Ijtimoiy-gumanitar



Yüklə 2,89 Mb.
səhifə6/8
tarix25.12.2019
ölçüsü2,89 Mb.
#30014
1   2   3   4   5   6   7   8
4-5 maruza matni dars rejasi - 2-qism


1967-yilgi 6 kunlik arab-Isroil urushida armiyaga boshchilik qiladi. 1968-yil yanvar-da qurolli kuchlardan iste’foga chiqib, 1968–1973-yillarda AQSHda Isroil elchisi sifati-da faoliyat yuritadi. 1973-yil martda Knesset deputati etib saylanadi. 1974-yil aprelda G.Meir hukumati iste’fo bergach, “Mehnat” partiyasi I.Rabinga yangi hukumat tuzishni topshiradi. Bir ozdan keyin 1977-yil aprelda I.Rabin bosh vazir va partiya yetakchisi la-vozimidan iste’foga chiqadi.

Yetti yillik tanafusdan so`ng, 1984-yil “Likud” (“Birlik”) partiyasi va “Mehnat” par-tiyasidan iborat bo`lgan “Milliy birlik” hukumatiga mudofa vaziri sifatida siyosatga qaytadi. 1992-yil fevralda Sh.Peres o`rniga “Mehnat” partiyasi yetakchisi lavozimini egallaydi. Shu yili “Mehnat” partiyasi saylovlarda muvaffaqiyat qozonadi va uch parti-yadan iborat koalitsion hukumat tashkil topgandan so`ng, I.Rabin 1992-yil 13-iyulda bosh vazir lavozimini egallaydi. 1993-yil sentabrda Y.Arofat bilan G’azo sektori va Ior-dan daryosining g`arbiy sohilidagi Iyerixon shahridan Isroil qo`shinlarini olib chiqishni ko`zda tutuvchi va Falastinning o`zini-o`zi boshqarish huquqini cheklovchi kelishuvni tuzadi.

I.Rabin 1995-yil noyabr oyida Tel-Avivda o`ldiriladi.

Peres Shimon (1923-yilda tug`ilgan) – Isroil bosh vaziri. 1923-yil 16-avgustda Polshaning Volojine (hozirgi kunda Belorussiya tarkibida) shahrida dunyoga keladi. 10 yoshida oilasi bilan Falastinga ko`chib ke-ladi. Isroil davlati e’lon qilingach, uning qurolli kuchlarida faoliyat yu-ritadi. 1953-yilda Sh.Peres qurolli kuchlar vazirligining bosh direktori etib tayinlanadi. 1956-yilda Suvaysh kanali hududida Buyuk Britaniya-Fransiya-Isroil agressiyasini rejalashtirishda ishtirok etadi. 1959-yilda birinchi bo`lib “Mapay” (“Ishchilar”) partiyasidan Knesset a’zoligiga saylanadi.

1965-yilda iste’foga chiqqanidan so`ng, D.Ben Gurion bilan birgalikda bosh vazir L. Eshkolga qarshi muxolifatda bo`lgan yangi partiya tuzadi. G.Meir hukumatida bir qan-cha lavozimlarni egallaydi. 1974-yilda qurolli kuchlar vaziri etib tayinlanadi. 1977-yil-da I.Rabinning o`rniga “Mehnat” partiyasi raisligiga saylanadi.

1984-yildagi saylovlarda vaziyat chigallashadi. Sh.Peres “Likud” partiyasi yetakchi-si I.Shamir bilan “Milliy birlik” hukumatini tuzadi. Shartga ko`ra dastlabki ikki yilda bosh vazir lavozimida Sh.Peres faoliyat yuritadi, keyingi ikki yillikda bu lavozimga I. Shamir o`tirishi kerak edi. I.Shamir bu lavozimni 1988-yilda egallaydi.

1992-yilda Sh.Peres tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi. 1993-yilda Sh.Peres FOT bilan Falastin muxtoriyatini tuzish haqida shartnoma imzolaydi. 1995-yil noyabrda I. Rabin o`ldirilgach, Sh.Peres bosh vazir lavozimini egallaydi.

1996-yildagi saylovlarda “Likud” partiyasidan nomzod qilib ko`rsatilgan B.Netan-yaxuga yutqazib qo`yadi. Sh.Peres 1997-yil iyunda “Mehnat” partiyasi yetakchilik lavo-zimidan ketadi, lekin, Knesset a’zosi bo`lib qoladi. 2001-yilda tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi.

Netanyaxu Benyamin (1949-yilda tug`ilgan) – Isroil bosh vaziri. 1945-yil 21-oktabrda Tel-Avivda dunyoga keladi. 1967-yilgacha Filadelfiya (AQSH)da yashaydi. 1972-yil Isroilda harbiy xizmatni o`tagach o`qishni davom ettirish uchun AQSHga qaytadi va 1976-yilda Massachusets tex-nologiya institutida magistrlik diplomini oladi.

B.Netanyaxu 1984–1988-yillarda BMTda Isroil vakili sifatida faoliyat yuritadi, ayni paytda, u “Likud” partiyasi tomonidan parlamentga saylanadi va 1988–1991-yillarda I.Shamir hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlaydi.

B.Netanyaxu 1994-yili Oslo (Norvegiya)da FOT va Isroil o`rtasida imzolangan tinch-lik bitimiga qo`shilmasligini ta’kidlaydi. U I.Rabin hukumatini arab terrorizmiga qarshi kurashda sustkashlikka yo`l qo`yganlikda ayblaydi.

1996-yildagi saylovlarda B.Netanyaxu muvaffaqiyatga erishib, bosh vazir lavozimiga saylanadi. U hukumat tepasiga kelgan dastlabki vaqtlardayoq, Suriya bilan tinchlik mu-zokaralarini olib borishni davom ettiradi, biroq, an’anaviy “yer uchun tinchlik” emas, balki, “tinchlik uchun tinchlik” tamoyilini qo`llaydi. 1997-yil yanvarda Iordan daryosi-ning g`arbiy sohillaridan Isroil qo`shinlarini olib chiqish haqidagi shartnomani imzo-laydi. Natijada, Isroil hukmron doiralari bundan norozi bo`ladilar va 1998-yil dekabrda ularning qo`llab-quvvatlashidan mahrum bo`lgan B.Netanyaxu muddatidan oldin say-lovlar belgilashga majbur bo`ladi. 1999-yildagi saylovlarda mag`lubiyatga uchraydi va bosh vazir lavozimini Y.Barak egallaydi.

