdagina erishiladi.
Ushbu tenglik bozor qonunlari asosida amalga oshirilsa, shaharda yashovchi oddiy aholining daromadi kamayib boradi. Shu bois ish beruvchilar, hukumat va kasaba uyushmalari o‘rtasida ish haqi to‘g’risidagi munozaralarda keng qo‘llaniladi. Odatda, ish beruvchilar ish haqining har qanday oshirilishi ishsizlikni keltirib chiqaradi, deb ta’kidlaydilar. Haqiqatda esa, mehnat bozoriga muayyan bir ta’sir o‘tkazish ish haqini muvozanatdan yuqori oshishiga olib keladi. Masalaning qiyin tomoni ham shundaki, ish haqining muvozanat darajasini aniqlash o‘ta mushkul ishdir. Ish haqi miqdorining ishchi kuchi qiymati miqdoriga mos kelishi tamoyilidan kelib chiqqan holda ish haqini tashkil etishning nihoyatda muhim jihati - bu albatta turli darajadagi malaka talab etadigan oddiy va murakkab mehnatga mehnat haqini zaruriy mutanosibligini ta’minlashdir.
Dostları ilə paylaş: |