Asab kasalliklari- nerv sistemam kasalliklari. Markaziy va periferik nerv sistemasining biror sababga ko`ra umuman yoki qisman shikastlanishi natijasida kelib chikadi. Asab kasalliklari bosh yoki orka miyaning turli qismlari zararlanishi bilan kechadi. Bunda nerv sistemasida falaj, tirishish, reflekslar izdan chiqishi, sezuvchanlik, og`riq va boshqa sezgilarning buzilishi kuzatiladi. Nerv kasalliklarini nevrologiya va nevropatologiya fani o`rganadi.
Asaka shahri-(1937 – 1991 yillarda Leninsk) – Andijon viloyatidagi shahar (1937-yildan). Asaka tumanining ma’muriy markazi. Marg‘ilon, Farg‘ona va Andijonga boradigan avtomobil yo‘llari kesishgan joyda. Asakadan Andijon shahrigacha 16 km. Shahar adirlar yoqalab oqayotgan Shahrixonsoy sohilida, dengiz sathidan 495 m balandlikda joylashgan. Uning yon atrofini paxta dalalari, yon bag‘irlarini bog‘lardan iborat adirlar o‘rab turadi. Shaharda 53 ming aholi istiqomat qiladi. 20-asr boshlarida Asakada 2 ming kishi yashagan. Paxta tozalash va yog‘ zavodlari bo‘lgan. Aholining asosiy qismi mayda hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. 1946-yilda motor ta’mirlash zavodi qurib bitkazildi. Yog‘-moy zavodida issiqlik elektr markazi ishga tushdi. Urushdan keyingi yillarda Asaka yaqinidagi Andijon va Polvontosh neft konlari, Xo‘jaobod gaz koni munosabati bilan Asaka shahar sanoat korxonalari salmog‘i ortdi. Yuqoridagi konlarni maxsus uskuna va texnika jihozlari bilan ta’minlovchi omborxonalar qurildi. Polvontosh – Asaka gaz quvuri yotqizildi (1947). 70 –90-yillarda to‘qimachilik korxonasi (hozirgi "Asakato‘qimachi" aksiyadorlik jamiyafti), paxta tozalash zavodlari, elektrotenika, avtomobil tuzatish korxonalari qurildi.1994-yil noyabrda "O‘zDEUavto" qo‘shma korxonasi inshootlari qurilishi boshlanib, korxona 2 yilda ishga tushirildi: 1996-yil 19-iyulda zavodning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Korxonadan jahon bozori talablariga javob bera oladigan, yoqilg‘ini kam sarflaydigan ixcham, chiroyli, qulay bo‘lgan "Damas", "Tiko", "Neksiya" avtomobillari chiqarila boshladi. "O‘zDEUavto" qo‘shma korxonasining salmog‘i Asaka shahri sanoat korxonalari mahsulotlarining 92,3% ga, Andijon viloyat sanoat korxonalari mahsulotlarining 55,2% ga to‘g‘ri keladi.
Asal- ishchi asalarilar oʻsimliklar gulidagi shira (nektar)ni organizmida qayta ishlash yoʻli bilan hosil qiladigan shirin suyuqlik. Asalarilar asalni uya kataklariga oʻzlari uchun oziq qilib gʻamlaydi. Asal oʻz tarkibiga koʻra nektardan farq qiladi. Asalda 80 % dan koʻproq uglevodlar (glukoza, fruktoza), 0,4 % kul, 13 – 20 % suv boʻladi. Asalda odam uchun foydali moddalarning 70 dan ortiq turi bor. Shuningdek, asalda mineral moddalar: kalsiy, natriy, kaliy va boshqalar; mikroelementlar, organik kislotalardan olma, limon kislotalari, vitaminlar borligi aniqlangan. Tabiatdan olinish manbaiga koʻra gul (nektar) va shira (oʻsimlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) asaliga boʻlinadi. Guldan olingan asal ham oʻsimlik turiga qarab beda, yantoq, kungaboqar, gʻoʻza va boshqalarga ajraladi. Asal oʻzining taʼmi, hidi, rangi jihatidan, shuningdek qaysi faslda qanday oʻsimlik gulidan yigʻilganligiga va joyi (togʻ, oʻrmon, vodiy)ga qarab ham farqlanadi. Eng yaxshi asal – togʻ asali, chunki u turli dorivor gullardan yigʻiladi. Oq akatsiya, beda, olma, shaftoli va boshqa oʻsimliklar gulidan toʻplangan asal ham sifatli, oftob kam tushadigan oʻrmon gullari va yetishtirishda turli zaharli dorilar sepiladigan texnika oʻsimliklari, masalan, kanopdan olingan asal ancha sifatsiz hisoblanadi. Asal mumkataklardan maxsus asalajratkich moslamalar bilan ajratib olinadi. Asal qimmatli oziq-ovqat mahsuloti. Asaldan tibbiyotda qadimdan dori-darmon sifatida foydalanilgan. Hozir farmatsevtika sanoatida turli dori-darmonlar ishlab chiqariladi. Asalning oʻzi turli kasalliklarga parhez va davo vositasi tarzida beriladi. XX asrning 60-yillaridan boshlab tibbiyotda asal bilan davolash usullari – apiterapiya shakllandi. Asal oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.