7-modda. Mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi prinsipi Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik quyidagilarni ta’minlaydigan vositalar va usullar majmuini mustahkamlaydi:
xodimlarning va ish beruvchilarning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan mehnat sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarning ish beruvchilar va xodimlar tomonidan bajarilishini;
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlari himoya qilinishini hamda buzilgan huquqlari tiklanishini;
xodimlarning mehnat huquqlari, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi uchun ish beruvchining javobgarligini, shuningdek o‘z mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodimning javobgarligini.
8-modda. Xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipi Har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak.
Hech bir ichki hujjat, ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjati xodimning huquqiy holatini normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
9-modda. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash Ushbu Kodeksda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilangan muddatlar kalendar sana bilan, yillar, oylar, haftalar, kunlar yoki soatlar bilan hisoblanadigan vaqt davrining tugashi bilan yoxud yuz berishi kerak bo‘lgan voqeani ko‘rsatgan holda aniqlanadi.
Ushbu Kodeksda mehnat huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi yoki bekor bo‘lishi bilan bog‘lanadigan muddatlarni hisoblash uning boshlanishi belgilangan kalendar sanadan keyingi kundan e’tiboran boshlanadi.
Yillar, oylar, haftalar bilan hisoblanadigan muddatlar muddatning so‘nggi yili, oyi, haftasining tegishli sanasida tugaydi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri muddatning o‘tishi boshlangan oyga nisbatan kunlari ko‘proq yoki kamroq bo‘lgan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat tugaydigan oyning oxirgi kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
Kalendar yillar, oylar, haftalar yoki kunlar bilan hisoblanadigan muddatga ishlanmaydigan kunlar ham qo‘shiladi.
Agar muddatning so‘nggi kuni ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.