O„ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY TA‟LIM VA
INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI
TURON XALQARO UNIVERSITETI
TURON XALQARO UNIVERSITETI
“Gumanitar fanlar va pedagogika”
Fakulteti
XTA 23-DU guruh talabasi Anvarova Mavludaning
Falsafa fanidan tayyorlagan
REFERATI
Namangan- 2023
2
Mavzu: Ontologiya, gnotseologiya va ong falsafasi
Reja
1. Borliq va uning mavjudlik shakllari.
2. Borliq va yo‗qlik, mavjudlik va reallik.
3. Harakat, fazo va vaqt, makon va zamon.
4. Borliq falsafasini o‗rganishning ahamiyati.
5. Bilish va bilim — falsafiy tahlil mavzui.
6. Bilishning ob‘ekti va sub‘ekti. Inson bilishining asosiy bosqichlari.
7. Ilmiy bilishning mohiyati va usullari. Metod, nazariya va metodologiya.
8. Ong va ongsizlik nima.
Tayanch tushunchalar
Borliq, yo‘qlik, mavjudlik, reallik, materiya, harakat, rivojlanish, fazo, vaqt,
Bilish, gnoseologiya, bilim, kundalik (empirik) bilim, nazariy bilim, bilish ob’ekti,
bilish sub’ekti, hissiy bilish, mantiqiy bilish, ilmiy bilish metodlari, nazariya,
haqiqat, nisbiy haqiqat, mutlaq haqiqat, ong, onglilik, avtomatizm, ongsizlik,
ruhiyat, arxitip.
3
Borliq tushunchasi. Faylasuflar qadim zamonlardan buyon «borliq» va
«yo‗qlik» haqida bahs yuritishgan. Ular borliqning vujudga kelishi, mohiyati,
xususiyatlari va shakllari haqida ko‗plab asarlar yozishgan. Xo‗sh, borliq nima? Bu
savol bir qarashda juda oddiy ko‗ringani bilan unga shu choqqacha barcha
kishilarni birday qanoatlantiradigan javob topilgani yo‗q. Bu holat borliqqa
turlicha nuqtai nazarlardan qarashlarning mavjudligi bilan izohlanadi. Masalan,
ayrim faylasuflar borliqni moddiylik, moddiy jismlar bilan bog‗lab tushuntirishadi.
Ularning nuqtai nazarlaricha, borliq – ob‘ektiv realliknigina qamrab oluvchi
tushunchadir. U holda fikr, inson tafakkuri, o‗y-xayollarimiz borliq tushunchasidan
chetda qolar ekanda, degan savolga ular, bunday tushunchalar ob‘ektiv reallikning
hosilasidir, deb javob berishadi.
Falsafaning borliq haqidagi ta‘limotni izohlaydigan qismi — ontologiya deb
ataladi. (Bu tushunchani falsafada birinchi bor X. Volf qo‗llagan). Olam va borliq
masalalarini falsafaning ana shu sohasi o‗rganadi.
Yo‗qlik hech nima demakdir. Hamma narsani hech narsaga aylantiruvchi,
hamma narsaning ibtidosi ham, intihosi ham yo‗qlikdir. Bu ma‘noda yo‗qlik
cheksizlik, nihoyasizlik va mangulik bilan birdir. Yo‗qlik chekingan joyda borliq
paydo bo‗ladi. Demak, borliqning bunyodkori ham, kushandasi ham yo‗qlikdir.
Borliq yo‗qlikdan yo‗qlikkacha bo‗lgan mavjudlikdir. Yo‗qlikni hech narsa bilan
qiyoslab bo‗lmaydi. Fanda yo‗qlik nima, degan savolga javob yo‗q.
Borliq haqidagi kontseptsiyalar. Tarixdan ma‘lumki, faylasuflar borliq haqida
turlicha g‗oyalarni ilgari surishgan. Markaziy Osiyo tuprog‗ida vujudga kelgan
zardo‗shtiylik ta‘limotida borliq quyosh va olovning hosilasidir, alangalanib turgan
olov borliqning asosiy mohiyatini tashkil etadi, deb hisoblangan. Chunki bu g‗oya
bo‗yicha, har qanday o‗zgarish va harakatning asosida olov yotadi va u borliqqa
mavjudlik baxsh etadi.
Qadimgi yunon faylasufi Suqrot borliqni bilim bilan qiyoslaydi va uningcha,
biror narsa, biz uni bilsakkina bor bo‗ladi, insonning bilimi qancha keng bo‗lsa, u
shuncha keng borliqni qamrab oladi, deb hisoblaydi.
4
Qadimgi dunyoning atomist olimi Demokrit borliq atomlar majmuasidan
iborat
deb
tushuntirgan.
Uning
fikricha,
borliqning
mohiyati
uning
mavjudligidadir. Mavjud bo‗lmagan narsa yo‗qlikdir.
Islom ta‘limotida esa borliq bu ilohiy voqelikdir. Ya‘ni u Olloh yaratgan
mavjudlikdir. Bu borada vahdati vujud va vahdati mavjud ta‘limotlari bo‗lgan.
Islom diniga mansub mutafakkirlar borliq haqidagi ta‘limotni har taraflama
rivojlantirganlar. Masalan, Forobiy fikricha, ilk borliq azaliy Ollohning o‗zidir.
Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida yotadi,
demak, borliq hamma narsaning asosidir. Evropada o‗tgan olimlar David Yum va
Jorj Berkli borliqni sezgilarimiz majmuasi deb talqin etishgan.
Hegel esa borliqni mavhumlik, mutlaq ruhning namoyon bo‗lishi, deb
ta‘riflaydi. Ko‗pgina naturfalsafiy qarashlarda borliqni hozirgi zamon bilan, ya‘ni
shu aktual olamga bog‗lab tushuntirdilar.
Aslida, borliq keng falsafiy tushuncha bo‗lib o‗ziga butun mavjudlikni, uning
o‗tmishi, hozir va kelajagini ham qamrab oladi. Faylasuflar borliqni tushuntirish
uchun yo‗qlik tushunchasini unga antipod qilib olishgan va shu asosda borliqning
zaruriy mohiyatini ochishga intilganlar. Materialistik adabiyotlarda borliqni
ob‘ektiv reallik bilan, materiya bilan aynanlashtirib tushuntirishadi.
Borliq o‗ziga ob‘ektiv va sub‘ektiv reallikni, mavjud bo‗lgan va mavjud
bo‗ladigan olamlarni, moddiylik va ma‘naviylikni, o‗tmish va kelajakni, o‗limni va
hayotni, ruh va jismni qamrab oluvchi umumiy tushunchadir.