Barak Yoxud (1942-yilda tug`ilgan) – Isroil bosh vaziri. 1942-yil 12-fevralda Falastin hududidagi Mishmarda dunyoga keladi. 1959-yilda Is-roil qurolli kuchlariga xizmatga chaqiriladi va maxsus xixmat qo`shin-larida xizmat qiladi. 1968-yilda Quddus universitetini tamomlaydi va o`n yil o`tgach, Stanford universiteti (AQSH)ni bitiradi.

1967-yildagi “olti kunlik urush” va 1973-yildagi arab-Isroil mojarolarida ishtirok etadi. Armiya razvedkasiga qo`mondon etib tayinlanadi. 1991-yilgacha bosh shtab qo`-mondoni bo`lib qoladi. Tez orada iste’foga chiqib, I.Rabin hukumatida ichki ishlar va-ziri (1995), Sh.Peres hukumatida esa tashqi ishlar vaziri (1995–1996) lavozimida fao-liyat yuritadi. 1997-yil iyunda “Mehnat” partiyasi yetakchisi etib saylanadi.

1998-yilda Y.Barak bosh vazirlik lavozimi uchun o`z nomzodini qo`yadi va “Isroil birligi” koalitsiyasini tuzadi. 1999-yildagi saylovlarda g`alaba qozonadi va Isrol bosh vaziri etib tayinlanadi.

Y.Barak Yaqin Sharqda tinchlik o`rnatish tashabbusi bilan chiqadi. 1999-yilda Y.Ba-rak va Y.Arofat 1994-yilda imzolangan tinchlik shartnomasining muddatini uzaytirish (shartnoma muddati 2000-yilgacha belgilangan edi) yuzasidan kelishuvga erishadilar. Suriya bilan tinchlik muzokaralari boshlanadi.

2000-yil iyulda Y.Barak tuzgan “Isroil birligi” koalitsion hukumatidan uchta partiya ajralib chiqadi. Natijada, Y.Barak 2000-yilda iste’fo berishga majbur bo`ladi.

Sharon Ariel (1928–2005) – Isroil bosh vaziri. 1928-yil 27-sentabrda Kfar-Malal (Falastin)da dunyoga keladi. 14 yoshida ko`chmanchi yahudiylarning nodavlat harbiy tashkiloti – “Xa-ganax”ga a’zo bo`ladi. 1947-yilda hali Falastin Buyuk Britani-ya mandatida hisoblangan paytda, ingliz politsiyasida xizmat qiladi. Quddus va Tel-Aviv universitetlarida tahsil oladi. Yuqori harbiy lavozimlarda 1948-yilda arab-Isroil urushi-da, 1953-yilda Iordaniya bilan harbiy to`qnashuvlarda, 1956-yilda Suvayshdagi harbiy harakatlarda va 1967-yildagi “olti kunlik urush”da ishtirok etadi.

A.Sharon “Likud” (“Birlik”) partiyasining tashkilotchilaridan biri edi. I.Rabin va M. Begin hukumatlarida xavfsizlik bo`yicha maslahatchi (1975–1977) va qishloq xo`jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 1982-yildan qurolli kuchlar vaziri sifatida faoliyatini boshlab, qurollangan Falastin otryadlarini yo`q qilish maqsadida, Isroil armiyasining Livanga bostirib kirishiga boshchilik qiladi. 1983-yildan to 1998-yilgacha savdo-sotiq va sanoat vaziri lavozimida faoliyat yuritadi.

1999-yilda B.Netanyaxuning saylovlardagi mag`lubiyatidan so`ng “Likud” partiyasi yetakchisi sifatida ish boshlaydi. 2000-yilda Quddusga arablarning qadimgi shahri yo-nidagi tog`ga tashrif buyuradi. U yerda arablar va A.Sharonning qo`riqchilari o`rtasi-dagi to`qnashuv arab-Isroil munosabatlarini yanada keskinlashtiradi. Natijada, Iordan daryosining g`arbiy sohilidagi yerlarni Falastin Muxtoriyatiga topshirish rejasi barbod bo`ladi.

2001-yildagi saylovlarda “Likud” partiyasi g`alaba qozonib, A.Sharon bosh vazirlik lavozimini egallaydi. U Isroil bosh vaziri sifatida “vazmin siyosat” olib boradi. 2005-yilda og`ir xastalik tufayli vafot etadi.

2-masala:



Iroq. Iroqda Ikkinchi jahon urushidan keyin ham amalda Buyuk Britaniya nazorati da-vom etdi. 1948-yilning 15-yanvarida Buyuk Britaniyaning Portsmut shahrida imzolan-gan shartnoma bu holatni yanada mustahkamladi. Unga ko`ra, urush xavfi paydo bo`lgan chog`da Buyuk Britaniya Iroqni ishg`ol etish huquqini oldi.

Amalda Buyuk Britaniya irodasiga bo`y-sungan qirol hukumati Iroqni harbiy-siyosiy ittifoqqa tortdi. Shu ittifoq 1955-yilning 12-oktabrida rasmiylashdi va bu “Bag`dod pak-ti” (keyinchalik, 1959-yildan SENTO) nomi bilan ataldi.

Qirol hokimiyatining amalda G`arb davlat-lari irodasini bajaruvchiga aylanishi mamlakat harbiylari orasida norozilik tug`dirdi. 1956-yilda harbiy qismlar orasida “Erkin zobitlar” tashkiloti tuzildi. 1958-yil 14-iyulda harbiy to`ntarish amalga oshirildi. Mamlakat qiroli Faysal II o`ldirildi. Iroq Respublika deb e’lon qilindi. Polkovnik Abdul Karim Qosim boshchiligida hukumat tuzildi. Iroq “Bag`dod pakti”dan chiqdi. Chet el harbiy bazalari tugatildi. Sentabr oyida agrar islohot to`g`risida qonun qabul qilindi.

