4.1.2. Himoya qatorining o’yinchilari Qanot himoyachilari.
Hozirgi futbolda qanot himoyachilarining vazifalari kengayib ketdi. Ularning vazifasi endilikda raqib hujumini "buzish" dangina iborat bo’lmay, balki himoyada ishonchli va mohirona o’ynash bilan o’z jamoasining hujum harakatlariga faol qo’shilishni uyg’unlashtirib olib borishdan iborat bo’lib qoldi. Ish hajmining juda ortib, harakat turlarining ko’payib ketishi himoyachilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi ortishini - kuchi, tezkorligi, tezlik chidamliligi, epchilligi, sakrovchanligi, start tezligining yuksakligi rivoj topishini talab qilib qoldi. Bu o’yinchilarning harakat muvofiqligi yaxshi bo’lishi, yerda va havoda mohirona yakkama-yakka tortisha olishlari kerak. Ular jamiki texnik usullarni yaxshi bilishlari, raqiblarga mohirona bas kelib, himoya va hujumni uyushtirishda kerak vaqtida, bilib birgalashib harakat qilishlari kerak.
Mudofaada qanot himoyachilariga bo’lgan asosiy talablar: a) zonada mohirona harakat qilish;
b) raqib darvozasiga yaqinlashib qolganda, qattiq qo’riqchilik qilishga o’tish (yakkama-yakka kurashda ham mohirona o’ynash bilan birga);
v) havoda kurash olib borish (yuqoridan to’p uzatilganda);
g) sheriklarini, lozim bo’lib qolganda esa darvozabonni ham straxovka qilish;
d) raqib zarba berganda va to’p uzatganda, shunga yarasha vaqtida harakat qilish.
Hujumda qanot himoyachilariga qo’yiladigan asosiy talablar: a) to’pni raqiblardan olib qo’ygandan keyin uni sheriklariga vaqtida va aniq uzatib berish;
b) to’p jamoadosh sherigiga yoki darvozabonga o’tganda, qanot tomonda mohirlik bilan ochilish;
v) raqib uchun kutilmaganda hujumga qo’shilish; bunda to’p shu himoyachida bo’lib, u qanotda harakat qiladi, shuningdek, qanot hujumchisi bilan o’rin almashadi yoki qanotdagi zona bo’sh qolganda, shu hujumchi o’rnida o’ynaydi.
Markaziy himoyachilar.
Mudofaaning markaziy qismida o’ynaydigan futbolchilar haqli ravishda asosiy o’yinchilar hisoblanadi. Chunki ular darvoza zabt etiladigan eng xavfli joyda raqib bilan kurash olib boradilar.
Qanot himoyachilarining jismoniy va texnik fazilatlariga qo’shimcha tarzda markaziy himoyachilar havoda kurasha olish uchun baland bo’yli va juda sakrovchan ham bo’lishlari kerak.
Oldingi markaziy himoyachi o’ziga topshirilgan vazifa bilan zonada harakat qilishni mohirona uyg’unlashtirib olib borishi kerak. O’ziga topshirilgan o’yinchini nazorat qilib borish uning uchun birinchi galdagi vazifa bo’lib, zonada harakat qilish ikkinchi navbatdagi vazifadir.
Oldingi markaziy himoyachi mudofaada markaziy hujumchining harakatlarini e’tibor bilan kuzatadi, zarur bo’lganda esa orqa himoyachi bilan o’rin almashib, mudofaadagi sheriklarini straxovka qiladi. Hujumda u to’p olgandan keyin hujum harakatlariga qo’shilib, tezlik bilan olg’a boradi yoki sheriklariga to’p oshirib beradi. Ayrim paytlarda ikkinchi eshelondagi hujumni qo’llaydi va iloji bo’lsa darvozaga to’p tepadi.
Orqa chiziq markaziy himoyachisi taktik sharoitni nozik did bilan tushunishi, raqiblarining taktik yo’llarini "o’qiy" olishi hamda to’pni egallab olish va sheriklarini straxovka qilish uchun mudofaada to’g’ri pozisiya tanlashi kerak. Uning asosiy ishi - mudofaa qiluvchilarning hamma harakatlarini muvofiqlash, zonada o’ynash, darvozabon va sheriklar bilan hamkorlik qilish. Sun’iy "o’yindan tashqari holat" ni to’g’ri uyutirishga hammadan ko’p javob beradigan ham shu o’yinchidir.
Hujumga o’tayotganda, orqa chiziq markaziy himoyachisi darvozabon yoki sheriklaridan to’p olish uchun ochiq joyga chiqadi, keyin esa aniq va xilma-xil uzatishlar qilib, hujumning davom ettirilishiga imkon yaratadi. Keskin holatlar yaratishda nisbiy erkinlikdan maksimal foydalanishga intilib, gohida uning o’zi ham hujumga qo’shiladi, ba’zan esa uzoq yoki o’rtacha masofadan to’p tepib, hujumni yakunlaydi. Hozirgi vaqtda himoyachilarning vazifalari universallashuv tomon taraqqiy etib, ularning harakatlari yarim himoyachi va qanot hujumchilarining harakati bilan yaqinlashib bormoqda.