Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar, ularning turlari va qondirish usullari
Iqtisodiyot asoslarini, uning amal qilish qoida va tamoyillarini o‘rganish, iqtisodiy muammolarni hal etish eng avvalo ehtiyoj tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki, birinchidan, inson hayotiga turli ehtiyojlarning paydo bo‘lishi va qondirilishi jarayoni sifatida qarash mumkin. Ikkinchidan esa, iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligi orqali namoyon bo‘ladi.
Ehtiyojlar turli-tuman bo‘lib, ularni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy, siyosiy va boshqa turdagi ehtiyojlarga ajratish mumkin. Ular orasida kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlardan hamda xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlarning asosiy jihati – ularni qondirish uchun iqtisodiy faoliyat yoki ijtimoiy ishlab chiqarishning taqozo etilishidir. O‘z navbatida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy va ma’naviy ehtiyojlarga bo‘linadi. Moddiy ehtiyojlar – bu kishilarning o‘z hayotiy faoliyatlarini ta’minlashda qo‘llaniluvchi moddiy ko‘rinishdagi ne’matlar va xizmatlarga bo‘lgan zaruratdir.
Jamiyatning moddiy ehtiyojlari korxonalar va davlat muassasalari ehtiyojlarini ham o‘z ichiga oladi. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak. Davlat, jamoa va xususiy korxonalar, mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, avtomobil va temir yo‘llari, maktablar, kasalxonalar qurilishiga xizmat qiladi.
Ma’naviy ehtiyojlar kishilarning moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan, bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratga ega bo‘lish, har xil xizmatlardan bahramand bo‘lish kabi ko‘plab ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi.
Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin. Bu esa ehtiyojning tabiatiga va uni qondiruvchi obe’ktlar xususiyatiga bog‘liq. Shunday buyum va xizmat turlari borki, ulardan faqat birgalikda foydalanish mumkin. Masalan, ta’lim olish binolari, kasalxonalardan, dam olish joylaridan bahramand bo‘lish, sport o‘yinlari va ko‘ngilochar tomoshalarni birgalikda ko‘rish kabilar shular jumlasidandir.
Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar:
Dostları ilə paylaş: |