Ayni paytda, A.Karim Qosim mamlakatda shaxsiy diktatura o`rnatishga intildi. Mu-xolifatchi kuchlarni qatag`on qilish siyosatini yuritdi. Tashqi siyosatda esa Quvaytga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqdi. Bu hol uning arab dunyosida yakkalanib qolishiga olib keldi. Mamlakatda hokimiyat uchun kurash kuchaydi.

Buning natijasida, 1963-yilning 8-fevralida navbatdagi harbiy to`ntarish o`tkazildi. A. Karim Qosim va uning yaqin tarafdorlari o`ldirildi. Hokimiyat tepasiga “BAAS” parti-yasi (“Arab sotsialistik uyg`onish partiyasi”) va Abdu as-Salom Arafa boshchiligidagi harbiy guruh keldi. A.Arafa prezident deb e’lon qilindi. Ammo, u ham mamlakat ijtimo-iy-iqtisodiy taraqqiyoti xususida turli siyosiy guruhlar birligini ta’minlay olmadi. Mam-lakatda siyosiy beqarorlik davom etdi. Kurdlar muammosi ichki vaziyatni yanada mu-rakkablashtirdi.

Shunday sharoitda, A.Arafa 1963-yilning 18-noyabrida yangi davlat to`ntarishini o`t-kazdi va butun hokimiyatni o`z qo`liga oldi. U mamlakatda “arab sotsializmi” qurilishini e’lon qildi. Yagona siyosiy partiya – “Iroq arab sotsialistik ittifoqi” tuzildi. Boshqa par-tiyalar faoliyati taqiqlandi. Ichki siyosatda chet el kapitaliga qaram kompaniyalar milliy-lashtirildi. Kurd separatchilari bilan harbiy harakatlarni to`xtatish haqida bitimga erishil-di. Biroq, muxolifat kuchlarga qarshi qatag`on kuchaytirildi.

Tashqi siyosatda qo`shni arab davlatlari bilan munosabatlar normallashtirildi. Lekin, A.Arafa hukumati davlatning iqtisodiy ahvolini yaxshilay olmadi. Buning asosiy sababi harbiy xarajatning ko`paytirilganligi bo`ldi. 1967-yilgi Isroil agressiyasi mamlakat iqti-sodiy ahvolini yanada murakkablashtirdi.

Bu hol armiyadagi turli xil guruhlar o`rtasida hokimiyat uchun kurashni yanada ku-chaytirdi. Va, nihoyat, 1968-yil 17-iyul kuni harbiylar yana navbatdagi davlat to`ntari-shini amalga oshirdilar. Taqiqlangan “BAAS” partiyasi yana hokimiyat tepasiga keldi. Bu voqea siyosiy adabiyotlarga “Iyun inqilobi” nomi bilan kirgan. General Ahmad Ha-san al-Bakr prezidentlik lavozimini egalladi.

Yangi hukumat iqtisodiyotda davlat sektorini yaratish yo`lini tutdi. Radikal agrar is-lohot o`tkazishni, kurd muammosini tinch yo`l bilan hal etishni e’lon qildi. 1972-yilda katta yer egalaridan ortiqcha yerlarni olish vazifasi nihoyasiga yetkazildi. Shu yilning 1-iyulida “Iroq petroleum” neft kompaniyasi milliylashtirildi. Keyingi yillarda barcha neft sanoati milliylashtirildi.

1973-yilda chuqur ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarni amalga oshirish uchun turli siyo-siy kuchlarni birlashtirgan “Taraqqiyparvar milliy vatanparvarlik fronti” tuzildi. 1974-yilda kurd xalqi muxtoriyatini amalga oshirish haqida qonun qabul qilindi. Muxtoriyat hududida kurd tili rasmiy til deb tan olindi.

Tashqi siyosatda arablar birligiga ko`maklashish oldingi o`ringa chiqdi. Xususan, Iroq 1973-yilda Suriyaga Isroil agressiyasini qaytarishda yordam berdi. Uning armiyasi Da-mashqning Isroil qo`shinlarini mag`lubiyatga uchratishida muhim rol o`ynadi. Ayni paytda, SSSR bilan yaqinlashish yo`lini tutdi. Bu yaqinlashuv 1972-yilda ikki davlat o`r-tasida do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma bilan mustahkamlandi. SSSRning yordami bilan Iroqda 80 ta iqtisodiy ob’ekt qurildi.

1979-yilning oxirida hokimiyatni general Saddam Husayn egalladi. U mamlakat­da diktatura o`rnatdi. Muxolifatchi kuchlar faoliyati taqiqlandi. Iroqni “qudratli” davlatga aylantirishga kirishdi. Harbiy xarajatlar har qachongidan ham oshirildi. Million kishilik armiya barpo etildi.

Iroqning qudrati qo`shni davlatlarni tashvishga solib qo`ydi. Chunki, avantyurist S. Husayndan hamma narsani kutish mumkin edi. Chunonchi, 1980-yilda u Eronga hudu-diy da’vo bilan chiqdi. Bu hol Iroq-Eron urushini keltirib chiqardi. 8 yil davom etgan urushda har ikki tomon yuz minglab qurbon berdilar va katta iqtisodiy talafot ko`rdilar. Iroq maqsadiga erisha olmadi. Eron o`z hududi daxlsizligini himoya qila oldi.

1990-yil avgustda S.Husayn yana bir avantyuraga qo`l urdi. U Quvaytni bosib olish maqsadida armiyasini bu mamlakatga kiritdi. Biroq, xalqaro hamjamiyat bunga befarq qarab turmadi. BMT Xavfsizlik Kengashi Iroq rahbariyatidan qo`shinini Quvaytdan olib chiqib ketishni talab qildi. Ammo, bu talab bajarilmadi. Bu esa Iroqqa qarshi davlatlar ittifoqining tuzilishiga olib keldi. 1991-yilning 17-yanvarida bu ittifoq harbiy kuchlari (asosan, AQSH armiyasidan iborat) Iroq armiyasiga hujum boshladi va uni tor-mor etdi. Quvaytning davlat mustaqilligi tiklandi.

