Darslarni tahlil etish maqsadlari Darslar aniq maqsad asosida kuzatilishi va tahlil qilinishi lozim. SHundagina natijasi samarali bo‘ladi va o‘quv jarayoni yuzasidan aniq xulosa chiqarish imkonini beradi. Dars tahlilida tizimsizlik, aniq bir maqsadning yo‘qligi, darsga tasodifan qatnashish, darsni chuqur tahlil qila olmaslik, o‘qituvchiga amaliy yordam ko‘rsata olmaslik esa darslar sifatining va saviyasining pasayib ketishiga olib keladi.
Darslarni tahlil qilish faqatgina metodik ahamiyatga ega bo‘lmay, balki maktabda o‘quv-tarbiya jarayoniga rahbarlik va nazoratning muhim shakllaridan biridir. O‘qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish amaliyotining tizimli amalga oshirilishi darslarni qiyoslash va yo‘l qo‘yilgan xatolarning bartaraf etilganligini aniqlash imkoniyatini beradi. O‘qituvchilarning o‘zaro dars kuzatishi tajriba almashinuv jarayoni bo‘lib, dars o‘tayotgan o‘qituvchi bor mahoratini ishga solib, yuqori ishchanlik bilan faoliyat ko‘rsatsa, tahlil qiluvchi o‘qituvchi esa
taklif va mulohazalar berish orqali tajribasini boyitadi, metodik malakasini oshiradi.
Dars tahlili o‘quv mashg‘ulotini kuzatish, o‘rganish shaklida olib boriladi. SHu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘qituvchining darsi kim tomonidan kuzatilishi lozim? Qanday maqsad bilan kuzatiladi va tahlil qilinadi? O‘qituvchining darsi viloyat XTB, tuman, xalq ta’limi bo‘limi, ta’lim muassasalari rahbarlari,
xodimlari, metodistlar va o‘qituvchilar tomonida kuzatiladi va tahlil qilinadi. Buning uchun, eng avvalo, darsga kirishdan maqsad nimadan iborat
ekanligini aniqlab olish zarur. Dars quyidagi maqsadda kuzatiladi va tahlil
qilinadi:
· ta’lim va tarbiya jarayoni sifatini aniqlash;
· o‘qituvchining pedagogik mahoratini oshirishga yordam berish;
· ilg‘or ish usullari va metodlarini o‘rganish va ommalashtirish;
· o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi;
· o‘quvchilarning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash;
· ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
· o‘quvchilarning bilish faoliyatini o‘rganish;
· dars jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, o‘qituvchiga amaliy va metodik yordam ko‘rsatish;
· ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilar psixologik xususiyatlarini o‘ziga
xosligini e’tiborga olish;
· darsda o‘quvchilarni faollashtirish va mavzuni o‘zlashtirishlarini
e’tiborga olinganligi. Dars - o‘quv jarayonining juda ko‘p ta’lim-tarbiya qirralarini hal qiluvchi
asos hisoblanadi. SHunga ko‘ra darsni kuzatuvchi va tahlil qiluvchilardan
maxsus tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi.
Darsni tahlil qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi. · Darsni kuzatishga tayyorgarlik.
· Darsning borishini kuzatish.
· O‘z-o‘zini tahlil qilishni ta’minlash.
· Dars tahlili va takliflar berish.