Borliq va mavjudlik. Atrofimizdagi odam, olam, tabiat, jamiyat, tafakkur,
g‗oyalar, o‗y-xayollarimiz barchasi birday mavjuddir, ular turli tarzda va
shakllarda namoyon bo‗lib, hammasi mavjudlik belgisi ostida umumlashib, borliq
tushunchasiga kiradi.
Materialistik mazmundagi borliq tushunchasi ta‘rifiga faqat ob‘ektiv real
olam, ongdan tashqaridagi, unga bog‗liq bo‗lmagan jismoniy mohiyatga ega
bo‗lgan narsalargina kiritiladi. Borliqning ideal, virtual, potentsial, abstrakt,
ma‘naviy shakllari bu ta‘rifdan tashqarida qoladi. Aslida esa, borliq kategoriyasi
umumiy abstraktsiya bo‗lib, mavjudlik belgisi bilan barcha narsa va hodisalarni
5
o‗ziga qamrab oluvchi o‗ta keng tushunchadir. U o‗ziga nafaqat ob‘ektiv reallikni,
balki sub‘ektiv reallikni ham qamrab oladi.
Borliq mavjudlik va reallik tushunchalariga qaraganda ham kengroq
tushunchadir. Mavjudlik — borliqning hozirgi paytda namoyon bo‗lib turgan qismi
bo‗lib, o‗tgan va mavjud bo‗ladigan narsa va hodisalar ham borliq tushunchasiga
kiradi. Reallik esa, mavjudlikning hammaga ayon bo‗lgan, ular tomonidan tan
olingan qismi. Borliq o‗ziga reallikni ham, mavjudlikni ham qamrab oladi.
An‘anaviy falsafiy qarashlarda borliqning uchta sohasi ajratib ko‗rsatiladi. Ularga:
tabiat borlig‗i, jamiyat borlig‗i, ong borlig‗i kiradi. Bular uchun eng umumiy belgi,
ularning mavjudligidir.
Shuningdek, falsafiy adabiyotlarda tabiat borlig‗i va jamiyat borlig‗ining
quyidagi shakllari ham farqlanadi. Tabiat borlig‗i odatda tabiatdagi narsalar
(jismlar), jarayonlar, holatlar borlig‗i sifatida tushuniladi. U ikkiga bo‗linadi:
azaliy tabiat borlig‗i (yoki tabiiy tabiat borlig‗i, u insondan ilgari va uning
ishtirokisiz ham mavjud bo‗lgan) va odam mehnati bilan ishlab chiqarilgan
narsalar borlig‗i («ikkinchi tabiat» borlig‗i, ya‘ni madaniyat). Ikkinchi tabiat
borlig‗i esa, o‗z navbatida, quyidagi ko‗rinishlarda uchraydi:
- inson borlig‗i (insonning narsalar olamidagi borlig‗i va odamning o‗ziga xos
bo‗lgan insoniy borlig‗i);
- ma‘naviy borliq (individuallashgan va ob‘ektivlashgan ma‘naviy borliq);
- sotsial borliq (ayrim odamning tarixiy jarayondagi borlig‗i va jamiyat
borlig‗i), u ijtimoiy borliq ham deb ataladi.
Borliqning moddiy shakli materiya o‗ziga barcha jismlarni, hodisalarni,
jarayonlarni va ularning xususiyatlarini qamrab oladi. Bundan tashqari u tafakkurni
ham, olamda mavjud bo‗lgan barcha aloqadorliklarni va munosabatlarni ham
qamrab oluvchi umumiy falsafiy tushunchadir. Borliqning moddiy shakliga xos
umumiylikni axtarishning bir yo‗nalishi moddiy olamning asosida yotuvchi
umumiy mohiyatni axtarish yo‗li bo‗lib, yuqorida qayd etganimizdek,
substantsiyani aniqlash yo‗lidir. Ikkinchi yo‗l esa — moddiy olamning asosiy
tarkibiga kiruvchi «qurilish elementlarini»- substratni axtarish yo‗li. Uchinchi yo‗l
6
— hamma narsaning vujudga keltiruvchi bosh sababchisini, ota moddani, ya‘ni
pramateriyani axtarish yo‗li. Mana shu yo‗l haqida maxsus to‗xtab o‗taylik.
Olamning substantsiyasini axtarishning bu usuli go‗yoki meva iste‘mol
qilayotgan kishi, uning kelib chiqishini axtarib, dastlab daraxtga, so‗ngra uning
guliga, bargiga, ko‗chatiga va urug‗iga nazar solganidek, atrofimizdagi moddiy
olamning o‗zagida dastlabki yaratuvchi modda sifatida nima yotishini, ya‘ni ilk
materiyani, azaliy materiyaning «bobokolonini», «pramateriyani» axtarish usulidir.
Moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish falsafada
materiya haqidagi tasavvurlarning maydonga kelishiga va rivojlanishiga sababchi
bo‗ldi. Materiya tushunchasi moddiy unsurga nisbatan ham, atomga nisbatan ham,
pramateriyaga nisbatan ham umumiyroq bo‗lgan tushunchadir. Materiya olamdagi
barcha moddiy ob‘ektlarni, butun ob‘ektiv reallikni ifoda etuvchi eng umumiy
tushunchadir. Faylasuflar «Tom ma‘nodagi materiya faqat fikrning maxsuli va
abstraktsiyasidir» deb yozishadi. Faylasuflar barcha moddiy ob‘ektlarga xos
xususiyatlarni umumiy tarzda ifodalash uchun qo‗llaydigan tushuncha materiya
deb ataladi. Demak, materiya moddiy ob‘ektlarga xos eng umumiy tushuncha,
falsafiy kategoriyadir.
Albatta bu ta‘riflarni bir yoqlama mutlaqlashtirib tushunmaslik lozim. Bu
ta‘riflarda ko‗proq sezgi a‘zolarimizga bevosita ta‘sir etishi mumkin bo‗lgan
reallik nazarda tutilgan.
XX asrning o‗rtalariga kelib, kvant mexanikasi, nisbiylik nazariyasi va
hozirgi zamon kosmologiyasi sohalaridagi ilmiy yutuqlar kishilarning ob‘ektiv
olam hakidagi tasavvurlarini tubdan o‗zgartirib yubordi. Natijada, tabiatshunos
olimlar sezgilarimizga bevosita ta‘sir etishining imkoni bo‗lmaydigan realliklar
haqida ham tadqiqotlar olib bora boshladi.