Ammo, S.Husayn Iroqdagi o`z hokimiyatini va yakka hukmronligini mustahkamlab bordi. Qurollanishni kuchaytirdi. Jahon hamjamiyati Iroqdan ommaviy qirg`in qurollari ishlab chiqarishga imkon beruvchi manbalarni tugatishni talab etdi. Qaysar S.Husayn bu haqli talabni inkor etdi. Bunga javoban Iroqqa nisbatan iqtisodiy sanksiya qo`yildi. Unga ko`ra, Iroqning neft eksporti minimum darajada cheklab qo`yildi. Xalqning ahvoli og`ir-lashdi.

AQSH Iroqni harbiy kuch yordamidagina xalqaro huquq normalarini hurmat qildirish mumkin, deb hisobladi va 2003-yil iyun oyida Buyuk Britaniya ko`magida Iroqqa hujum boshlab, S.Husaynni tor-mor qildi. S.Husayn sudga tortilib, bir yildan so`ng osib o`ldi-rildi. Koalitsiyachilar hamon o`z qo`shinlarini Iroqda saqlab turibdilar. AQSH Iroqning butun boyligiga, ayniqsa, katta miqdordagi neftiga ega bo`ldi. Iroqda vaziyat keskin bo`lib, kelgindilarga qarshilik ko`rsatish to`xtamayotir. Xalq esa urush jarohatlarini tik-lamoqda. Bosh vazir Ayyad Alaviy amerikaparast siyosat yuritmoqda.



Saudiya Arabistoni. 1925-yilda Arabiston amiri Abdulaziz ibn Abdul Rahmon ibn Saud qo`shini deyarli butun Arabistonni egalladi. 1932-yilda esa Ibn Saud Saudiya pod-sholigi tuzilganligini e’lon qildi. Shu tariqa, Saudiya Arabistoni davlati vujudga keldi.

Saudiya Arabistoni hududi islom dinining markazidir. Musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Makka va Madina shaharlari shu davlat hududida joylashgan. Saudiya Ara-bistoni mutlaq monarxiya davlatidir.

Ayni paytda, Saudiya Arabistoni dunyoning neftga boy davlatlaridan biri. Bu omil uning iqtisodiyoti gurkirab rivojlanishiga yordam berdi. 1935-yildan boshlab AQSH neft kompaniyalari neft qazib chiqarish bilan shug`ullana boshladi. Shu yili neft qazib chiqa-rish bo`yicha arab-amerika kompaniyasi tuzildi. 1939-yildan boshlab esa neftni sanoat asosida qayta ishlash boshlandi.

1964-yilda podsholik taxtiga Faysal ibn as-Saud o`tirdi. U mamlakatni zamonaviy-lashtirish va liberallashtirish siyosatini yurita boshladi. Zamonaviylashtirish deyilganda zamonaviy iqtisodiyotni vujudga keltirish tushunilar edi. U milliy neft sanoatini yara-tishga kirishdi. Arab-amerika neft kompaniyasi (ARAMKO) qarorgohi Saudiya Arabis-toniga ko`chirildi. 1973-yilda Arab-amerika neft kompaniyasi milliylashtirildi. 1982-yil-dan boshlab kompaniya daromadida Saudiya Arabistoni hissasi 51 foizni tashkil etishiga erishildi. 1999-yilda esa kompaniya to`la Saudiya Arabistoni mulki bo`lib qoldi.

Podsho hukumati aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, mehnat qilish huquqi kafolatlandi. Zamon ruhiga mos meh-nat qonuni joriy etildi. Oddiy kishilar uchun arzon turar-joylar qurildi. Yuqori ish haqi to`lanishi kafolatlandi. Tekin tibbiy xizmat joriy etildi. Chet elda davolanish zaruriyati tug`ilganda davlat uning xarajatini o`z bo`yniga oladigan tartib joriy qildi. Bepul umu-miy o`rta ta’lim amalga oshirildi. O`g`il o`quvchi bola uchun uning oilasiga kompen-satsiya to`lovi joriy etildi.

1982-yilda taxtga o`tirgan qirol Faxd ibn Abdulaziz as-Saud ham Faysal siyosatini davom ettirdi. Bugungi kunda ham davlat daromadining 92 foizi neftdan kelmoqda. Xu-susan, 1995-yilda xorijga 50 mlrd. AQSH dollariga teng neft sotilgan bo`lsa, mamlakat-ga 30 mlrd. AQSH dollariga teng xalq iste’mol tovarlari olib kelindi.

Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti neftdan topgan daromadning hammasini o`zlashtirish-ga qodir emas. Shuning uchun topilgan daromadning bir qismi chet el banklarida saqla-nadi hamda qarzga beriladi. Bu hol Saudiya Arabistonining dunyo iqtisodiy taraqqiyoti-da sezilarli rol o`ynashini ta’minlab kelmoqda.

2005-yil 1-avgustda qirol Faxd vafot etdi. Uning o`rnini 79 yoshli ukasi Abdulloh ibn Abdulaziz as-Saud egalladi. Saudiya Arabistonining asosiy ittifoqchisi, hamkori AQSH-dir. Ayni paytda, arab davlatlari va boshqa musulmon davlatlari bilan ham hamkorlik qi-ladi. Har yili byudjetning 10 foizi miqdorida musulmon davlatlariga yordam ko`rsatil-moqda.

Arab davlatlarining AQSH taklifi asosida Isroil bilan munosabatlarini qayta qurishda Saudiya Arabistoni katta rol o`ynadi. Xususan, 1979-yili Misr va Isroil o`rtasida Kemp-Devid bitimining imzolanishi bevosita Saudiya podsholigining Misrga ko`rsatgan ta’siri oqibati bo`ldi, deyish mumkin. Iroqni Quvaytdan quvib chiqarish bilan bog`liq xalqaro operatsiyada ham Saudiya podsholigi o`ziga xos rol o`ynadi.

Saudiya Arabistoni-O`zbekiston munosabatlari ham yildan-yilga rivojlanib bormoq-da. Har yili O`zbekistonning 3000–4000 fuqarosi muborak haj safariga borib kelmoqda.



