Kashalot-(Physeter catodon) — tishli kit bo`lib, sut emizuvchi suv hayvon hisoblanadi. Uzunligi urgʻochisiniki 13 m gacha, erkagi 21 m gacha, ogʻirligi 30— 70 t gacha yetadi. Boshi juda katta, tanasining uchdan bir qismini tashkil etadi. Tanasining old tomoni toʻmtoq. Ingichka va uzun pastki jagʻida 18—30 juft tishi bor, yuqori jagʻida tishi yoʻq. Kashalot qoʻngʻir va toʻq jigarrang tusda bo`ladi. Kashalot Okean va ochiq dengizlarda tarqalgan. Baʼzan Barens dengizi va Kamchatka sohillari yaqinida uchraydi. U 5 yoshida voyaga yetadi. 50 yilcha yashaydi. Kalmarlar va baliqlar bilan oziqlanadi. Oziq topish uchun 2 km gacha chuqurlikka shoʻngishi, suv ostida 1,5 soatgacha turishi mumkin. Iqtisodiy ahamiyati katta. Bitta kashalotdan 9—10 t yogʻ olinadi. Ovlash man etilgan.
Kashfiyot- izlanish, tekshirish, ilmiy tadqiqot natijasida, baʼzan esa tasodifan topilgan, yaratilgan ilmiy yangilik. Unga tabiat hodisalari va jamiyat qonuniyatlarini ongli ravishda ilmiy idrok qilish natijasida erishiladi. Kashfiyot fan-texnika inqilobining asosini tashkil etadi, fan va texnika taraqqiyotiga tubdan yangi yoʻnalishlarni baxsh etadi. Inson bosib oʻtgan tarixiy jarayonda juda koʻp kashfiyotlar qilindi. I. Nyutonning butun olam tortishish qonuni esa olamshumul kashfiyotdir. Har qanday ixtiro ham kashfiyot boʻla olmaydi, lekin ixtiro kashfiyotga suyangan holda qilinadi. Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri bu olovning kashf etilishuidir.
Kashnich-(Coriandrum) — soyabonguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimliklar, efir moyli va koʻkat-sabzavot ekini. Oʻrta dengiz atroflarida 2 turi, Oʻrta Osiyoda 1 turi — ekma kashnich oʻsadi. Yevropa, Shimoliy Afrika, Osiyo, Shimmoliy Amerika, mamlakatlarida, Ukraina, Rossiyaning markaziy qoratuproq viloyatlarida xoʻjalik maqsadlarida ekiladi. Urugʻidan yetishtiriladi. Kashnich poyasi qirrali, sershox, barglari uzun bandli. Gullari oq yoki pushti bo`lib, soyabonlarga toʻplangan. Mevasi yumaloq. Bir urugʻi ochilmaydigan ikki mevachadan iborat. Bu o`simlik sovuqqa chidamli. Erta bahordan kech kuzgacha ekish mumkin. Nihollari 32— 34 kunda koʻkat sabzavot holida foydalanishga yaroqli boʻladi. Urugʻi 90—95 kunda pishadi. Kashnichnning barglarida kaliy tuzlari, oqsillar, vitaminlarga boy. Kashnich koʻkati shoʻrva, goʻshtli va sabzavotli ovqatlarga, urugʻi va yosh maysalari ziravor sifatida goʻsht sirkalashda ishlatiladi.