Olamning klassik mexanika nuqtai nazaridan kelib chiqib, nisbatan kichik
tezlikda harakatlanuvchi sistemalar haqidagi ilmiy manzarasi o‗rnini yangicha
ilmiy manzaralar egallay boshladi. Bu esa materiya haqidagi tasavvurlarning
yanada rivojlanishiga sharoit tug‗dirdi. Bu o‗zgarishlarni hisobga olib, marksist-
faylasuflar bu ta‘rifga sezgilarimizga bevosita yoki bilvosita (ya‘ni turli asboblar;
7
qurilmalar vositasida) ta‘sir etuvchi, degan qo‗shimcha kiritishdi. Shunday qilib,
bu ta‘rif go‗yo materiyaning moddaviy va nomoddaviy shakllarini, ya‘ni modda va
antimodda ko‗rinishlarini qamrab oluvchi ta‘rifga aylandi.
Materialistlar materiyani ob‘ektiv reallik, deb ta‘riflashadi. Ob‘ektiv reallik
inson sezgilariga bog‗liq bo‗lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo‗lgan
voqelikdir. Bu butun mavjudlikning sub‘ektiv reallikdan tashqaridagi qismi
hisoblanadi. Ob‘ektiv reallikning mavjudligi qanday namoyon bo‗ladi? Bu savolga
javob topishda, borliqning ajralmas xususiyatlarini o‗rganishga to‗g‗ri keladi. Har
qanday jismning ajralmas xususiyati lotincha «atribut» so‗zi bilan ataladi.
Borliqning atributlari. Muayyan jismning aynan shu jism ekanligini
belgilovchi xususiyatlari uning atributlari bo‗ladi. Borliqning ham bir qancha
atributlari mavjuddir. «lar: harakat, fazo, vaqt, in‘ikos, ong va boshqalar. Borliq
o‗zining xossalari, xususiyatlari orqali namoyon bo‗ladi. Endi borliqning
atributlari, ya‘ni ajralmas tub xususiyatlari haqida to‗xtab o‗taylik.
Harakat. Borliqning atributlari ichida uning asosiy mavjudlik usulini ifoda
etuvchi xususiyati harakat hisoblanadi. Chunki borliq harakatsiz o‗zining
strukturaviy yaxlitligini saqlay olmaydi. Buni moddiy borliq misolida qarab
chiqaylik. Faraz qiling, qarshimizda biror jism turibdi. Agar harakat bo‗lmaganida
edi, yorug‗lik nurlari shu jismga urilib bizga qaytmagan bo‗lar edi, ya‘ni biz uni
ko‗rmagan bo‗lar edik. Shuningdek, bu jismning yaxlitligini saqlab turgan
molekulalar, atomlar, elementar zarrachalar o‗rtasidagi o‗zaro ta‘sirlar ham
bo‗lmasdi. Natijada bu jismning strukturaviy birligiga putur etgan bo‗lar edi.
Tevarak-atrofimizdagi predmetlar va hodisalar harakat tufayli o‗zining muayyan
tartibini va birligini saqlab turadi, shu tufayli, o‗sish, ulg‗ayish, ravnaq topish,
rivojlanish mavjuddir.
Harakat, bir tomondan, moddiy jismlar o‗rtasidagi va ularni tashkil etuvchi
elementlar o‗rtasidagi aloqadorliklarning natijasi, boshqa tomondan esa, ulardagi
o‗zgarishlar sifatida sodir bo‗ladi. Shu nuqtai nazardan ham falsafaning harakat bu
umuman har qanday o‗zgarishdir, deyilgan ta‘rifi juda o‗rinlidir. Harakatning
8
manbai haqida gap ketganda, ana shu o‗zgarishlarning asosida yotuvchi o‗zaro
ta‘sirlar va ular orasidagi munosabatlar nazarda tutiladi.
Demak, har qanday harakatning manbai shu sistemadagi ichki o‗zaro ta‘sirlar
ekan, har qanday jismning mavjudligini, eng avvalo, uning ichki aloqadorliklari
ta‘minlaydi.
Harakatning turlari haqidagi mulohaza, asosan, o‗zgarishlarning xususiyatiga
asoslangan. O‗zgarishlar oddiy fazoviy siljishdan tortib, murakkab ijtimoiy
o‗zgarishlargacha takomillashib borgan. Shu tufayli harakatga faqatgina fazoviy
siljish, deb qaramaslik lozim. Bunday qarash olamdagi barcha jarayonlarga
mexanik harakat nuqtai nazaridan yondashishni vujudga keltiradi. Aslida olamda
o‗zgarishning xilma-xil ko‗rinishlari mavjud bo‗lib, ular bir-biridan sifatiy farq
qiladi.
Mexanik, ximiyaviy, biologik, fizik o‗zgarishlar bilan ijtimoiy o‗zgarishlarni
aslo taqqoslab bo‗lmaydi. To‗g‗ri, bu o‗zgarishlar uchun umumiy bo‗lgan fazoviy
siljishlar harakat shakllarining hammasida ham, u yoki bu ko‗rinishda namoyon
bo‗lishi mumkin. Lekin hamma o‗zgarishni ham, faqatgina fazoviy siljishdan
iborat, deb bo‗lmaydi. Masalan, Erning Quyosh atrofidagi, Oyning Er atrofidagi
harakatini fazoviy siljishning yaqqol ko‗rinishi deyishimiz mumkin. Lekin Er
bag‗rida ro‗y berayotgan murakkab geologik jarayonlarni, Er sirtidagi biosferaning
yashash usulini birgina mexanik siljish bilan izohlab bo‗lmaydi. Harakatning
shakli qanchalik murakkab bo‗lsa, u bilan bog‗liq bo‗lgan o‗zgarishlar ham shu
qadar murakkab bo‗ladi. Materiyaning tashkiliy struktura darajasi qanchalik yuqori
darajada bo‗lsa, unda fazoviy siljish ham shu qadar kam seziladi.
O‗zgarishlarning shunday bir shakli borki, uni falsafada rivojlanish deb
ataladi. Rivojlanish bu — muayyan sistemaning muayyan vaqt va fazodagi yaxlit,
kompleks, orqaga qaytmaydigan, ilgarilanma yo‗nalishga ega bo‗lgan, miqdoriy va
sifatiy o‗zgarishidir.
Shu jihatdan harakatning ikki xil turi bir-biridan farq qilinadi. Harakatning
birinchi turi jismda uning sifati va turg‗unligini saqlagan holda ro‗y beradigan
ichki o‗zgarishlarni o‗z ichiga oladi. Ya‘ni har qanday jismda beto‗xtov ichki
9
o‗zgarishlar ro‗y berib turadi, lekin bu o‗zgarishlar shu jismning tashqi sifatiga
jiddiy ta‘sir ko‗rsatmaydi.