Suriya. Suriya 1941-yilning 27-sentabrida mustaqil davlat deb e’lon qilingan bo`lsa-da, ingliz-fransuz armiyasi mamlakat hududida qola bergan edi. 1946-yil Suriya Buyuk Britaniya va Fransiyaning o`z qo`shinlarini olib chiqib ketishi haqida BMTga murojaat etdi. Buning natijasida 1946-yilning 17-aprelida Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadan o`z qo`shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo`ldilar. Shu tariqa, Suriya suvereniteti to`la tiklandi va 17-aprel milliy bayram kuni bo`lib qoldi.

Biroq, Suriya hukumati mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlay olmadi. Bu esa 1949-yilda ketma-ket 3 marta davlat to`ntarishi ro`y berishiga olib keldi. 1951-yilning noyabrida esa polkovnik Shishaklining harbiy diktaturasi o`rnatildi. Biroq, bu diktatura uzoq yashamadi. 1954-yilda u ag`darildi. 1956-yilda Shukri Quatli prezident etib saylan-di. U Misr va Saudiya Arabistoni davlatlari bilan yaxshi munosabat o`rnatdi. 1956-yilda Misrga qarshi uchlar agressiyasi davrida Misrga yordam ko`rsatdi.

Ayni paytda, SSSR bilan ham munosabatlar mustahkamlanib bordi. Murakkab xalqa-ro sharoit, harbiy agressiya xavfi Suriyani Misr bilan birlashishga majbur etdi. 1956-yil-ning fevralida Suriya va Misr yagona davlatga birlashdilar. Bu davlat Birlashgan Arab Respublikasi (BAR) deb ataldi. Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir BAR prezidenti etib saylandi. Biroq, bu birlik uzoq davom etmadi. Suriyada hamma tabaqalar ham, jumla-dan, harbiylarning aksariyat qismi birlashuvdan birday manfaatdor emas edi.

1961-yil 8-martda “BAAS” partiyasi (“Arab sotsialistik uyg`onish partiyasi”) a’zosi bo`lgan zobitlar guruhi davlat to`ntarishi o`tkazdilar. Hokimiyat Milliy inqilobiy qo`-mondonlik kengashi qo`liga o`tdi. 1966-yil 23-fevralda hokimiyatni general Hafiz Asad egalladi. U hayotining deyarli oxirigacha, ya’ni 2000-yilgacha, prezidentlik lavozimini egallab keldi.

Uning vafotidan keyin o`g`li Bashar al-Asad prezidentlik lavozimiga keldi. 1967-yil-da arab-Isroil munosabatlari yanada keskinlashdi. Tez orada urush harakatlari boshlanib ketdi. Bu urushda Suriya o`z hududining bir qismini yo`qotdi. 1973-yilgi arab-Isroil uru-shida ham bu hududlarni qaytarib olishga muvaffaq bo`linmadi. Suriya Isroil bilan shart-noma tuzishga uzoq yillar qarshi bo`lib keldi. Bu qoida hamon davom etmoqda. Tinchlik evaziga bosib olingan yerlarni “qaytarib olish” tamoyili ostida o`tkazilgan Suriya-Isroil muzokaralari natijasiz tugadi. Suriya-Isroil munosabatlarida urush holatining davom eti-shi Suriyani mudofaaga katta mablag` sarflashga majbur etmoqda. Suriya o`z qo`shnisi Livanga ham harbiy yordam ko`rsatib kelmoqda.

3-masala:



Misr. Misr 1922-yildan boshlab mustaqil hisoblan-sada, amalda, Buyuk Britaniya mustamlakasi edi. Va-tanparvar kuchlar bu holatga chek qo`yish uchun ku-rashga birlashdilar. Ular ichida “Ozod zobitlar” ya-shirin tashkiloti alohida rol o`ynadi. 1952-yilning 23-iyulida Jamol Abdul Nosir boshchiligida Qohira gar-nizoni qo`zg`olon ko`tardi. Podshoh Farrux taxtdan ag`darildi. Hokimiyat Inqilobiy qo`mon­donlik kenga-shi qo`liga o`tdi.

1953-yilning iyun oyida Misr Respublikasi e’lon qilindi. 1956-yilda davlatning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. J.A.Nosir mamlakat prezidenti etib saylandi va 1970-yilga-cha mamlakatni idora qildi. Dastlabki yilning iyun oyidayoq Suvaysh kanali milliylash-tirildi. Mamlakatda agrar islohot ham o`tkazildi. Bunga chiday olmagan G`arb davlatlari Misrga qarshi “uchlar agressiyasi”ni uyushtirdilar (Buyuk Britaniya, Fransiya va Isroil). Bu haqda oldingi mavzuda ma’lumot berilgan.

Misr tashqi siyosatda “Qo`shilmaslik harakati”da faol qatnashdi. Shuning bilan bir qatorda SSSR bilan munosabatlarni har tomonlama mustahkamladi. “Yaqin Sharq mu-ammosi” tufayli Misr 4 marta arab-Isroil urushiga tortildi va, nihoyat, 1979-yilda imzo-langan Kemp-Devid bitimi tufayli Isroil bilan tinchlikka erishdi. Isroil bosib olgan hu-dudlarni qaytarib oldi.

1981-yilda ekstremistlar tomonidan otib o`ldirilgan Anvar Sadat o`rniga kelgan Misr prezidenti Husni Muborak Falastin arab xalqining mustaqil davlatga ega bo`lish yo`lida-gi kurashini qo`llab-quvvatladi. Arab davlatlari birligini mustahkamlashga intildi.



2005-yil sentabridagi birinchi umumxalq saylovida H.Muborak g`olib chiqdi. Biroq, 2-yil mart oyida boshlangan inqilob H.Muborakning hokimiyatdan ketishiga va sud-ga tortilishiga olib keldi. Ayni paytda, Misr Afrika qit’asining, arab dunyosining eng ri-vojlangan, qudratli davlatlaridan biri. O`zbekiston bilan yaxshi munosabatlar o`rnatgan.

Muborak Husni 1928-yilda tug`ilgan) – Misr prezidenti. 1928-yil 4-mayda Al-Minufiya provinsiyasida tug`ilgan. 1949-yilda Qohira-dagi harbiy kollejni tugatadi. 1960-yildan SSSRda Frunze nomidagi akademiyada tahsil oladi.

