Kattaqo`rg`on shahri- Samarqand viloyatidagi shahar. Zarafshon vodiysida, Narpay kanalining chap sohilida, 485 m balandlikda joylashgan. Shaharda 76 mingdan ziyod kishi istiqomat qilmoqda. Kattaqoʻrgʻonda yogʻ-moy, goʻsht, sut-moy, non, un kombinatlari, paxtachilik uchun mashinalar ishlab chiqaradigan "Paxtamash" zavodi, gʻisht, paxta tozalash zavodlari, meva konservalash, qandolatchilik, mahalliy sanoat korxonalari, ohak, mebel, badiiy kulolchilik sexlari, madaniy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Shaharda bir qancha qurilish tashkilotlari, avtokorxonalar, 20 ga yaqin umumiy taʼlim, musiqa maktablari, pedagogika, tijorat va tibbiyot kollejlari, transport, kasb-hunar va milliy hunarmandchilik litseylari, teatr, 6 madaniyat uyi, klublar, 15 kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi, muzey, kasalxona, tugʻruqxona, poliklinika va dorixonalar xizmat koʻrsatmokda. Kattaqoʻrgʻondan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Zarafshon vodiysining boshqa shaharlari, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻistonga avtobuslar qatnab turibdi. Toshkent – Nukus, Andijon – Dushanba temir yoʻl yoʻnalishlari shahar orqali oʻtadi. Kattaqoʻrgʻon yaqinida Kattaqoʻrgʻon suv ombori qurilgan.
Kattaqo`rg`on suv ombori- gidrotexnika inshooti, Oʻzbekistonda birinchi qurilgan suv ombori. Kattaqoʻrgʻon shahri yaqinida tabiiy chuqurlikda barpo etilgan. Kattaqoʻrgʻon suv ombori Zarafshon vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlaydi va Zarafshon (Qoradaryo) daryosi suv rejimini tartibga soladi, sel va toshqin suvlarini jamgʻaradi. Bu suv ombori 1940—1951 - yillar davomida qurilib, foydalanishga topshirildi. Kattaqoʻrgʻon suv omborining asosiy inshooti kompleksi suv chiqargichli toʻgʻon, suv keltiriladigan va suv oqib ketadigan kanallardan iborat. 1941 yilda uzunligi 4 km, balandligi 28 m tuproqtoʻgʻon koʻtarildi (keyinchalik toʻgʻon balandligi 31,5 m ga yetkazildi). Kattaqoʻrgʻon suv omborio. suvi bilan Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi 94 ming gektar yer sugʻoriladi va 150 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilangan. Kattaqoʻrgʻon suv ombori suvi kanal bilan Qoradaryoga quyiladi. Suv omborida baliqchilik tez rivojlandi, yiliga oʻrta hisobda 240—250 sentner baliq ovlanadi.
Kavrak- (Ferula assa-foetida) soyabonguldoshlar oilasiga mansub bo`lib, bo`yi 1 m ga yetadigan ko`p yillik o`simlik. U fevralning oxirida ko`karadi. Dastlab 2 ta uzunchoq bargcha hosil qiladi. Bargchalar o`sgach ular orasidan o`simta o`sib chiqadi. Kavrak bahorda ko`karib, faqat ildiz oldi barglar hosil qiladi. Barglari yumshoq, bandli, uch marta qirqilgan va oq tukchalar bilan qoplangan. Uzunligi 60-80 sm gacha bo`lgan barglar yer betini qoplab, o`ziga xos shakl hosil qiladi. Barglari yildan-yilga kattalashib boradi, ildizi esa yo`g`onlashib ko`p miqdorda oziq-moddalar to`playdi. U hayotining sakkizinchi yilida poya hosil qiladi va gullaydi. Gullagan yili barglarining uzunligi 50-60 sm, diametri 1 m gacha yetadi. Poyasi bir sutkada 12-15 sm gacha o`sadi. Mart-apre oyida gullaydi, to`pgul hosil qiladi. Mevasi may-iyun oyida pishadi. Poyasi sarg`ayib quriydi, ichi g`ovak, yengil, urug`i to`kilgach yalong`ochlanib qoladi. Urug`idan oson ko`payadi.