Atrofimizni qurshab turgan har bir jism molekulalardan, molekulalar esa
atomlar va elementar zarrachalardan tashkil topgan ekan, bu jismlarning
molekulyar va atom tuzilish darajasida ham beto‗xtov o‗zgarishlar ro‗y berib
turadi. Shuningdek, har bir jism o‗zining atrofidagi boshqa jismlarning va ulardan
tarqalayotgan nurlanishlarning ta‘siriga ham uchrab turadi. Bunday tashqi
ta‘sirlarni o‗zida in‘ikos ettirish jarayonida ro‗y beradigan o‗zgarishlar ham bu
jismning sifatiy o‗zgarib ketishiga olib kelmasligi, uning turg‗unligi va asosiy
sifati saqlanib qolishi mumkinligi haqida xulosa chiqarish mumkin. Biz yuqorida
qayd etgan ichki va tashqi ta‘sirlar oqibatida ro‗y beruvchi o‗zgarishlar asta-sekin
to‗planib, keyinchalik jismda keskin sifatiy o‗zgarishning vujudga kelishiga ham
sabab bo‗lishi mumkin. Mana shunday o‗zgarish, ya‘ni jismning sifatini
o‗zgartiruvchi harakat ikkinchi turdagi harakatga kiradi va u rivojlanish deb
ataladi.
Rivojlanish jarayoni ham ikki turda bo‗ladi. Birinchi turdagi rivojlanish
bo‗yicha, jismda har qanday sifatiy o‗zgarish ro‗y berishiga qaramasdan, uni
tashkil etgan materiyaning sifatiy tuzilish darajasi o‗zgarmasdan qolaveradi.
Masalan, notirik tabiatga mansub bo‗lgan Quyoshdagi ravojlanishni olib
qaraylik. Olimlarning taxminlariga ko‗ra, hozir sirtida 6 ming, ichida esa bir necha
mln. darajali haroratga ega bo‗lgan Quyosh borib-borib soviydi va qizil gigantga
aylanadi, ya‘ni Quyoshning markazidagi termoyadro energiyasi so‗ngach, ichki
zichligi pasayadi va markazdagi tortishish quvvati susayadi. Oqibatda Quyosh
shisha boshlaydi va Er orbitasini ham o‗z ichiga olgan ulkan qizil yulduz vujudga
keladi, u asta-sekin sovib, qizil karlikka, so‗ngra esa «qora karlikka», keyin bo‗lsa
neytron yulduzga aylanadi. Bunday o‗zgarishlar natijasida borliqning tashkiliy
struktura darajasi o‗zgarmaydi, ya‘ni jonsiz tabiat shaklidagi darajasi saqlanadi.
Jonli tabiatning vujudga kelishi, o‗simliklar va hayvonot olamining paydo
bo‗lishi, odamning shakllanishi, jamiyatning vujudga kelishi singari sifatiy
o‗zgarishlar esa, rivojlanishning ikkinchi turiga kiradi.
10
Falsafa fanida harakatning bir-biridan sifatiy farq qiluvchi bir qancha boshqa
shakllari ham o‗rganiladi.
Materalist bo‗lgan faylasuflar harakat shakllarini turkumlaganida, quyidagi
mulohazalarga tayanib ish yuritadilar:
1) harakat shakllari bir-birlari bilan sifat jihatidan farq qilib, ularning har biri
materiyaning tashkiliy tuzilishi darajalarining muayyan bosqichida namoyon
bo‗ladi;
2) materiyaning harakat shakllari bir-biri bilan genetik jihatidan, kelib
chiqishi jahatdan ketma-ket bog‗langan, ya‘ni harakatning murakkabroq shakllari
uning nisbatan soddaroq shakllaridan kelib chiqqandir;
3) harakatning yuqori shakllari tarkibidagi quyi shakllari uning yuqori
shakllariga ham mansubdir, ammo harakatning yuqori shakli o‗zidan quyi
shakldagi harakatga mansub emasdir. Shu mulohazalarga tayangan holda,
harakatning beshta shaklini ajratib olish mumkin. Ular — mexanik, fizik,
ximiyaviy, biologik va ijtimoiy harakatlardir.
Falsafada harakat shakllarini turkumlashning bir qancha boshqa ko‗rinishlari
ham bor. Ayrim olimlar harakat shakllarini har bir fanning nomi bilan bog‗lash
kerak, deb hisoblashadi. Bunday qarashning xatoligi shundaki, fanlarning
ko‗pchiligi harakat shaklini emas, balki miqdoriy munosabatlar va holatlarni aks
ettiradi. Masalan geodeziya yoki geometriya, trigonometriya yoki topografiya,
chiziqli algebra qanday harakat shaklini o‗rganadi? Kibernetika esa ham tabiatda,
ham jamiyatda amal qiluvchi boshqarish jarayonlarini o‗rganadi, ya‘ni bu fan bitta
emas, balki bir qancha harakat shakllarini qamrab oladi.
Harakat shakllarini turlash bo‗yicha quyidagi tabiiy-ilmiy kontseptsiya ham
diqqatga sazovordir. Mazkur kontseptsiya bo‗yicha harakat shakllari quyidagicha
turlanadi: fizik harakat (elementar zarrachalar, maydon va atomlarning harakati),
ximiyaviy harakat (atomlar va molekulalarning harakati) va bunda harakatning
rivojlanishi ikki yo‗nalishga ajraladi, 1) harakat rivojlanishining yuqori
yo‗nalishida biologik harakat shakllanadi; 2) harakat rivojlanishining quyi
11
yo‗nalishida esa geologik harakat shakllanadi, biologik harakatning taraqqiyoti
ijtimoiy harakatga olib boradi.
Yana bir boshqa kontseptsiyada esa harakat borliqning tashkiliy tuzilish
darajalariga mos ravishda turlangan. Bu kontseptsiyada harakat shakllari uchta
sinfga ajratiladi: notirik tabiatda — elementar zarrachalar va maydon harakati, tirik
tabiatda – hayotning namoyon bo‗lishi, jamiyatda – odamning faoliyati.
Ijtimoiy harakat bizga ma‘lum bo‗lgan harakat shakllari ichida eng murakkabi
bo‗lib, unda insonning ongli faoliyati, inson tafakkuri, ijtimoiy guruhlarning
faoliyati, o‗zaro munosabatlari, jamiyat miqyosidagi ijtimoiy fikr birgalikda
harakatga keladi. Bu harakatni chiziqli, batartib harakatlar bilan mutlaqo taqqoslab
bo‗lmaydi. Uning kelajagini bashorat qilish ham o‗ta murakkabdir.