1967-yildagi arab-Isroil urushida Misrning harbiy-havo kuchlari mag`lubiyatga uchraydi. Shundan so`ng H.Muborak yozgi harbiylar maktabi boshlig`i lavozimini egallaydi. 1973-yilgi arab-Isroil uru-shida qatnashadi. 1974-yilda marshall unvoniga sazovar bo`ladi. 1975-yilda prezident A.Sadat H.Muborakni vitse-prezident lavozimiga tayinlaydi. 1981-yil 6-oktabr – A.Sadat o`limidan keyingi saylovda H.Muborak prezident etib saylanadi. Bu lavozimga u 3 mar-ta qayta saylanadi (1987, 1993 va 1999).

H.Muborak A.Sadat siyosatini davom ettiradi va bu arab davlatlari tomonidan no-xush kutib olinadi. AQSH bilan ittifoqchilik yo`lini tutadi va 1991-yil Fors qo`ltig`ida Iroqqa qarshi koalitsiyada ishtirok etadi.

Ichki siyosatda H.Muborak iqtisodiy islohotlar o`tkazish yo`lidan boradi. U Luksor-dagi terroristik harakatdan so`ng islom fundamentalistlariga qarshi aktiv kurash bosh-ladi.

2005-yilda H.Muborak yana 6 yil muddatga prezident etib saylangan edi. Biroq, 2-yilning mart oyida boshlangan “arab bahori” inqilobi H.Muborakning hokimiyat-dan olinishiga va sudga tortilishiga sabab bo`ladi.

Jazoir. Ikkinchi jahon urushidan keyin ham Fran­siya mustamlakasi bo`lib qola berdi. Inqilobiy vatanparvar kuchlar 1954-yilda “Birlik va harakat qo`mitasi”ni tuzdilar. Ke-yinchalik u “Milliy ozodlik fronti” (MOF) deb ataldi. Uning rahbarligida 1-noyabrda qu-rolli qo`zg`olon ko`tarildi. Qo`zg`olon umummilliy inqilobga aylanib ketdi.

1958-yilning 19-sentabrida Jazoir Respublikasining Muvaqqat hukumati tuzildi. Fran-siya mustamlakachi ma’muriyati ozodlik kurashini qonga botirishga harakat qildi. Biroq, jahon hamjamiyati Jazoir xalqining ozodlik kurashini qo`llab-quvvatladi. Mustaqillik uchun kurashda Jazoir xalqi juda katta qurbonlar berdi. Ozodlik kurashi davomida 1 mln.dan ortiq jazoirlik halok bo`ldi. 2 mln. kishi turli konslagerlarga tashlandi.

Va, nihoyat, 1962-yilning 1-iyulida mustaqil Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi e’lon qilindi. Ozodlik kurashining arbobi, MOF rahbari Ahmad Ben Bella yangi huku-matni boshqardi. Mustaqil taraqqiyot yo`li oson kechmadi. Xususan, 1965-yilda MOF rahbariyati tarkibida bo`linish yuz berdi. A.Ben Bella taraqqiyotning liberal yo`li taraf-dori edi. Mamlakatda qattiqqo`llik bilan siyosat yuritish tarafdorlari mudofaa vaziri X. Bumeden atrofida birlashdilar. Ular 1965-yilning 19-iyunida davlat to`ntarishi o`tkazdi-lar. Butun hokimiyat X.Bumeden qo`lida to`plandi. 1978-yilda X.Bumeden vafot etgach, Sh.Benjadid prezidentlik lavozimini egalladi.

MOF hukmronligi yillarida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub o`zgarishlar ro`y bermadi. Buning sababi o`z vaqtida zarur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlarning o`t-kazilmaganligi edi. Bu holat MOF obro`sini tushirib yubordi. Ijtimoiy adolatni kuchay-tirish talabi mamlakatda diniy harakatlar mavqeyini mustahkamladi.

1989-yilda MOF hokimiyatga bo`lgan monopol huquqidan voz kechishga majbur bo`ldi. Muxolifat partiyalar faoliyatiga ruxsat etildi. 1989-yilda tuzilgan “Milliy qutqa-rish islom fronti” (MQIF)ning obro`si kundan-kunga o`sib bordi. Shu yiliyoq, bu diniy partiya mahalliy saylovlarda g`olib chiqdi. 1991-yilning noyabr oyida o`tkazilgan umu-miy parlament saylovida ham bu partiya MOFni maglubiyatga uchratdi. Biroq, armiya bosh qo`mondonligi saylov natijalarini tan olmadi.

Sh.Benjadid iste’foga chiqishga majbur bo`ldi. Uning o`rniga 1991-yil noyabrda M. Budiar o`tirdi. 1992-yilning 2-iyunida armiya davlat to`ntarishini o`tkazdi. M.Budiar o`ldirildi va Ali Karini hokimiyatni egalladi. MQIF faoliyati taqiqlandi. Diniy ekstre-mistlar terrorni avj oldirdilar. Buning oqibatida 100 mingdan ortiq fuqaro halok bo`ldi. Jazoirda hamon siyosiy barqarorlik ta’minlangani yo`q. Abdulaziz Buteflika mamlakat prezidenti lavozimida ishlamoqda.



Marokash. Marokash Fransiya mustamlakasi edi. Marokash xalqining milliy-ozodlik kurashi uzoq davom etdi. Va, nihoyat, 1956-yil 2-mart kuni Marokash mustaqilligi haqi-da deklaratsiya imzolandi. 5-aprelda Ispaniya Marokash mustaqilligini tan oldi. 1961 –yilda Fransiya qo`shinlari mamlakatdan olib chiqib ketildi. AQSH harbiy bazasi ham tu-gatildi. 1962-yildan boshlab Marokash konstitutsiyaviy monarxiya davlatiga aylandi. Qi-rol Hasan II mamlakat yangi konstitutsiyasini imzoladi.

