Faoliyat mahsulini tahlil qilish metodi. Bu metod psixologiyada inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati va xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida keng qo`llaniladi. Odam chizgan rasmlar, yasagan o`yinchoqlar, modellar, to`qigan narsalar, tikkan qo`g`irchoqlar, to`qib, so`zlab berilgan hikoyalar, texnik konstruksiyalar sxemasini tushunish kabilarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri, badiiy va adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli, texnik ijodi yuzasidan materiallar to`plash mumkin. Mazkur metodda ijod mahsulini yaratgan jismoniy shaxs bevosita ishtirok etmaydi. Tekshiriluvchi bilan tekshiruvchi o`rtasida muloqot o`rnatish uchun shaxsning psixikasi to`g`risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Tekshiruvchi (o`qituvchi, murabbiy, psixolog) ekspert tariqasida shaxslar ijodiyotiga baho beradi, bunda mehnat mahsulining shakli, mazmuni, sifati, originalligi, hajmi, xususiyati bilan keskin.
Psixometrik usullar.Psixometriya-psixik voqea va hodisalarning miqdoriy tomonining nisbati va tavsiflarini o`rganadi. Psixometriyaning muhim belgisi psixik jarayonlarning individual farqlar, empirik dalillar dinamikasini, parametrlarini o`lchash texnologiyasining standartlashganligidir. Psixometriya ishonchliligi bilan ajralib turuvchi psixodiagnostik metodikalarini yaratishga yo`naltirilgan. Psixometrik usullar tarkibiga psixologik test ham kiradi.
TEST-psixologik diagnostika metodi bo`lib, u ma`lum ma`noga ega bo`lgan standart savol va masalalardan iborat. Test intellektual va maxsus qobiliyatlarini, shaxsning psixofiziologik xususiyatlari va sifatlarining rivojlanishini, kasbiy layoqatni aniqlash, kasbiy ekspertiza va reabilitatsiya shuningdek, kasbiy maslahatlar jarayonida qo`llaniladi.
Test o`tkazish 3 bosqichga ajratiladi:
- test, savolnomasini tanlash (tadqiqot masalasi bilan belgilanadi);
- test o`tkazishda etika normalariga rioya qilgan holda ko`rsatmaga muvofiq tashkil etish;
-olingan ma`lumotlarni qayta ishlash va natijalarni o`rganish.
Kasb psixologiyasida maxsus qobiliyatlarning diagnostikasi va kasbiy yutuqlar muhim ahamiyat kasb etadi. An`anaviy intellektual testlar akademik qobiliyatlarni o`rganishga qaratilgan. Vakant (bo`sh) o`rinlarga nomzodlarni kasbiy tanlovi uchun ishonchli usullarga bo`lgan ehtiyoj psixologlarni maxsus qobiliyatlarni diagnostika qilish uchun test ishlab chiqildi. Ishlab chiqarishning turli sohalari ishchilarning oldiga o`ziga xos talablarni qo`yadi. Kasbiy tanlov, kasbiy maslahat, kadrlarni joylashuvi, vakant ishchi o`rinlarini to`ldirish maqsadida muhim kasbiy psixofiziologik xususiyatlar, psixologik sifatlar, kasbiy malakalarni aniqlash imkonini beruvchi testlar bo`lishi lozim.
Kasbiy yutuqlar testi faoliyatning ma`lum bir turini egallash darajasini o`lchash yoki kasbiy tayyorgarlik natijalarini tashxis qilish maqsadida qo`llaniladi. Maxsus qobiliyatlar testi asosan kasbiy tanlov uchun qo`llaniladi. Ayniqsa, sensor qobiliyatlar diagnostikasi xususiyatlarini ko`rib chiqamiz. Ko`pgina kasblar sensor sohaning xususan ko`rish va eshitishning yuqori darajada rivojlanishini talab qiladi. Vizual qobiliyatlar testi muhim kasbiy belgilarga bog`liq holda ko`rish o`tkirligini, ranglarni farqlay olish va ularning ichki xususiyatlari o`rtasidagi bog`liqliklar darajasini aniqlaydi. Eng keng tarqalgan ko`z o`tkirligini aniqlab beruvchi test-sinovda ishtirok etayotgan sinaluvchilarga bosma harflar tasvirlangan jadval ko`rsatiladi va tadqiqotchi tomonidan ko`rsatilayotgan harflarni aniqlash kerak bo`ladi. Eshitish qobiliyatlarini aniqlashda ovoz, signal ko`p hollarda odam ovozi eshittiriladi. Chuqurroq o`rganilishi maqsadida masalan, musiqiy eshitish qobiliyatini aniqlash testlari qo`llaniladi. Harakat qobiliyatlarini diagnostika qilish-harakat reaksiyalarini tasvirlash va koordinata tezligini aniqlash maqsadida qo`llaniladi. Bunday hollarda biz sensomotor diagnostikasini nazarda tutishimiz kerak, chunki aksariyat hollarda bu ko`rish orqali bajariladi. Chet elda barmoqlar mahoratini, buyumlarni o`ynata olish tezligi, qo`l mustahkamligi, reaksiya vaqti, qo`l harakatining tezligini tahlil etuvchi testlar keng tarqalgan. Motor testiga misol keltiramiz. Bunda tadqiqotda ishtirok etayotganlarning oldiga ikki seriyadan iborat bo`lgan to`g`ri burchakli taxta qo`yiladi. Har qaysi seriyasida 48 tadan teshik bo`lib, seriyalardan biridagi teshiklar silindrli sterjenlar bilan to`ldirilgan. Sinaluvchilarga imkon qadar sterjinlarni boshqa seriyalardagi teshiklarga olib o`tish taklif qilinadi. Bunday tadqiqotda ishtirok etayotgan kishi ma`lum vaqt davomida ishning qancha qismini bajara olgani hisobga olinadi. Shuningdek, ishchilar kasbiy tanlovida texnik qobiliyatlar testi muhim o`rin egallaydi.