Borliqning asosiy yashash shakllariga fazo va vaqt kiradi. Fazo narsalarning
ko‗lamini, hajmini, o‗zaro joylashish tartibini, uzlukli yoki uzluksizligini ifodalasa,
vaqt hodisalarning ketma-ketligi, jarayonlarning davomiyligini ifodalaydi.
Ma‘lumki, har qanday moddiy jism joyga, ko‗lamga, hajmga ega. Fazo —
vaqtning muayyan lahzasida olamni tashkil etgan nuqtalarning o‗zaro joylashish
tartibini aks ettirsa, vaqt esa fazoning muayyan nuqtasida ro‗y beruvchi hodisalar
ketma-ketligi tartibini ifodalaydi.
Fazo va vaqt tushunchalari, ko‗p hollarda, forsiy til ta‘sirida yozilgan
adabiyotlarda makon va zamon deb ham ataladi. Bu tushunchalar fazo va vaqtning
tashqi, nisbiy xususiyatlarinigina aks ettiradi, xolos. Fazo narsalar joylashadigan
joy ma‘nosida, vaqt esa hodisalar bo‗lib o‗tadigan muddat ma‘nosida ishlatiladi.
Fazo va vaqtni tushunish bo‗yicha substantsial va relyatsion yondashishlar
mavjud. Substantsial kontseptsiya tarafdorlari fazoni narsalar joylashadigan idish,
bo‗shliq deb bilishadi. Ularning fikricha, hamma narsa fazo ichiga joylashtirilgan.
Fazo o‗ziga narsalarni sig‗diruvchi substantsiya. Hech narsasi yo‗q, ya‘ni narsalar
solinmagan fazo ham bo‗lishi mumkin, deyiladi. Relyatsion kontseptsiya
tarafdorlari esa, narsalar fazoviy o‗lchamga ega, deyishadi.
Hech narsasiz fazoning bo‗lishi mumkin emas. Bu farqni relyativistik fizika
asoschisi Albert Eynshteyn shunday tushuntirgan edi. Faraz qilib, bir kazarma
12
soldatlarni ko‗z oldingizga keltiring. Ilgarigi, Nyuton fizikasiga ko‗ra, soldatlar
chiqib ketishi bilan kazarma bo‗sh qoladi, ana shu substantsial kontseptsiyadagi
fazodir. Yangi fizikaga ko‗ra, soldatlar chiqib ketishi bilan kazarma ham yo‗qoladi.
Bu relyatsion kontseptsiyadagi fazodir.
Fazo va vaqtning xususiyatlari. Fazo va vaqt borliq miqdoriy va sifatiy
jihatlarni ifodalashiga qarab, metrik va topologik xususiyatlarga ega. Fazo va
vaqtning metrik xususiyatlari borliqning miqdoriy munosabatlarini aks ettirib,
o‗lchanadigan, ko‗zga tashlanadigan va nisbiy tabiatli xususiyatlaridir. Ularga
ko‗lam, bir jinslilik, izotroplik (anizotroplik) kabi xususiyatlar kiradi.
Fazo va vaqtning topologik xususiyatlari esa, borliqning tub sifatiy jihatlarini
ifodalaydi. Bunday xususiyatlarga uzuksizlik, bog‗langanlik, o‗lchamlilik,
kompaktlik, tartiblanganlik singari xususiyatlar kiradi. Vaqtning topologik
xususiyatlariga orqaga qaytmaslik, bir o‗lchamlilik kabi xususiyatlar qo‗shiladi.
Fazo (vaqt) ning metrik o‗zgarishlari borliq strukturasini jiddiy o‗zgartira
olmaydi, topologik o‗zgarishlar esa borliqning sifatiy o‗zgarishiga sababchi
bo‗ladi. Masalan, bir bog‗langan sistemaning ko‗p bog‗langan sistemaga o‗tishi
fazo topologiyasini tubdan o‗zgartiradi, ya‘ni fazoning ikki nuqtasini tutashtiruvchi
turlicha yo‗llar paydo bo‗ladi. Bunday fazoda katta idishning ichiga kichik idishni
sig‗dirish mumkin bo‗ladi. O‗lcham darajasi ko‗p bo‗lgan sistema o‗lchov darajasi
kam bo‗lgan sistemaga nisbatan ko‗rinmas va murakkab bo‗ladi. Shuningdek, fazo
va vaqtning metrik xususiyatlarini kuchli o‗zgarishi topologik xususiyatlarining
o‗zgarishiga olib kelishi mumkin. Masalan, fazoning egrilik darajasi kuchli
o‗zgarsa, bir bog‗langan fazo ko‗p bog‗langan fazoga aylanishi mumkin.
Bilish va bilim. Bilishning mohiyati, shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari,
xususiyatlarini o‗rganish falsafa tarixida muhim o‗rin egallab kelmoqda. Inson o‗z
bilimi tufayli borliq, tabiat, jamiyatni va nihoyat, o‗z-o‗zini o‗zgartiradi. Bilishga
qaratilgan inson faoliyatini va uni amalga oshirishning eng samarali usullarini
tadqiq etish falsafa tarixida muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham falsafaning
bilish masalalari va muammolari bilan shug‗ullanuvchi maxsus sohasi —
gnoseologiya vujudga keldi.
13
Inson bilishi nihoyatda ko‗p qirrali, murakkkab va ziddiyatli jarayondir.
Gnoseologiya asosan, bilishning falsafiy muammolarini hal etish bilan
shug‗ullanadi. Har bir tarixiy davr jamiyatning rivojlanish ehtiyojlaridan kelib
chiqib, gnoseologiya oldiga yangi vazifalar qo‗yadi. Xususan, XVII asr o‗rtalarida
evropalik faylasuflar ilmiy bilishning ahamiyati, haqiqiy ilmiy bilishlar hosil
qilishning usullarini o‗rganish, ilmiy haqiqat mezonini aniqlash bilan
shug‗ullandilar. Tajribaga asoslangan bilimgina haqiqiy bilimdir, degan g‗oyani
olg‗a surdilar.
XVIII asr mutafakkirlari ilmiy bilishda inson aqli imkoniyatlariga, ratsional
bilishning hissiy bilishga nisbatan ustunligiga alohida urg‗u berdilar. Buyuk nemis
faylasufi I. Kant bilish natijalarining haqiqiyligi xususida emas, balki insonning
bilish qobiliyatlari haqida bahs yuritdi. Gnoseologiya oldida inson olamni bila
oladimi, degan masala keskin qo‗yildi. Insonning bilish imkoniyatlariga shubha
bilan qaraydigan faylasuflar agnostiklar deb ataldilar.