Marokash arab xalqining Isroil agressiyasiga qarshi kurashini qo`llab-quvvatlab kel-moqda. Ayni paytda, uning Jazoir bilan munosabatlarida keskinlik ham mayjud. Bu kes-kinlik – G`arbiy Sahroi Kabir bilan bog`liq. 1975-yilda Marokash bu hududni bosib oldi. G`arbiy Sahroi Kabirda bir necha o`n yillardan beri separatchilik harakati davom etmoq-da. Jazoir esa ana shu harakatni qo`llab-quvvatlamoqda. Tabiiyki, bu hol Marokash-Ja-zoir munosabatlariga sovuqlik tushirmay qo`ymadi.

1999-yilda Hasan II vafotidan so`ng taxtni o`gli Muhammad VI egalladi. Otasidan 30 mln. aholini boshqarishni, 200 ming armiyani meros qilib oldi. Ijtimoiy-iqtisodiy muam-molar mavjud. Mamlakatning 50 foiz aholisi savodsiz.

Tunis. Tunis uzoq yillar Fransiya mustamlakasi bo`lib keldi. Faqat, 1956-yilning 20-martidagina Fransiya Tunis mustaqilligini tan olishga majbur bo`ldi. Hokimiyat “Yangi dastur” partiyasi rahbarligidagi Milliy front qo`liga o`tdi. Uning rahbari X.Burg`iba yan-gi hukumat tuzdi. 1957-yil 25-iyulda Tunisda monarxiya tugatildi va Respublika e’lon qilindi. X.Burg`iba mamlakatning birinchi prezidenti etib saylandi.

X.Burg`iba mamlakatda “dastur sotsializmi” qurishini e’lon qildi. Bu ibora amalda iq-tisodiyoti davlat, kooperativ va xususiy sektorni mujassamlashtirgan jamiyatni anglatar edi. Ayni paytda, bu jamiyat aholi barcha tabaqalari manfaatini aks ettirishi zarur edi.

1969-yildan boshlab davlat yerlari, fransuz mustamlakachilariga qarashli yerlar sotila boshlandi. Shu tariqa, mayda va o`rta yer egalari tabaqasi vujudga keltirildi. Sanoat kor-xonalari ham milliylashtirildi. Shuning barobarida, milliy va chet el kapitaliga qulay sha-roit yaratib berildi. Biroq, mamlakatda ijtimoiy adolatsizlik avj oldi. Bu, o`z navbatida, siyosiy beqarorlikni vujudga keltirdi. Natijada diniy yo`nalishdagi partiyalar kuchaydi. Shunday sharoitda, harbiylar 1987-yil 7-noyabrda to`ntarish o`tkazdilar. X.Burg`iba hu-kumati ag`darildi. Hokimiyat general Ben Ali qo`liga o`tdi.

Tunis tashqi siyosatda ham G`arb, ham arab davlatlari bilan munosabatlarni rivojlan-tirib bordi. 1976-yilda u Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma im­zoladi. 1989-yilda esa Arab mag`ribi Ittifoqi a’zosi bo`ldi. Arab davlatlari ligasi a’zosi sifatida Falastin arab xalqini-ng o`z davlatiga ega bo`lishi huquqini qo`llab-quvvatlab kelmoqda.



Liviva. Liviya Birinchi jahon urushi yillaridan to 1943-yilgacha Italiya mustamlakasi bo`lib keldi. 1943-yilda Italiya ittifoqchilarga taslim bo`lgach, Liviya Fransiya va Buyuk Britaniya boshqaruviga o`tdi. 1951-yilda Liviya mustaqil davlat deb e’lon qilindi va u yerda monarxiya qaror topdi. Qirol Idris I tashqi siyosatda, birinchi navbatda, Buyuk Britaniya va AQSH bilan yaqinlashish yo`lini tutdi. Chunonchi, 1953-yilda mamlakat hududida Buyuk Britaniya, 1954-yilda esa AQSHning harbiy bazalarini tashkil etish ha-qida bitimlar imzolandi. Shu tariqa, buyuk davlatlar o`zlarining Afrikadagi manfaatlarini himoya qilishda Liviyani tayanch nuqtasiga aylantirdilar.

Biroq, Idris I siyosati harbiylar orasida norozilik tug`dirdi. Ular 1969-yil 1-sentabrda harbiy to`ntarishni amalga oshirdilar. To`ntarishga polkovnik Muammar Kaddafiy rah-barlik qildi. Hokimiyat Inqilobiy qo`mondonlik kengashi qo`liga o`tdi. To`ntarish natija-sida monarxiya ag`darildi. Mamlakat Liviya Arab Respublikasi deb e’lon qilindi. Buyuk Britaniya va AQSH 1970-yilda Liviyadan o`z harbiy qismlarini olib chiqib ketishga maj-bur bo`ldi.



Muammar Al-Kaddafiy – Liviya prezidenti. 1942-yilda Liviyada cho`-pon oilasida dunyoga keladi. O`rta maktabni bitirib, Liviya universiteti va harbiy akademiyasida tahsil oldi. Buyuk Britaniyaning Bounington-Xis harbiy akademiyasida tahsil oladi. Talabalik yillarida u “Ozod yunionist – sotsialist zobitlar” tashkilotini tuzadi.

1969-yil 1-sentabrda M.Kaddafiy va uning safdoshlari qirol Idris I rejimini ag`darib tashlaydilar. Inqilobiy kuchlar va mamlakat qurolli kuchlariga tayangan M.Kaddafiy AQSH va Buyuk Britaniya harbiy bazalarini mamlakat hududidan chiqarib yuboradi hamda Misr prezidenti J.Abdul Nosir bilan maxfiy aloqa o`rnatadi. 1970-yillarning bo-shida M.Kaddafiy Misr, Suriya va Tunis bilan federatsiya tuzishga urinadi hamda FOTni qo`llab-quvvatlaydi. 1973-yildan boshlab Misr va Liviya munosabatlari yomon-lasha boshlaydi, 1977-yilda esa Misr prezidenti A.Sadatning Isroil bilan tinchlik muzo-karalarini olib borayotganligi uchun butunlay uzilib qoladi. Ayni paytda, M.Kaddafiy Falastindagi ekstremistik kuchlarni qo`llab-quvvatlaydi.

