Katta Farg`ona kanali-(toʻliq nomi: Usmon Yusupov nomidagi Katta Fargʻona kanali) — Fargʻona vodiysida qurilgan eng yirik gidrotexnika inshootlaridan biri. Kanal Oʻzbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) va Qirgʻiziston (13 km) hududidan oʻtadi. Vodiyni shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga kesib oʻtgan. Asosiy oʻzani uzunlihi 350 km ga teng. Vegetatsiya davrida Norin , Qoradaryo, Soʻx daryolaridan suv oladi. Kanal trassasi 2 traktdan iborat. Yuqori Norin trakti (44 km) Norin daryosi (Uchqoʻrgʻon shahri yaqini)dan boshlanib, Kuyganyorgacha yetib boradi. Quyi Qoradaryo trakti (301 km) Qoradaryoga qurilgan Kuyganyor toʻgʻonidan boshlanib Sirdaryo bilan deyarli parallel holda janubdada Tojikiston Respublikasi Xoʻjand shahri yaqinigacha (Qayroqqum suv omboridan quyiroqda) davom etgan. Ushbu kanal 1939-yil avgustida xalq hashari bilan juda qisqa muddatda (45 kunda) qurib, bitkazildi. 1940-yilda Tojikiston hududida yana uzaytirildi. Kanal qurilishida 160 ming kishi qatnashdi. Ishlar ogʻir boʻlgan uchastkalarda 14 ekskavator, 245 traktor, 420 avtomashinadan foydalanildi. 45 yirik va 275 mayda gidrotexnika inshooti qurildi. Kanal 1953 — 62, 1964 va 1967-yillarda qayta ta`mirlandi. Kanal suvi Oʻzbekistonda 3 viloyat (Andijon viloyatida 66,6 ming ga, Namangan viloyatida 12 ming ga, Fargʻona viloyatida 125 ming ga), Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida (0,76 ming ga) va Tojikistonning Sugʻd viloyatida (10 ming ga) yerlarni sug`orishda foydalaniladi. Kanalga 1966-yilda kanal qurilishi tashabbuskorlaridan biri boʻlgan davlat arbobi Usmon Yusupov nomi berilgan.
Katta Namangan kanali-sug`orish inshooti. Namangan viloyati hududida Norin daryosidagi Uchqurg`on GES to`g`oni hosil qilgan suv omboridan boshlanadi. Uzunligi 162 km. Kanal 1970-1979-yillarda qurilgan (Namangan shahrigacha bo`lgan 54 km uzunlikdagi 1-navbati 1976-yilda bitkazilgan; 2-navbati Namangan shahridan Tojikiston Respublikasi chegarasigacha davom etadi, uzunligi 108 km). kata Namangan kanali Sirdaryoning o`ng sohilbo`yi tog` oldi qismi bo`ylab Pop shahri (Olmossoy)gacha yetib boradi. Kanal 47 ming gektar (ilgaridan sug`orilgan 19,2 ming gektar, yangi ochilgan 27,8 ming gektar) yerni sug`oradi. Katta Namangan kanali trassasi Shimoliy Farg`ona kanalidan 6—7 km masofada unga parallel holda o`tadi.