Bilish nima? Bilish insonning tabiat, jamiyat va o‗zi to‗g‗risida bilimlar hosil
qilishga qaratilgan aqliy, ma‘naviy faoliyat turidir. Inson o‗zini qurshab turgan
atrof-muhit to‗g‗risida bilim va tasavvurga ega bo‗lmay turib, faoliyatning biron-
bir turi bilan muvaffaqiyatli shug‗ullana olmaydi. Bilishning mahsuli, natijasi ilm
bo‗lib, har qanday kasb-korni egallash faqat ilm orqali ro‗y beradi. Shuningdek,
bilish insongagina xos bo‗lgan ma‘naviy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir.
Insoniyat ko‗p asrlar davomida orttirgan bilimlarini umumlashtirib va keyingi
avlodlarga berib kelganligi tufayli ham o‗zi uchun qator qulayliklarni yaratgan.
Inson faoliyatining har qanday turi muayyan ilmga tayanadi va faoliyat jarayonida
yangi bilimlar hosil qilinadi.
Kundalik faoliyat jarayonida tajribalar orqali bilimlar hosil qilish butun
insoniyatga xos bo‗lgan bilish usulidir. Bilimlar bevosita hayotiy ehtiyojdan,
farovon hayot kechirish zaruratidan vujudga kelgan va rivojlangan. Insoniyatning
ancha keyingi taraqqiyoti davomida ilmiy faoliyat bilan bevosita shug‗ullanadigan
va ilmiy nazariyalar yaratuvchi alohida sotsial guruh vujudga keldi. Bular — ilm-
fan kishilari bo‗lib, ilmiy nazariyalar yaratish bilan shug‗ullanadilar.
14
Bilishning ikki shakli: kundalik (empirik) bilish va nazariy (ilmiy) bilish bir-
biridan farqlanadi.
Kundalik bilish usullari nihoyatda xilma-xil va o‗ziga xos bo‗lib, bunday
bilimlarni sistemalashtirish va umumlashgan holda keyingi avlodlarga berish ancha
mushkuldir. Hozirgi zamon g‗arb sotsiologiyasida xalqlarning kundalik bilim hosil
qilish usullarini o‗rganuvchi maxsus soha — etnometodologiya fani vujudga keldi.
Gnoseologiya asosan nazariy bilish va uning rivojlanish xususiyatlarini o‗rganish
bilan shug‗ullanadi. Nazariy bilishning ob‘ekti, sub‘ekti va predmetini bir-biridan
farqlash muhim.
Bilish ob‘ekti. Tadqiqotchi-olim, faylasuf, san‘atkor va boshqalarning,
umuman insonning bilimlar hosil qilish uchun ilmiy faoliyati qaratilgan narsa,
hodisa, jarayon, munosabatlar bilish ob‘ektlari hisoblanadi. Bilish ob‘ektlari
moddiy, ma‘naviy, konkret, mavhum, tabiiy va ijtimoiy bo‗lishi mumkin. Bilish
ob‘ektlari eng kichik zarralardan tortib ulkan galaktikagacha bo‗lgan borliqni
qamrab oladi. Bilish ob‘ektlariga asoslanib, bilim sohalari tabiiy, ijtimoiy-
gumanitar va texnik fanlarga ajratiladi.
Bilish sub‘ekti. Bilish bilan shug‗ullanuvchi kishilar va butun insoniyat bilish
sub‘ekti hisoblanadi. Ayrim olingan tadqiqotchi-olimlar, ilmiy jamoalar, ilmiy
tadqiqot institutlari ham alohida bilish sub‘ektlaridir. Ilmiy faoliyat tabiat va
jamiyat mohiyatini bilishgagina emas, balki insonning o‗ziga ham qaratilishi
mumkin. Inson va butun insoniyat ayni bir vaqtda ham bilish ob‘ekti, ham bilish
sub‘ekti sifatida namoyon bo‗ladi.
Bilishning maqsadi ilmiy bilimlar hosil qilishdangina iborat emas, balki bilish
jarayonida hosil qilingan bilimlar vositasida insonning barkamolligiga intilish,
tabiat va jamiyatni insoniylashtirish, tabiiy va ijtimoiy garmoniyaga erishishdir.
Fan — fan uchun emas, balki inson manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim. Inson
ilmiy bilimlar vositasida ma‘naviy barkamollikka erisha borgani sari ilm-fan
qadriyat sifatida e‘zozlana boshlaydi. Fanning har tomonlama rivojlanishi bilan
turli ilm sohalarining hamkorligi kuchayadi, butun ilmiy jamoalar bilish sub‘ekti,
yangi ilmiy kashfiyotlar ijodkoriga aylanadilar.
15
Bilish predmeti sub‘ektning bilish faoliyati qamrab olgan bilish ob‘ektining
ayrim sohalari va tomonlaridir. Fanning o‗rganish sohasi tobora konkretlashib
boradi. Tabiatshunoslik fanlarini bilish predmetiga qarab botanika, zoologiya,
geografiya, ixtiologiya va boshqa sohalari vujudga kelgandir. Tadqiqot predmeti
fanlarni bir-biridan farqlashga imkon beradigan muhim belgidir.
Bilish darajalarini shartli ravishda: quyi, yuqori va oliy darajaga ajratish
mumkin. Bilishning quyi darajasi barcha tirik mavjudotlarga xos bo‗lib, hissiy
bilish deyiladi. Hissiy bilish sezgilar vositasida bilishdir.
Insonning sezgi a‘zolari (ko‗rish, eshitish, hid bilish, ta‘m bilish, teri sezgisi)
boshqa mavjudotlarda bo‗lgani singari uning narsalarga xos xususiyat, belgilarini
farqlash, tabiiy muhitga moslashish va himoyalanishi uchun yordam beradi.
Bilishning quyi bosqichida sezgi, idrok, tasavvur, diqqat, xayol tashqi olam
to‗g‗risida muayyan bilimlar hosil qilishga yordam beradi.
Bilishning yuqori bosqichi faqat insonlargagina xos bo‗lib, aqliy bilish
(ratsional bilish) deyiladi. Agar inson o‗z sezgilari yordamida narsa va
hodisalarning faqat tashqi xossa va xususiyatlarini bilsa, tafakkur vositasida narsa
va hodisalarning ichki mohiyatini bilib oladi. Mohiyat hamisha yashirindir, u
doimo hodisa sifatida namoyon bo‗ladi. Har bir hodisada mohiyatning faqat bir
tomonigina namoyon bo‗ladi. Shu boisdan ham hodisa aldamchi va
chalg‗ituvchidir. Binobarin, inson sezgilarining biron bir narsa yoki hodisa
to‗g‗risida bergan ma‘lumotlari hech qachon uning butun mohiyatini ochib bera
olmaydi.
