ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA G‘arb mamlakatlarida lokus nazoratini o‘rganish mobaynida bir qator olimlar lokus nazoratini o‘lchashga qaratilgan metodlarni yaratdilar. Ularning eng mashhurlaridan biri bu Amerika psixologiyasida va hozirgi kunda butun dunyo psixologiyasida keng qo‘llaniladigan metod "J.Rotter shkalasi" deb ataladi.
Rotter lokus nazoratini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus shkalani ishlab chiqdi hamda tashqi va ichki nazorati bo‘lgan odamlarning munosabati va xatti-harakatlarini o‘rgandi. Shunga ko‘ra, J.Rotter lokus nazoratining ikki turini belgilab o‘tadi: eksternal va internal. "Subyektiv nazorat darajasi" metodi hozirgi kunda insonning xatti-harakatlarini boshqarish va o‘zini o‘zi boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlarini, dunyoqarashi va hayotiy pozitsiyalarini, o‘ziga xos shaxsiy munosabat va moyilliklarni o‘rganish uchun keng qo‘llaniladigan metoddir.
J. Rotter shkalasining yakuniy shakli 29 ta bandni o‘z ichiga oladi. Ularning har biri ikkita qarama-qarshi hukmdan iborat bo‘lib, biri ichki - internal bo‘lsa, ikkinchisi esa tashqi - eksternal tiplardir.
Tadqiqotlar davomida ma’lum bo‘ldiki, odamlar hayot sharoitlarini nazorat qilish qobiliyatlariga qarab, dunyoga yondashuvlari va munosabatlarida farqlanadi. Tashqi lokus nazorati bilan ichki lokus nazoratini ajratib turadigan asosiy farqlardan biri bu ularni qamrab oluvchi atrof-muhitga nisbatan turli xil qarashlarida va atrof-muhit haqida ma’lumot izlashning turlicha ekanligidadir.
Aytib o‘tish mumkinki, eksternal - tashqi lokus nazorati holatga yo‘naltirilgan bo‘lsa, internal – ichki lokus nazorati natijaga yo‘naltirilgan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, lokus nazorati shaxsning umumiy faoliyati xarakteri sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu teoriya K. A. Abulxanova fikricha, ikkita tarkibiy qismdan iborat: tashabbus darajasi va mas’uliyat darajasi [4].
NATIJALAR Subyektiv nazorat darajasi ya’ni SND metodi nafaqat internallik va eksternallikning umumiy darajasi ( И.О shkalasi )ni aniqlash, balki lokus nazoratini olti maxsus bo‘limlarini baholash imkonini beradi.
Oltita maxsus bo‘lim: yutuqlar munosabati (И.Д), muvaffaqiyatsizlikka munosabat (И.Н), oilaviy munosabatlar (И.С), ishlab chiqarish munosabatlari (И.П) shaxslararo munosabatlar (И.М) va sog‘liq va kasallik munosabatlari (И.З). Turli o‘lchovdagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada shaxsda farq qilishi mumkin.
Tadqiqot maqsadi o‘spirin yoshlarning subyektiv nazorat darajasini aniqlash va tahlil qilish. O‘spirin yoshdagi respondentlarning lokus nazorati xususiyatlarini aniqlash maqsadida УСК yoki SND subyektiv nazorat darajasi metodikasi o‘tkazildi. Tadqiqot obyekti sifatida maktabning 11 – sinf o‘quvchilari olindi. Respondentlarning umumiy soni 60 nafar bo‘lib, ulardan o‘g‘illar - 53 % ni, qizlar esa - 47 % ni tashkil etdi. Respondentlarning o‘rtacha yoshi 16 – 17 yoshni tashkil etdi. Shaxsiy xususiyatlarni e’tiborga olgan holda respondentlar tadqiqot mobaynida shaxsiy rivojlanishning so‘nggi bosqichida edilar.
Tadqiqot davomida olingan raqamli ma’lumotlar hisoblangan standart ballarning matematik o‘rtacha ko‘rsatkichlari quyidagicha natijani ko‘rsatdi.
Natijalar 1 – jadvalda keltirilgan.
Shunday qilib tadqiqotda o‘rtachadan yuqori (internal) darajalarda И.Д, И.М, И.З shkalalari ustunlik qildi. Subyektiv darajasining o‘rtachadan past (eksternal) darajasida И.О, И.Н, И.С, И.П shkalalari joylashdi. Ma’lum shkalalar subyektiv nazoratning o‘rtachadan past darajada joylashgani normal holat hisoblanadi.
Namunadagi o‘rtacha ballar subyektlarning qaysi foizi yuqori darajadagi internallikka ega ekanligini va qaysi biri past darajadagi internallikka egaligini hukm qilishimizga imkon bermaydi. Shu bilan birga, bu natijalar nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
Bu natijalar asosida turli xil psixologik xususiyatlarga ega kichik guruhlar bilan ishlashda ularga nisbatan to‘g‘ri samarali metodlarni tanlashga imkon beradi.
Tadqiqot natijalarini batafsilroq tahlil qilish maqsadida respondentlarni yuqori, o‘rta va past darajadagi shkalalarga bo‘ldik. Tadqiqot natijalari 1- diagrammada ko‘rsatilgan.