Qirmiska- Qirov- ayozli, havo ochiq va sokin (shamolsiz) tunlarda tuproq, oʻt va yerdagi narsalar ustida hosil boʻladigan muz kristallari. Qirov zarralari qor uchqunlariga oʻxshaydi, lekin ulardan farqli ravishda jimjimador boʻlmaydi. Qirov ham shudring singari, havoning sovishi, maʼlum yuza ustida suv bugʻining toʻyinishi va 0° dan past haroratda qotishi oqibatida paydo boʻladi. Koʻpincha, kunduzi erib ketadi.
Qirqqiz- qal`a bo`lgan. U Surxondaryo viloyatidagi meʼmoriy yodgorlik (9—10-asrlar) hisoblanadi. Termiz tumanida (vayrona holida saqlangan). Nima maqsadda qurilganligi (qalʼa, saroy , xonaqoh, karvonsaroy) haqida maʼlumot yoʻq. Oʻrta asrlarda Termiz shahrining tashqarisida joylashganligi qalʼa shahar tashqarisidagi qoʻrgʻon vazifasini oʻtaganligini koʻrsatadi. U dunyo tomonlariga moslab qatʼiy mujassamotda bunyod etilgan. Qal`aning ayim qismi bir qavatli, ayrim qismi esa ikki qavattli qilib, xom va pishiq g`ishtdan qurilgan. Qal`a qalin devor bilan oʻralgan (tashqi devor qalinligi 2—2,5 m). Ogʻzaki maʼlumotlarga koʻra, xalq dostonlarida zikr etilgan dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz Guloyim va uning 40 dugonasi aynan shu yerda yashagan. Shuningdek, 20-asrgacha xalq tomonidan Qirqqiz qalʼasi manzili "Shahri Somon" deb ham atalgan.
Qish- toʻrt fasldan biri boʻlib, kuz va bahor fasllarining orasida joylashgan eng sovuq fasldir. Qish fasli 3 oydan iboratdir. Shimoliy yarimsharda: dekabr, yanvar va fevraldan, Janubiy yarimsharda esa: iyun, iyul va avgustdan. Bu faslda iqlim darajasi minusga qarab tusha boshlaydi. Shu sababli sovuq yogʻingarchiliklar orta boshlaydi. Qish faslining astronomik davomiyligi urtacha 89 sutkadan iborat. Qishning boshlanishi deb Quyoshning qishki turish nuqtasidan oʻtishi kunlari (21 — 22 dekabr) qabul qilingan. Astronomik qish 20 dekabrdan 21 martgacha davom etadi (shimoliy yarimsharda).
Qishloq- aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik va qishloq xoʻjaligining boshqa sohalarida band boʻlgan aholi manzilgohi. Tekis, sersuv va tuprogʻi serunum, umuman, tabiiy sharoiti qulay joylarda yirik qishloqlar joylashib, aholi ancha gavjum yashaydi, asosan, dehqonchilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullanishadi. Tekis, lekin suvi kam boʻlgan joylarda (choʻl va dashtlarda) aholi koʻproq chorvachilik bilan mashgʻul boʻlishadi. O`tmishda bunday joylarda qishloqlar kichik, bir-biridan ancha uzoqda, asosan, quduqlar yonida joylashgan. Togʻli hududlarda qishloqlar koʻproq soy, buloqlar boʻyida tarkib topgan. Qishloqlar umumiy bir markazga — qishloq fuqarolik yigʻinlariga ega boʻlgan, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan birbiriga uzviy bogʻlangan kichik aholi manzilgohlariga ham boʻlinishi mumkin. Ular Oʻzbekistonda mahallalarga ajraladi. Qadimiy ishloqlar aholining mavsumiy manzilgohlaridan tashkil topgan. Oʻzbekiston hududidagi qishloqlar dastlab kishilarning qish faslida istiqomat qiladigan joyi sifatida vujudga kelgan ("Qishloq" nomi ham shundan). Odamlar asta-sekin dehqonchilik bilan shugʻullanib, oʻtroqlik davriga oʻtgach, qishloqlar koʻpaydi va kengaydi.