308-modda. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘n besh ish kunidan oshmasligi kerak.
Xizmat tekshiruvini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda, obyektiv sabablarga ko‘ra tugallash mumkin bo‘lmagan alohida hollarda, ish beruvchi komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatini yana o‘n besh ish kunigacha uzaytirishga haqlidir.
309-modda. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish vaqtida xodimni ishdan chetlashtirish Agar xodimning ish joyida hozir bo‘lishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli.
Xodimni ishdan chetlashtirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi va buyruq o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimning e’tiboriga imzo qo‘ydirib yetkaziladi. Agar xodim uni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni yoki bunday buyruqqa imzo qo‘yishni rad etsa, komissiya a’zolari tegishli dalolatnoma tuzadi. Ish beruvchi xodimning talabiga ko‘ra unga ishdan chetlashtirish haqidagi buyruqning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini u murojaat etgan kunidan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berishi shart. Xodimni ishdan chetlashtirish muddati ushbu Kodeksning 308-moddasida belgilangan xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatidan oshib ketmasligi kerak.
O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligi sababli ishdan chetlashtirilgan xodimga ishdan chetlashtirishning butun davri uchun o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
310-modda. Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma tegishli qarorni qabul qilish uchun ovoz bergan komissiya a’zolari tomonidan imzolanishi kerak. Xizmat tekshiruvining natijalari haqidagi qarordan rozi bo‘lmagan komissiya a’zosi xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga ilova qilinadigan o‘zining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqlidir.
Xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan xodim to‘g‘risidagi (xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, u bajarayotgan ish (egallagan lavozim), ushbu ish beruvchidagi ish staji, ilgari sodir etilgan intizomiy huquqbuzarliklar uchun intizomiy jazoning mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlar);
xizmat tekshiruvini o‘tkazgan komissiya tarkibi to‘g‘risidagi;
xizmat tekshiruvini o‘tkazish asoslari haqidagi;
xodim intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi;
intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi;
o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan xodimning tushuntirishlarida ko‘rsatilgan vajlar to‘g‘risidagi;
xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi holatlari va uning oqibatlari haqidagi;
xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun uning aybdorligini tasdiqlovchi yoki istisno etuvchi materiallar to‘g‘risidagi;
intizomiy qilmish sodir etilganligi natijasida xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning xususiyati va miqdori haqidagi (agar shunday zarar mavjud bo‘lsa).
Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xizmat tekshiruvi natijasida komissiya kelgan xulosalar shakllantirilgan bo‘lishi kerak. Xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada xodimni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida, xodim ish beruvchiga haqiqatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazganligi fakti aniqlangan taqdirda esa moddiy javobgarlikka ham tortish haqida ish beruvchiga yo‘llangan takliflar, shuningdek mehnat intizomini kuchaytirishga, xodimlar tomonidan intizomiy qilmishlar sodir etishga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan, profilaktika xususiyatiga ega bo‘lgan tavsiyalar mavjud bo‘lishi kerak.
Agar xizmat tekshiruvini o‘tkazish natijasida xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjud emasligi yoxud xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun aybi yo‘q ekanligi aniqlansa, xizmat tekshiruvining natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xodimga nisbatan asossiz shubhalanish uchun imkon bergan sabablar yoxud xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilayotgan haqiqiy sabablar ko‘rsatilishi kerak.
Agar komissiya xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun xodimning sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi noto‘g‘ri ma’lumotlar asos bo‘lganligini aniqlasa, xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida ushbu ma’lumotlarni rad etish haqidagi tavsiyalar bo‘lishi kerak.
Agar xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik yoxud jinoyat alomatlari aniqlansa, xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada tekshiruv materiallarini tegishli davlat organlariga yuborish haqidagi takliflar ko‘rsatiladi.
Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma komissiya to‘plagan boshqa materiallar bilan birga ish beruvchiga komissiya majlisida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi haqida qaror qabul qilinganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay topshirilishi kerak.