Tushuncha. Aqliy bilish yoki tafakkur vositasida bilish hissiy bilishni inkor
etmaydi, balki sezgilar vositasida olingan bilimlarni umumlashtirish, tahlil qilish,
sintezlash, mavhumlashtirish orqali yangi hosil qilingan bilimlardan tushunchalar
yaratiladi.
Tushunchada insonning hissiy bilish jarayonida orttirgan barcha bilimlari
mujassamlashadi. Tushuncha aqliy faoliyat mahsuli sifatida vujudga keladi. Narsa
va hodisalar mohiyatiga chuqurroq kirib borishda tushuncha muhim vosita bo‗lib
xizmat qiladi.
16
Aqliy bilish hissiy bilishga nisbatan ancha murakkab va ziddiyatli jarayondir.
Aqliy bilishda narsa va hodisalarning tub mohiyatini bilish uchun ulardan fikran
uzoqlashish talab etiladi. Masalan, insonning mohiyati uning sezgi a‘zolarimiz
qayd etadigan kelishgan qaddi-qomati, chiroyli qoshu ko‗zi, ijodkor qo‗li, oyoqlari
bilan belgilanmaydi. Insonning mohiyati avvalo, uning aql va tafakkurga, yaratish
qudratiga, mehr-shafqat hissiga, mehnat qilish, so‗zlash qobiliyatiga ega ekanligida
namoyon bo‗ladi.
Inson tushunchasi o‗zida insoniyatning ko‗p asrlar davomida orttirgan
bilimlarining mahsuli sifatida shakllandi.
Har bir fan o‗ziga xos tushunchalar apparatini yaratadi va ular vositasida
mohiyatni bilishga intiladi. I. Kantning fikricha, narsalarning mohiyati so‗z va
tushunchalarda mujassamlashadi. Ya‘ni biz so‗z va tushunchalarni o‗zlashtirish
jarayonida biron bir bilimga ega bo‗lamiz. Har bir inson dunyoga kelar ekan,
tayyor narsalar, munosabatlar bilan bir qatorda tayyor bilimlar olamiga ham kirib
boradi.
Hukm. Aqliy bilish narsa va hodisalarga xos bo‗lgan belgi va xususiyatlarni
tasdiqlash yoki inkor etishni taqozo etadi. Tafakkurga xos bo‗lgan ana shu
tasdiqlash yoki inkor etish qobiliyatiga hukm deyiladi. Hukmlar tushunchalar
vositasida shakllanadi. Hukmlar yangi bilimlar hosil qilishga imkoniyat yaratadi,
ular vositasida narsa va hodisalar mohiyatiga chuqurroq kirib boriladi. Shunday
qilib, hukm narsa va hodisalarning tub mohiyatini ifodalovchi eng muhim belgi va
xususiyatlar mavjudligini yo tasdiqlaydi yoki inkor etadi. Masalan, «inson aqlli
mavjudotdir», degan hukmda insonga xos eng asosiy belgi - aqlning mavjudligi
tasdiqlanayapti. Biroq inson shunday murakkab mavjudotdirki, uning mohiyati
faqat aqlli mavjudot ekanligi bilan cheklanmaydi. Chunki qirg‗inbarot urushlar,
ekologik inqirozlar aqlli mavjudot bo‗lgan inson tomonidan amalga oshirildi.
«Inson axloqli mavjudotdir». Inson to‗g‗risidagi hozirgi zamon fanining muhim
xulosasi ana shu.
Xulosa — aqliy bilishning muhim vositalaridan biri, yangi bilimlar hosil
qilish usulidir. Xulosa chiqarish induktiv va deduktiv bo‗lishi, ya‘ni ayrim olingan
17
narsalarni bilishdan umumiy xulosalar chiqarishga yoki umumiylikdan
alohidalikka borish orqali bo‗lishi ham mumkin.
Binobarin, tushuncha, hukm va xulosalar chiqarish ilmiy bilishning muhim
vositalaridir. Bunday bilish insondan alohida qobiliyat, kuchli irodani
tarbiyalashni, narsa va hodisalardan fikran uzoqlashishni, diqqatni bir joyga
to‗plashni, ijodiy xayolni talab etadi.
Bilishning oliy darajasi intuitiv bilish, qalban bilish, g‗oyibona bilishdir.
O‗zining butun borlig‗ini fan, din, siyosat va san‘at sohasiga bag‗ishlagan buyuk
kishilar ana shunday bilish qobiliyatiga ega bo‗ladilar. Intuitiv bilish hissiy va
aqliy bilishga tayanadi. Buyuk shaxslarning g‗oyibona bilishi ularning doimiy
ravishda fikrini band etgan, echimini kutayotgan umumbashariy muammolar bilan
bog‗liqdir. Ilmiy bilishning eng samarali usullarini aniqlash gnoseologiyada
muhim o‗rin egallab keldi. Har bir fan o‗ziga xos bilish usullaridan foydalanadi.
Ilmiy bilish fakt va dalillarga, ularni qayta ishlash, umumlashtirishga
asoslanadi. Ilmiy fakt va dalillar to‗plashning o‗ziga xos usullari mavjud bo‗lib,
ularni ilmiy bilish metodlari deyiladi.
Ilmiy bilish metodlarini o‗rganadigan maxsus soha — metodologiya deb
ataladi. Ilmiy bilish metodlari o‗z xarakteriga ko‗ra: 1) eng umumiy ilmiy
metodlar; 2) umumiy ilmiy metodlar; 3) xususiy ilmiy metodlarga bo‗linadi.
Eng umumiy ilmiy bilish metodlari barcha fanlar uchun xos bo‗lgan
metodlardir. Bunga analiz va sintez, umumlashtirish va mavhumlashtirish,
induktsiya va deduktsiya, qiyoslash va modellashtirish kabilarni ko‗rsatish
mumkin. Masalan, tabiatshunoslik fanlarida kuzatish, eksperiment, taqqoslash
umumilmiy metodlar bo‗lsa, ijtimoiy fanlarda tarixiylik va mantiqiylik umumilmiy
metodlar hisoblanadi.
Xususiy ilmiy metodlar har bir fanning o‗ziga xos xususiyatlaridan kelib
chiqadi. Masalan, suhbatlashish, anketa so‗rovi, hujjatlarni o‗rganish sotsiologiya
faniga xos bo‗lgan xususiy ilmiy metodlardir. Bir fanda yaxshi samara beradigan
ilmiy bilish metodi boshqa fanda shunday samara bermasligi mumkin. Ilmiy
bilishda to‗g‗ri metodni tanlash bilishda muvaffaqiyat garovi hisoblanadi.
