3-bob. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari va yuzaga kelish asoslari 1-§. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari 19-modda. Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlaridir.
Mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lgan, ushbu Kodeksda belgilangan yoshga yetgan hamda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xodimlar bo‘lishi mumkin.
Quyidagilar ish beruvchilar sifatida ish yuritishi mumkin:
mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlar;
tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda tashkilotlarning alohida bo‘linmalari deb yuritiladi);
jismoniy shaxslar.
Jismoniy shaxslar quyidagi hollarda ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:
agar ular yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa;
agar ular o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollashni amalga oshirsa;
agar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ularning kasbiy faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim bo‘lsa hamda ular mazkur faoliyatni amalga oshirish maqsadida xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarga kirishgan bo‘lsa.
20-modda. Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati Mehnat huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘lish layoqati (mehnatga oid huquq layoqati) hamda fuqaroning (jismoniy shaxsning) o‘z xatti-harakatlari orqali mehnat huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun mehnat majburiyatlarini olish va ularni bajarish layoqati (mehnatga oid muomala layoqati) O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun teng ravishda e’tirof etiladi.
Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, xuddi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ega bo‘lgan mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘ladi.
Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati u o‘n olti yoshga to‘lgan paytidan e’tiboran bir vaqtning o‘zida vujudga keladi, bundan ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar mustasno.