238-modda. Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ijtimoiy ta’tillarni belgilash Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:
xodimlarga qonunchilikda belgilanmagan boshqa ijtimoiy ta’tillarni berish (nikoh tuzilganligi munosabati bilan, bola tug‘ilishi munosabati bilan bolaning otasiga, xodimning yaqin qarindoshi vafot etganligi munosabati bilan va boshqalar);
ijtimoiy ta’tillar davomiyligini ularning qonunchilikda belgilangan davomiyligiga nisbatan ko‘paytirish.
Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi yoki uning bir qismi saqlanib qolishi nazarda tutilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy ta’tillarning davomiyligi, shuningdek mazkur ta’tillarni navbatdagi har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritish to‘g‘risidagi masala xodimlarga ushbu ta’tillar berilishini belgilovchi hujjatlarda tartibga solinishi kerak.
239-modda. Ijtimoiy ta’tillar berish asoslari va xodim tomonidan ulardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari Qonunchilik, jamoa kelishuvlari yoxud jamoa shartnomasi yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar xodimning ijtimoiy ta’tilga bo‘lgan huquqi yuzaga kelishini qaysi holatlar bilan bog‘laydigan bo‘lsa, shunday holatlarning paydo bo‘lishi xodimga ijtimoiy ta’tillar berish asosidir. Ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ish beruvchi xodimga ijtimoiy ta’til berishi shart.
Barcha ijtimoiy ta’tillar vaqtida, ular qonunchilikda belgilanganligidan yoki jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganligidan qat’i nazar, xodimning avvalgi ish joyi (lavozimi) saqlanib qoladi.
Ijtimoiy ta’tillar har yilgi mehnat ta’tilidan tashqari beriladi. Xodim tomonidan belgilangan muddatlarda foydalanilmagan ijtimoiy ta’til boshqa muddatga o‘tkazilishi mumkin emas. Ijtimoiy ta’tillarni jamlab hisoblashga va pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.