18
Boshqacha qilib aytganda, ilmiy tadqiqotda nimani o‗rganish kerak, degan masala
fan predmetini aniqlashga imkon bersa, qanday o‗rganish kerak, degan masala esa
ilmiy bilish metodini to‗g‗ri belgilashga yordam beradi.
Ilmiy bilish metodlari va ilmiy nazariya bir-biri bilan uzviy bog‗liqdir. Ilg‗or
ilmiy nazariya fanning butun taraqqiyoti davomida erishilgan muhim yutuq bo‗lib,
u ilgarigi ilmiy qarashlarni ijodiy rivojlantirish, o‗sha yutuqlarga tanqidiy nuqtai
nazardan qarash orqali vujudga keladi. Fan mohiyatan o‗zi erishgan yutuqlarga
shubha bilan qarashni taqozo qiladi.
Fan, falsafa sohasida erishilgan yutuqlarni mutlaqlashtirish, ularga ko‗r-
ko‗rona sig‗inish muqarrar ravishda dogmatizmni keltirib chiqaradi. Fan erishgan
yutuqlar
hamisha
nisbiydir.
Lekin
bunday
nisbiylikni
mutlaqlashtirish
relyativizmni, fan yutuqlariga ishonchsizlik bilan qarash esa, skeptitsizmni vujudga
keltiradi. Fan taraqqiyoti uchun dogmatizm, relyativizm va skeptitsizm jiddiy
xalaqit beradi.
Ilg‗or ilmiy nazariyalar ma‘lum bir davrda ilmiy va falsafiy qarashlar
yo‗nalishini o‗zgartirishi, ilmiylikning o‗ziga xos mezoni bo‗lishi ham mumkin.
Masalan, Charlz Darvinning evolyutsion nazariyasi, A. Eynshteynning nisbiylik
nazariyasi falsafiy va ilmiy dunyoqarashlarda muhim o‗zgarishlarni vujudga
keltirdi.
Gnoseologiyada haqiqat tushunchasi muhim o‗rin tutadi. Haqiqat inson
bilimlarining voqelikka muvofiq kelishidir. Haqiqatni ochish yoki ilmiy haqiqatga
erishish har qanday ilmiy bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Haqiqat o‗zining
mazmuniga ko‗ra mutlaq va nisbiy bo‗lishi mumkin. Fan haqiqati hamisha nisbiy
xarakterga ega bo‗lib, ularning majmuasidan mutlaq haqiqat vujudga keladi.
Haqiqat o‗z mazmuniga ko‗ra hamisha ob‘ektivdir. Ya‘ni uning mavjudligi
ayrim kishilarning xohish-irodasiga bog‗liq emasdir. Masalan, O‗zbekistonning
milliy mustaqilligi ob‘ektiv haqiqatdir. Ayrim kishilarning bu mustaqillikni tan
olish yoki olmasligidan qat‘i nazar, bu haqiqat o‗z mazmunini saqlab qolaveradi.
Haqiqatni atayin buzish yoki soxtalashtirish oxir-oqibatda fosh bo‗ladi va o‗z
qadrini yo‗qotadi. Shuningdek, haqiqat hech qachon mavhum emasdir. U hamisha
19
konkretdir. Hegel so‗zlari bilan aytganda, nimaiki voqe bo‗lsa, u haqiqatdir,
haqiqat — voqelikdir. Haqiqat mazmunining konkret xarakteri joy, vaqt va
sharoitni e‘tiborga olishni talab etadi.
Gnoseologiyada tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilishning o‗ziga xos xususiyatlarini
anglash muhim ahamiyatga egadir. Uzoq yillar davomida tabiatshunoslik fanlariga
xos bo‗lgan ob‘ektivlik, xolislik ilmiylikning muhim mezoni deb hisoblab kelindi.
Biroq XX asr o‗rtalarida fan-texnika inqilobi insoniyat oldida paydo bo‗lgan
muammolar tabiatshunoslik fanlari oldiga qadriyatli yondashuv vazifasini qo‗ya
boshladi. Aqlli mavjudot bo‗lgan inson har qachon tabiatni o‗rganishda hamisha
o‗z manfaatlarini ko‗zlaydi. Tabiat resurslari cheksiz va bitmas-tuganmasdir,
degan bir yoqlama qarash oxir-oqibatda inson tomonidan tabiatga nisbatan
shafqatsiz munosabatni vujudga keltirdi. XX asr oxirlariga kelib tabiatga nisbatan
insonlarcha, qadriyatli munosabatda bo‗lish zaruriyati chuqurroq anglana boshladi.
Ijtimoiy fanlar hamisha mavjud siyosiy tuzum, davrning talab va ehtiyojlari
bilan uzviy bog‗liq ravishda rivojlanadi. Ijtimoiy bilishda jamiyat ham bilish
ob‘ekti, ham bilish sub‘ekti sifatida namoyon bo‗ladi: insoniyat o‗z tarixini
yaratuvchi va o‗z-o‗zini biluvchidir.
Tabiatshunoslikda nisbatan barqaror sistemalar bilish ob‘ekti hisoblanadi.
Tabiatdagi narsa va hodisalar tadqiqotchiga hech qanday qarshilik ko‗rsatmaydilar.
Ijtimoiy bilishda esa, nisbatan tez o‗zgaruvchi sistemalar bilish ob‘ekti
hisoblanadi. Ijtimoiy bilishga xos bo‗lgan muhim xususiyat shundaki, u moddiy
ishlab chiqarish sohalarinigina emas, balki jamiyatning ancha murakkab ma‘naviy
hayotini, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni, qarashlar va g‗oyalarni ham o‗rganadi.
Ijtimoiy fanlar milliy g‗oya va milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda muhim
rol o‗ynaydi.
Gnoseologiyaning maqsad va vazifalari, bilishning mohiyati va mazmuni
to‗g‗risida zarur bilimlarga ega bo‗lish mamlakatimizda bilimdon, har jihatdan
etuk barkamol inson shaxsini shakllantirishda alohida o‗rin tutadi. Bilish nazariyasi
bo‗lajak mutaxassis-kadrlarda muayyan ilmiy layoqat va qobiliyatlarni
shakllantirishga ko‗maklashadi. Milliy mustaqillik yillarida gnoseologiya oldiga
20
qo‗yilayotgan eng muhim vazifalardan biri, ilmiy bilimlarning jamiyatimiz
taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi uchun xizmat qilishini ta‘minlaydigan omil va
mexanizmlarni o‗rganish, ulug‗ ajdodlarimizning ilmiy bilimlarni rivojlantirish
borasida orttirgan tajribalarini keng ommalashtirishdir.
Dostları ilə paylaş: |