Ijtimoiy - iqtisodiy ehtiyojlar, ularning tarkibi va turkumlanishi.
Reja:
1. Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar, ularning turlari va turkumlanishi
2. Ishlab chiqarishning iqtisodiy mazmuni
3. Ishlab chiqarishning natijalari
Insonning hayotiy faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan vositalarning aksariyat qismi inson mehnati bilan yaratiladi. Shunga ko‘ra, ehtiyojlarning mavjudligi ishlab chiqarishning uzluksiz ravishda amalga oshirilishini ham taqozo etadi. Ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘ladigan munosabatlar ayirboshlash, taqsimot va iste’mol jarayonlarida bo‘ladigan munosabatlarga yo‘nalish beradi va ta’sir qiladi. Ishlab chiqarish jarayonidagi munosabatlar boshqa fazalardagi munosabatlarning tavsifini belgilab beradi. Mazkur bobda bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish omillari va ishlab chiqarish jarayoniga tegishli muammolar qarab chiqiladi. Ishlab chiqarish omillari tavsiflanadi, ishlab chiqarishning maqsadi va mazmuni ochib beriladi, so‘ngra uning natijalari va samaradorligi bilan bog‘liq masalalar bayoni beriladi. Tahlilda «ishlab chiqarish imkoniyati» tushunchasiga ham o‘rin ajratiladi. Bobning oxirida keyingi qo‘shilgan mahsulot va uning kamayib borishi, keyingi qo‘shilgan mehnat va kapital unumdorligining pasayib borishi qonunining mazmuniga tegishli marjinalistik g‘oyalar bilan tanishtiriladi.
1. Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar, ularning turlari va turkumlanishi
Iqtisodiyot asoslarini, uning amal qilish qoida va tamoyillarini o‘rganish, iqtisodiy muammolarni hal etish eng avvalo ehtiyoj tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki, birinchidan, inson hayotiga turli ehtiyojlarning paydo bo‘lishi va qondirilishi jarayoni sifatida qarash mumkin. Ikkinchidan esa, iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligi orqali namoyon bo‘ladi.
Ehtiyojlar turli-tuman bo‘lib, ularni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy, siyosiy va boshqa turdagi ehtiyojlarga ajratish mumkin. Ular orasida kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlardan hamda xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlarning asosiy jihati – ularni qondirish uchun iqtisodiy faoliyat yoki ijtimoiy ishlab chiqarishning taqozo etilishidir. O‘z navbatida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy va ma’naviy ehtiyojlarga bo‘linadi. Moddiy ehtiyojlar – bu kishilarning o‘z hayotiy faoliyatlarini ta’minlashda qo‘llaniluvchi moddiy ko‘rinishdagi ne’matlar va xizmatlarga bo‘lgan zaruratdir.
Jamiyatning moddiy ehtiyojlari korxonalar va davlat muassasalari ehtiyojlarini ham o‘z ichiga oladi. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak. Davlat, jamoa va xususiy korxonalar, mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, avtomobil va temir yo‘llari, maktablar, kasalxonalar qurilishiga xizmat qiladi.
Ma’naviy ehtiyojlar kishilarning moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan, bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratga ega bo‘lish, har xil xizmatlardan bahramand bo‘lish kabi ko‘plab ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi.
Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin. Bu esa ehtiyojning tabiatiga va uni qondiruvchi obe’ktlar xususiyatiga bog‘liq. Shunday buyum va xizmat turlari borki, ulardan faqat birgalikda foydalanish mumkin. Masalan, ta’lim olish binolari, kasalxonalardan, dam olish joylaridan bahramand bo‘lish, sport o‘yinlari va ko‘ngilochar tomoshalarni birgalikda ko‘rish kabilar shular jumlasidandir.
Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar:
Dostları ilə paylaş: |