INSHO YOZISHNI O\'RGATISHDA INTEGRATSION TA\'LIM METODIDAN FOYDALANISH
Insho yozishga oʻrgatish usullari Boshlangʻich sinflarda yozdiriladigan inshoning muhim turlaridan biri kichik yoshdagi oʻquvchining shaxsiy hayotiy tajribasiga asoslangan inshodir.
Rasm asosidagi insho maktablarda tez-tez oʻtkaziladi, chunki rasm bolalar nutqiy ijodini, tasavvurini boyitishga xizmat qiladi. Rasm bolalar sezgisiga ta’sir etadi, hayotining bola tajribasida hali uchramagan tomonlarini ochadi. Rasm oʻquvchilarga tanish boʻlgan hodisalarni chuqur anglashga ham yordam beradi.
Rasm asosidagi inshoning uch asosiy turi bor:
1. Rasm rejasi yoki rasmli reja asosida yozilgan hikoya tarzidagi insho.
2. Sujetli − oʻquvchilarni oʻylashga, faraz qilishga undaydigan bir rasm asosida yozilgan hikoya tarzidagi insho.
3. Rasmni tasvirlash (tasviriy insho). Oʻquvchilar avval rasmlar seriyasi asosida, keyin bir rasm asosida, undan so‘ng tasviriy insho yozishga oʻrgatiladi.
Insho yozish uchun 2-sinfda odatda bir dars zarur boʻlib qolsa, ikkinchi darsdan 15−20 minut, 3–4 - sinflarda bir yoki bir yarim dars, ayrim vaqtlarda ikki darsgacha ajratiladi. Bulardan tashqari, insho tahlili va xatolar ustida ishlash uchun 20−25 daqiqa vaqt ajratiladi. Bunda eng yaxshi yozilgan insholar tahlil qilinadi, imloviy, punktuatsion, nutqiy, mantiqiy xatolar va mazmunidagi yetishmovchiliklar ustida ishlanadi.
Insho yozish darsida quyidagi qoidalarga rioya qilinadi:
1. Mavzuni, inshoning vazifasini e’lon qilish (yoki yodga tushirish), uni oʻquvchilar bilan muhokama qilish.
2. Kuzatish davrida toʻplangan materialni tartibga solish yoki material yigʻish (masalan, rasmga qarab insho yozish uchun rasmni koʻrish) maqsadida suhbat oʻtkazish.
3. Reja tuzish yoki avval tuzilgan rejaga aniqlik kiritish.
4. Matnni nutqiy tayyorlash, ya’ni zarur soʻzlarni yozish, soʻz birikmasi, gap yoki bogʻlanishli matnning ayrim qismini tuzish, imlosi qiyin soʻzlarning yozilishini tushuntirish va boshqalar.
5. Darsning asosiy qismi boʻlgan inshoni yozish. Bu jarayonda oʻquvchilar inshoni yozayotganlarida, oʻqituvchi ular ishini kuzatadi, ayrim oʻquvchilarga (boshqalarga xalaqit bermay, ular e’tiborini chalgʻitmay) individual yordam beradi.
6. Oʻquvchilar yozgan insholarini tekshiradilar, kamchiliklarini toʻldirib, xatolarini toʻgʻirlaydilar. O‘quvchilar inshoni oqqa koʻchirmaydilar, kerakli tuzatishlarni ehtiyotlik bilan kiritadilar, bunday tuzatishlar uchun insho bahosi pasaytirilmaydi, aksincha, matnni yaxshi toʻgʻirlagan oʻquvchi ragʻbatlantiriladi.
7. Oʻquvchilar inshoni oʻqituvchiga tekshirish uchun topshiradilar, oʻqituvchi ikki kun ichida tekshiradi.
Keyingi ona tili darsining ikkinchi qismidan 15 − 25 daqiqa vaqt ajratib, tekshirilgan insholar yuzasidan yakuniy mashgʻulot oʻtkaziladi (insho tahlil qilinib, xatolar ustida ishlanadi).
Oʻqituvchi har bir insho turi uchun oʻquv vazifasini belgilab oladi. Masalan, rasmlar seriyasi asosida birinchi marta yozdiriladigan insho uchun quyidagi vazifalar belgilab olinadi:
1. Oʻquvchilarni inshoning yangi turi boʻlgan rasmlar seriyasi asosidagi insho bilan tanishtirish.
2. Rasmli reja asosida matn rejasini tuzish.
3. Reja qismlariga mos ravishda matnni xatboshilarga boʻlish va har birini xatboshidan yozish.
4. Insho matnini mustaqil tekshirish.
Oʻquvchilarning dunyoqarashi oʻsib borgani sayin, inshoga talab ham orta boradi.
2-sinfda oʻquvchilar mazmunli rasmlarga qarab gaplar tuza olish, oʻqituvchi rahbarligida bolalarning oʻyinlari, taassurotlari asosida hikoya (insho) tuzish koʻnikma va malakasiga ega boʻlishlari, shuningdek, seriyali rasmlar va mazmunli bir rasm yuzasidan berilgan savollarga toʻliq javob berishlari va ularni yozishlari talab etiladi.
Bu sinfda insho yozishga oʻrgatishning asosiy usuli savollarga toʻliq javob berish va javobni yozish hisoblanadi. Bu ish quyidagi izchillikda amalga oshiriladi: oʻquvchi rasm yuzasidan ogʻzaki hikoya tuzishga oʻrganadilar, soʻngra fikrlarini yozma Insho qilishga kirishadilar. 2-sinf oʻquvchilariga insho yozishni oʻrgatish juda mas’uliyatli ish hisoblanadi. Oʻqituvchi inshoni yozish tartibini yaxshi oʻrgatishi − sarlavhani toʻgʻri qoʻyish, berilgan savollarga javobni husnixat qoidalariga rioya qilgan holda imlo xatolarsiz yozishga ko‘niktirishi lozim.
2-sinfda oʻquvchilar seriyali va mazmunli rasm asosida insho yozishga oʻrganadilar. Insho muvaffaqiyatli boʻlishi uchun quyidagi izchillikda ish olib borish kerak boʻladi:
Rasmni diqqat bilan kuzatish;
Ishtirok etuvchilarning xatti-harakatini tasvirlash;
Xulosalash.
Albatta, bu ish birdaniga amalga oshirilmaydi. Sinfdan sinfga oʻtgan sari toʻldirib, takomillashtirilib boriladi.
2-sinf ona tili darsligida oʻquvchilarni rasmga qarab hikoya tuzish ishiga katta e’tibor berilgan. Ushbu metodik koʻrsatmalardan 106 -, 173 -, 188 -, 206 -, 228 -, 267 -, 274 -, 287 -, 300 - mashqlarni bajarishda foydalanish tavsiya etiladi.