International multidisciplinary



Yüklə 133,84 Kb.
səhifə4/8
tarix07.01.2024
ölçüsü133,84 Kb.
#211015
1   2   3   4   5   6   7   8
24-45

Material va metodlar
Maqolada O‘zbekistonda yoshlarning tadbirkorlik huquqining tashkiliy-huquqiy masalalari bo‘yicha olimlarning fikrlari, qonunchilik normalari tahliliy jihatdan o‘rganildi. Yevropa mamlakatlarining yoshlarga oid huquqiy siyosati qiyosiy jihatdan tahlil qilindi. Tarixiylik, taqqoslash, umumlashtirish kabi metodlardan foydalanildi.
Tadqiqot natijalari
Yoshlar tadbirkorligining asosiy xususiyatlari haqida so‘z ketganda yoshlarga qadimdan kasb egallash, hunar o‘rganish, hayotda o‘z o‘rnini topish uchun harakat qilish kerakligi uqtirib kelingan. Tadbirkorlik yurtimizda azaldan insonlar shug‘ullanadigan asosiy ijtimoiy faoliyat turi xisoblangan. Kasb biror narsani o‘rganish, egallash, foyda, hunar, biror mashg‘ulotni odat qilish, odatlanish, faoliyat ma’nosini anglatadi.
Yurtimiz tarixida duradgorlik, tikuvchilik, temirchilik, savdogarlik, dexqonchilik, chorvachilik, terichilik, (terini oshlash, terini qayta ishlash) etikdo‘zlik, baqqollik, degrezlik, qurolsozlik, po‘stindo‘zlik, kulolchilik, mol mulkni ijaraga olib biror bir faoliyat yuritish, tabiblik, dorishunoslik, sherikchilik asosida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishga ijobiy munosabat bildirilgan. O‘zbek milliy huquqining ilk manbalaridan biri bo‘lgan “Avesto”da tadbirkorlikning asosi bo‘lgan mulkdan foydalanish, unga egalik qilish va uni tasarruf qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga alohida e’tibor qaratilgan. Unda mulkchilikning ikki turi “gayta” – xususiy mulk va “vis” urug‘ jamoasi mulki haqida so‘z boradi. Xususiy mulk uy-joy, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, ishchi qurollar va boshqalardan iborat bo‘lsa, urug‘ jamoasi mulki asosan chorva mollari va yaylovlar bo‘lgan. Manbada mulkiy munosabatlarni tartibga solish, mulkni muhofaza qilishga alohida o‘rin berilgan.
Qadimgi Sharq xalqlarida o‘sib kelayotgan yosh avlodning taqdiri, ularni katta hayotga tayyorlashda kasb-hunar o‘rgatish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Avesto”da yoshlarga kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan barcha bilimlarni, shu jumladan diniy va tabiiy bilimlarni, turli kasb-hunarlarni o‘rgatish, ma’naviy-axloqiy va mehnat tarbiyasini berish, harbiy san’at sirlarini, vatanparvarlik g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish, o‘z kasbining ustasi etib tarbiyalash ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilgan. Manbada faqat barcha bilimlarni egallagan ishbilarmon, tadbirkor o‘z kasbining ustasi bo‘lganlar vatan taraqqqiyotini ta’minlashga, uning shuxratini butun dunyoga tarqatishga qodir degan g‘oya ilgari suriladi. Xususan, “Avesto”da ota-ona nomidan aytilgan quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: “Menga xonadonim, qishlog‘im, shahru-mamlakatim shuxratini dunyoga ko‘z-ko‘z qiladigan o‘qimishli o‘g‘lon ber”.[1]
Shuningdek “Avesto”da ishbilarmonlik va tadbirkorlik zamirida tegishli sohaga oid bilim olish ekanligiga urg‘u beriladi. Unda bilimga chanqoq yosh yigit nomidan shunday deyiladi: “Men hozir o‘smir yoshiga etdim. Ikki qo‘limda zaminni charxdek, osmonni qalqondek ko‘taraman”.[1]
“Avesto”da yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda ularning jinsi, biologik xususiyatlari, u yoki bu kasbga tabiatan moyilligi, kundalik ijtimoiy hayotda tutgan va kelajakda tutishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlari va jismoniy maxoratini hisobga olish lozimligiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, manbada yozilishicha: “O‘g‘il bolalarga nisbatan qiz bolalar ilmu donish o‘rganishga jiddiyroq kirishganlar. Zeroki ular ota-ona xonadonida bo‘lgan vaqtlarida ota ro‘zg‘orini tartibga solib ziynat berib yurganlar, jufti xaloli manziliga borgach bolalar tarbiyalash, ta’limi bilan kelajak nasl tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lmoqlari lozim bo‘ladi”.[2]
“Avesto”da qizlarga urchuq bilan charxda ip yigirish, mato to‘qish, libos tikish kabi kasb-hunarlarni o‘rganish tavsiya etiladi. O‘g‘il bolalarga esa uy-joy qurish o‘simlik va daraxtlarni ekib ko‘paytirish, ularni urchitish, erni parvarish qilish, turli asbob-uskunalar, qurol-yarog‘lar yasash kabi kasblarni o‘qitish tavsiya etiladi.
