SHAXSNING KASBIY TARAQQIYOTIDA KASBIY SIFATLAR VA KASBIY IDENTIFIKATSIYAKo’pgina jahon va xorij olimlarining ta’kidlashicha, bugungi kunda kasbiy sifatlarning shakllanishi o’zining ahamiyatlilik darajasiga ko’ra inson ehtiyojlari orasida birinchi o’ringa ko’tarilmoqda. Bu tushuncha ijtimoiy nazariya va amaliyotning muammolari majmuasi bilan bog’liq bo’lib, psixologiyaning markaziy qismidan joy olgan. Kasbiy sifatlarning iqtisodiy, ijtimoiy, ijtimoiy- madaniy sharoitlar ta’sirida o’zgaruvchi alohida turlari tadqiq qilingan.
Ijtimoiy dinamika faqatgina ijtimoiy rollarning o’zgarishi bilan emas, balki sifatli, egiluvchan va yetarli darajada tezkor mutaxassislarni tayyorlashga nisbatan yangi talabning paydo bo’lishi bilan ham bog’liqdir. Maishiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohadagi yangi muammolar doimo kasbiy mezonlarni taraqqiyotini talab qiladi va bu esa soha mutaxassislarini kasbiy o’zini o’zi anglash, shaxsning kasbiy shakllanishi muammolarini nazariy g’oyalar bilan boyitishga nisbatan intilishlarini kuchaytiradi.Zamonaviy tadqiqotlarda kasbiy sifatlar shaxs kasbiy taraqqiyotining asosiy mezoni va mehnat sub’ektining yetakchi xarakteri sifatida ajratib ko’rsatilmoqda. Ushbu nuqtai nazar jahon mehnat psixologiyasidagi mavjud kasbiy taraqqiyot mezonlarini xodimning samarali faoliyati darajasidan mutaxassisning tavsifnomasi darajasigacha rivojlanishini mantiqiy yoritilishi hisoblanadi. Mutaxassis mehnat sub’ekti sifatida xodimdan farqli ravishda uning o’zi faoliyat maqsadini qo’yadi, unga erishish yo’li va vositalarini aniqlaydi, faoliyat natijasiga nisbatan mas’uliyatni o’z zimmasiga oladi. U faoliyatni to’liq boshqaradi, turli amaliy vaziyatlardan chiqish yo’llarini biladi, faoliyatni tashkil qilish, uning o’zgarishi va taraqqiyotini oldindan ko’ra bilish qobiliyatiga egadir.Zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashdagi asosiy muammolar orasida ikkita predmetli sohani alohida ajratib ko’rsatish muhimdir: “kasbiy sifatlar” va “kasbiy taraqqiyot”. Kasbiy sifatlar insonning butun umrida unga hamroh bo’ladigan va hayot faoliyati davomida muhim o’rin tutadigan “Men kimman?” degan ongli savolga asosiy e’tiborni qaratadi. Taraqqiyot esa kasbiy o’sishga, ishning sifatini ortishiga,izlanishlardagi kashfiyotlarga, qaror qabul qilishdagi egiluvchanlikka yo’naltirilgan bo’ladi.Kasbiy shakllanishda kasbiy sifatlar va taraqqiyot bir-biri bilan chambarchas bog’liqdir: kasbiy sifatlar bir tomondan kasbiy taraqqiyot jarayonida shakllansa, boshqa tomondan - shaxsning mutaxassis sifatida namoyon bo’lishining muhim ko’rsatkichi hisoblanadi. Amaliy jihatdan bu quyidagilarni anglatadi: yangi ijtimoiy- iqtisodiy dinamik sharoitda o’z sha’niga ega bo’lish uchun, raqobatda sinmaslik uchun, farovon kelajakni ta’minlash uchun mutaxassis doimiy rivojlanishda bo’lishi, qolaversa, ijtimoiy va mehnat sharoitida o’zining mavqeini tahlil qilib borishi lozim. Shuning uchun kasbiy sifatlarni tadqiq qilishning zamonaviy yo’nalishi shaxsning ijtimoiy va kasbiy taraqqiyoti jarayoni bilan bog’liq jihatlarni o’rganish hisoblanadi.
Kasbiy shakllanish individning mutaxassisga aylanishi sifatida insonning o’zi haqidagi, kasbiy va ijtimoiy muhitdagi mavqei haqidagi tasavvurlarining o’zgarishi, qolaversa, yangi kasbiy sifatlarni o’zida tarkib toptirishi, keng ma’noda aytadigan bo’lsak - shaxsning kasbiy o’zini o’zi anglashi bilan hamohanglikda kechadigan jarayondir. Kasbiy shakllanish inqirozlari davrida kasbiy sifatlar yaqqol namoyon bo’ladi.
Kasbiy sifatlar muammosiga qiziqishlarning ortishiga qaramasdan, bu fenomenning tabiati, tuzilishi, dinamikasi va funksiyalari haqidagi savollar bir qancha chalkashliklarga egadir. Bunga asosiy sabab bu muammoning, ayniqsa, shaxs umumiy tuzilishida kasbiy sifatlar o’rnida qo’llaniluvchi ijtimoiy sifatlarni kam o’rganilganligi bilan bog’liqdir. Kasbiy sifatlar muammosini tadqiq qilish uchun eng avvalo bu voqelik shaxs sifatlari tizimida qanday o’rin egallashini, qolaversa, shaxsning kasbiy va ijtimoiy o’zini o’zi anglashida qanday rol o’ynashini tushunib olish lozim.
Dostları ilə paylaş: |