Ijtimoiy sohada davlat siyosatining takomillashib borishi Aholi
3. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy himoya va manzilli ijtimoiy yordamni amalga oshirishdagi ishtiroki. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi raisi A.Saidov, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori E.Solihov va boshqalar NNTlarni rivojlantirish, davlat va jamiyatni boshqarish, mamlakatimizni demokratik yangilashda ularning o‘rni hamda ahamiyatini izchillik bilan oshirish borasida O‘zbekistonda to‘plangan boy tajriba haqida so‘z yuritdi.
Aholi keng qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va xalqimiz tarixidan keng o‘rin olgan mustaqil hamda barqaror fuqarolik institutlari demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘layotgani, fuqarolarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bunda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Kuchli davlatdan-kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining izchil amalga oshirilishi muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur tamoyilga binoan nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari, jamg‘armalar va mustaqil ommaviy axborot vositalarini shakllantirish hamda rivojlantirishning mustahkam qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazasi yaratilgan.