Kosmos- Koson shahri- Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1972-yildan). Koson tumanining maʼmuriy markazi, viloyatning gʻarbiy qismida. Qarshi shahridan 30 km, yaqin temir yoʻl stansiyasi — Koson (4 km). Toshkent — Dushanba temir yoʻl va Qarshi — Buxoro avtomobil yoʻli yoqasida. Koson shahri Qashqadaryoning oʻng sohilida, 350 m balandlikda joylashgan. Shaharda yanvarda o`rtacha havo harorati 0°, iyulda +28 bo`ladi. Aholisi 59 ming kishiga yaqin. Kosonga Yakkabogʻ — Muborak suv quvuridan tarmoq oʻtkazilgan. Shaharda paxta tozalash, gʻisht zavodlari, gʻoʻzapoyadan karton qogʻozi ishlab chiqariladigan oʻzbek-xitoy qoʻshma korxonasi, yogʻ ekstraksiya zavodi, avtokorxona bor. Mahalliy sanoatga qarashli qandolatpazlik va kulolchilik sexlari faoliyat koʻrsatadi. 10 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi, kutubxona, madaniyat uylari, klublar, dorixona, poliklinika, 2 kasalxona, tugʻruqxona mavjud. Koson bilan Buxoro, Qarshi, Mugʻlon va tuman xoʻjaliklari orasida avtobuslar qatnaydi. Shaharda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan jangchilar xotirasiga yodgorlik oʻrnatilgan.
Kosonsoy shahri- Namangan viloyatining Kosonsoy tumanining markaziy shahri, tuman markazi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi va viloyat markazi — Namangandan 28 km. Shahar Kosonsoy viloyatning shimoliy qismida, Oʻzbekiston bilan Qirgʻizistonni bogʻlab turuvchi avtomagistral yoqasida, Kosonsoy soyining har ikki sohilida joylashgan. Oʻrtacha 760 m balandlikda. Hozirda aholisi 42 mingga yaqin. Kosonsoy suv omboridan suv oladi. Shaharda shoyi toʻqish, poyabzal fabrikalari, mahalliy sanoat, non kombinatlari, qurilish tashkilotlari, Oʻzbekiston-Italiya, Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonalaridan "Kosonsoy-Tekmen", "Atlasmen" va boshqa yuzlab kichik korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. 12 umumiy taʼlim, musiqa maktablari, pedagogika va tibbiyot bilim yurtlari, iqtisodiyot, maishiy xizmat, transport, aloqa va yengil sanoat kasb-hunar kollejlari mavjud. Madaniyat uyi, "Toʻqimachilar" madaniyat saroyi, markaziy va bolalar kutubxonalari, stadion (25 ming oʻrin), "Doʻstlik" va "Yoshlar" xiyobonlari, madaniyat va istirohat bogʻi, oʻlkashunoslik muzeyi bor.