Ichki siyosatda M.Kaddafiy “Arab sotsialistik ittifoqi” (ASI)dan boshqa barcha siyo-siy tashkilotlar faoliyatini taqiqlaydi. 1973-yildan xorijiy sarmoya ishtirokida bunyod etilgan barcha banklar va neft kompaniyalarini milliylashtiradi. 1979-yilda M.Kaddafiy prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqadi. Amalda esa, mamlakatdagi eng ta’sirli kuch bo`lib qolaveradi.

2-yil fevral oyida mamlakatda inqilob boshlandi. Muxolifatchi kuchlar bilan M. Kaddafiy o`rtasidagi urush fuqarolar urushiga aylanib ketdi.

Mamlakatda davlat organlarini qayta tashkil etish boshlandi. Umumiy Xalq Kongressi Oliy hokimiyat organi deb e’lon qilindi. 1977-yil 3-martdan boshlab davlatning rasmiy nomi Liviya Xalq Arab Jamaxiriyasi deb ataladigan bo`ldi. M.Kaddafiy esa 1-sentabr inqilobining rahbari deb e’lon qilindi. Shu tariqa, u davlatning yagona rahbariga aylandi.

Liviya milliy boyligining asosini neft tashkil etadi. Hukumat Liviyada neft qazib chi-qarish bilan shug’ullanuvchi barcha kompaniyalarni to`la yoki qisman milliylashtirdi. Mamlakat ichkarisida neft mahsulotlarini sotish va taqsimlashni davlat o`z qo`liga oldi. Milliy neft-kimyo sanoati hamda neft tashuvchi flot yaratildi. Liviya iqtisodiyotida dav-lat sektori katta salmoqqa ega. Neft sanoatidan tashqari, banklar, sug`urta kompaniya-lari, yirik qishloq xo`jalik birlashmalari, transport, qurilish kompaniyalari hamda tashqi savdo davlat ixtiyoridadir. Liviya qonunlari kishining mehnat natijasini o`zlashtirib ol-maydigan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga ruxsat etadi.

1980-yillarda muxolifatning bosimi ostida iqtisodiyotni liberallashtirish va boshqaruv sohasida bir qator islohotlar o`tkazila boshlandi. Harbiy harajatlar qisqartirildi. Mamla-kat rahbariyati aholining ijtimoiy himoyasi masalasiga alohida e’tibor berdi. Ish haqi to`-lashni davlat tartibga solib turadi. Turar joy uchun kam haq olinadi. Aholiga bepul tibbiy xizmat ko`rsatiladi. Umumiy va o`rta ta’lim ham bepul. Ob’ektiv sabablarga ko`ra, mamlakat qishloq xo`jaligi kam taraqqiy etgan. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlari chetdan sotib olinadi. Shunday bo`lsada, bugungi Liviya – dunyoning eng boy davlat-laridan biri. Liviya yiliga 110 mln. tonna neft qazib oladi. Neft savdosi mamlakat g`az-nasiga 10 mlrd. AQSH dollariga teng daromad keltiradi.

Tashqi siyosatda M.Kaddafiy terroristik tashkilotlarni qo`llab-quvvatladi (ayniqsa panislomistlarni). 1973-yilda Chadga qo`shinlarini kiritdi. Shuningdek, M.Kaddafiy hu-kumati Irlandiya respublikachi armiyasini, Filippindagi musulmon jamoalarini va Afrika Milliy Kongressini qo`lab-quvvatladi. 1986-yilning aprelida AQSH M.Kaddafiyni jis-monan yo`q qilish maqsadida Liviyaning Tripoli shahri va boshqa aholi punktlarini bombardimon qildi. Liviya bir necha terrorchlik aksiyalarini uyushtirishda ayblandi. Ma-salan, Shotlandiyadan Niderlandiyaga uchgan yo`lovchi tashuvchi samolyot halokati na-tijasida 259 ta begunoh fuqarolar hayotdan ko`z yumdi. Bu terrorchilik harakatini Livi-yaning ikki fuqarosi amalga oshirganligi gumon qilindi va, AQSH, ularni xalqaro sud hukmiga topshirishni talab qildi. Biroq, M.Kaddafiy qo`yilgan barcha ayblarni rad etdi. Natijada, xalqaro hamjamiyat Liviyaga iqtisodiy sanksiya e’lon qildi. Nihoyat, 1999-yil-da Liviya terrorchilikda gumon qilingan ikki fuqarosini xalqaro sud hukmiga topshirdi. Ulardan biri aybdor deb topildi va qamoqqa hukm etildi. G`arb davlatlari xalqaro chek-lovni bekor qildi.

2-yilda “arab bahori” bo`lib o`tdi. Liviyada M.Kaddafiy rejimiga qarshi muxoli-fatchilar isyon ko`tardilar. Mamlakatda fuqarolar urushi boslanib ketdi.


Tayanch so`z va iboralar:

sionizm; agressiya; FOT; anneksiya; muxtoriyat; Knesset; “Xaganax”; “Bag`dod pakti”; SENTO; “BAAS” partiyasi; “arab sotsializmi”; “Iyun inqilobi”; “Iroq petroleum”; dikta-tura; sanksiya; ARAMKO; kompensatsiya; “Ozod zobitlar”; “arab bahori”; separat; MOF; MQIF; “dastur sotsializmi”; jamaxiriya; “panislomist”.


Nazorat uchun savollar:

  1. “Yaqin Sharq muammosi” qachondan boshlangan va mohiyati nima?

  2. Arab-Isroil urushidan maqsad nima edi?

  3. Kemp-Devid bitimi qachon tuzildi va nimadan iborat edi?

  4. Iroq qachon respublika deb e’lon qilindi?

  5. S.Husayn diktaturasi haqida nimalarni bilasiz?

  6. Saudiya Arabistoni haqida nimalarni bilasiz?

  7. Suriya tashqi siyosatining mohiyati nimadan iborat?

  8. Misr prezidentlari haqida nimalarni bilib oldingiz?

  9. Jazoir haqida nimalarni bilasiz?

  10. Marokashning taraqqiyot yo`li qanday bo`ldi?

  11. “Dastur sotsializmi”ning mohiyati nima?

  12. M.Kaddafiy faoliyati haqida nimalarni bilasiz?


Yüklə 2,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin