190-modda. Ish vaqtidan tashqari ishlarning eng ko‘p davomiyligi Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak.
Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari ishining davomiyligi aniq hisobga olinishini ta’minlashi shart.
2-§. Ish vaqti rejimi va uni hisobga olish 191-modda. Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi Muayyan kalendar davr mobaynida (ish kunining, haftaning, ish vaqtini jamlab hisobga olish qo‘llanilganda esa hisobga olish davrining haftasidan oshadigan davr mobaynida) ish vaqtining taqsimlanishi ish vaqti rejimidir.
Ish vaqti rejimi quyidagilarni belgilaydi:
ish haftasining turi va davomiyligini (ikki kun dam olinadigan besh kunlik ish haftasi, bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi, o‘zgaruvchan jadval bo‘yicha dam olish kunlari beriladigan ish haftasi, to‘liqsiz ish haftasi);
ish kuni (smena) boshlanadigan, tugaydigan vaqtni va uning davomiyligini;
dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa tanaffuslar vaqtini;
ish kunlarining va ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashishini;
sutkadagi smenalar sonini;
xodimlarning smenalar bo‘yicha almashish ketma-ketligini.
Ish vaqtining rejimi ichki mehnat tartib qoidalarida, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallarida, boshqa ichki hujjatlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Mehnat shartnomasida xodim uchun ichki mehnat tartibi qoidalarida, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallarida yoki boshqa ichki hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy ish vaqti rejimidan farq qiladigan shaxsiy ish vaqti rejimini belgilash nazarda tutilishi mumkin.
192-modda. Smenali ishda ish vaqti rejimi Ikki va undan ortiq smenadagi ish smenali ish deb hisoblanadi. Smenali ish ishlab chiqarish jarayonining (ishning) davomiyligi har kungi ishning belgilangan davomiyligidan oshadigan hollarda, shuningdek asbob-uskunalardan yanada samarali foydalanish, ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmini oshirish maqsadida joriy etiladi.
Smenali ishda ish vaqti rejimi smenalarga bo‘linib ishlash jadvali bilan belgilanadi. Xodimlar smenalar bo‘yicha bir maromda navbat almashadi.
Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi. Smenalar orasidagi har kungi dam olishning eng kam davomiyligi (bitta smena oxiridan to keyingi smena boshlanishiga qadar) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak.