2.4. XMTning zamonaviy G‘arb nazariyalari XMTni modernizatsiya qilish sohasidagi G‘arb tadqiqotlarini shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin:
«o‘zaro bog‘liqlik» konsepsiyasi va uning turli ko‘rinishlari;
XMTning mavjud modellarini qayta qurish bo‘yicha aniq tavsiyalar va rejalar. XX asrning 70-yillari o‘rtalarida yaratilgan «o‘zaro bog‘liqlik» konsepsiyasida ilgari surilgan g‘oyalar eng keng tarqalgan. Ular mehnat taqsimotiga oid yangi va optimal nazariyalarning asosi bo‘lib qoldi. Ushbu g‘oyalar ba’zi sanoat jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan rasmiy doktrina sifatida qabul qilindi.
«O‘zaro bog‘liqlik» konsepsiyasi vakillaridan biri – gollandiyalik iqtisodchi K.Nuvenxuze o‘z fikrlarini tasdiqlashda, avvalo, barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan ekologik omillarga murojaat qiladi. K.Nuvenxuze ularga atrof muhitning barqaror emasligi va yerdagi tabiiy resurslarning cheklanganligini kiritadi.
Uning fikricha, rivojlangan mamlakatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan xomashyo bo‘yicha, rivojlanayotgan mamlakatlar esa rivojlangan mamlakatlarga nisbatan texnika, texnologiya va h.k.lar bo‘yicha qaram. Demak, ular o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va «o‘zaro tazyiq» mavjud. K.Nuvenxuze xalqaro mehnat taqsimotini yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qurish kerak, deb hisoblaydi. Bu nazariya boshqa mamlakatlarda haqqoniy tanqidga uchradi.
Yana bir iqtisodchi R.Kuper (AQSh) ham o‘zaro bog‘liqlik masalasiga murojaat qiladi va uni turli yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi. Uning fikricha, o‘zaro bog‘liqlikning to‘rt turi mavjud:
Tarkibiy – mamlakatlar bir-birlariga nisbatan qanchalik ochiq va o‘zaro bog‘liq bo‘lsa, bir mamlakat iqtisodiyotida ro‘y berayotgan o‘zgarish ikkinchi mamlakat iqtisodiyotida ham o‘z aksini topadi.
Iqtisodiy siyosat sohasidagi maqsadlar borasidagi o‘zaro bog‘liqlik.
Iqtisodiy rivojlanishning tashqi omillari borasidagi o‘zaro bog‘liqlik.
Siyosiy o‘zaro bog‘liqlik.
Sanoat jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlar esa yuqori malakali ishchi kuchi talab qilinadigan va fan-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot sohalariga ixtisoslashishlari lozim.
Bu nazariya amaliyotda asta-sekin amalga oshirilmoqda. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlarga jalb etilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishidagi xorijiy kapitalning umumiy hajmida qayta ishlash sanoatiga yo‘naltirilgan kapital ulushi ortib bormoqda. Shu bilan birga «zararli» ishlab chiqarishning rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘chish jarayoni ro‘y bermoqda.
Tarmoqli ixtisoslashuv quyidagi uch bosqichli sxema bo‘yicha amalga oshmoqda:
rivojlangan mamlakatlar, asosan, nisbatan malakali mehnat va zamonaviy texnologiyalar talab qiluvchi tovarlar ishlab chiqarishmoqda;
rivojlanayotgan mamlakatlarning ba’zilari (kam rivojlanganlari) mehnat sig‘imkorligi yuqori mahsulotlarni ishlab chiqarish va jahon bozoriga xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashmoqda;
sanoat jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlar kapital sig‘imkorligi yuqori bo‘lgan texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni kuchaytirishga intilmoqda.
1 Vaxabov A.V. va boshqalar. Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar. Darslik. – T.: Fan va texnologiya. 2015 y. 651 b.