“Avesto”da biror bilim va kasb-hunarni egallashda yoshlarning zehni, qobiliyati, intiluvchanligi, tirishqoqligi, sabr-toqati kabilar bilan bir qatorda ularga ilm-fan va kasb sirlarini o‘rgatadigan muallimlar va ustozlarning o‘z shogirdlari, jamiyat va mamlakat kelajagi oldidagi mas’uliyatini his qilishi, shogirdlariga mehr-muhabbati, o‘z vazifasini halol va pokiza bajarishi, kasb-hunarning sir-asrorlarini yoshlarga o‘rgatish kabilar ham chetda qolmagan. Manbada qayd etilishicha, har bir ustozning birinchi galdagi vazifasi yoshlarga kundalik hayotda zarur bo‘lgan bilimlarni yaxshilik yo‘sini ila o‘rgatib, ularni yaxshi bilan yomonni ajrata oladigan qilish, ularni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etish; yoshlar qalbida o‘z dini, xalqi, yurtiga mexr uyg‘otish, ularni halol mehnat qilib rizq-ro‘z topib yashashga o‘rgatish, do‘stlik va hamkorlik, hamjihatlik g‘oyalarini o‘z shogirdlari ongiga singdirish kabilardir.
Undan keyingi davrlarda ham yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini jamiyat va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo hududlariga islom dini kirib kelgach yoshlar tarbiyasi va kamolotiga alohida e’tibor qaratildi. Islom dinida ham yoshlarga kasb-kor o‘rganish, bir hunarning boshini tutish lozimligi uqtiriladi. Qur’oni Karimda temirchilik, binokorlik, duradgorlik va dehqonchilik kabi sohalarga bog‘liq so‘zlar mavjud.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham sahobai kiromlarni kasb-hunarli bo‘lishga undardilar. Boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, mehnat qilishdan to‘htab qolganlarni mazammat qilardilar. Bunga misol tariqasida quyidagi hadislarni keltirishimiz mumkin:
Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar: “Alloh kasb qiladigan bandani yaxshi ko‘radi. Kim oilasi uchun kasb-hunar bilan tirikchilik qilsa, Alloh yo‘lida jihod qilgan kishidek bo‘ladi”(Imom Ahmad rivoyati).
Kasblarning eng yaxshisi – halol savdo va kishining o‘z qo‘li ila qilgan mehnatidir” (Imom Ahmad rivoyati).
“Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) yonlaridan jiddu-jahd va g‘ayrat bilan mehnat qiladigan bir yigit o‘tib qoldi. Sahobalar uning baquvvat va epchilligini ko‘rib, “Ey Allohning Rasuli, uning bu ishi Alloh yo‘lida bo‘lsa edi!” dedilar. SHunda Rasululloh (s.a.v.): Agar u ahli ayoli uchun mehnat qilishga chiqqan bo‘lsa, u Alloh yo‘lidadir. Qarib qolgan ota-onasi uchun mehnat qilishga chiqqan bo‘lsa, Alloh yo‘lidadir. O‘zi uchun mehnat qilishga chiqqan bo‘lsa ham, Alloh yo‘lidadir. (Kuch-quvvati bilan) riyo qilish va faxrlanish niyatida chiqqan bo‘lsa, u holda shaytonning yo‘lidadir”, dedilar.”[3]
Bundan tashqari xalifalardan Abu Bakr Siddiq bazzoz, ya’ni mato va gazlamalar bilan savdo qiluvchi kishi bo‘lganlar. Sahobalardan Usmon ibn Affon, Talha, Abdurahmon ibn Avflar ham turli matolar savdosi bilan shug‘ullanganlari haqida ma’lumotlar bor.
Hasan Basriy (r.h.) bir kuni yoshlar tarbiyasi masalasida hamsuhbatlariga: “Ey keksalar! Ekin pishib etilganidan so‘ng nima qilinadi?”, deya savol berdilar. “Hosili yig‘ib olinadi”, deyishdi. Shunda Hasan Basriy (r.h.): “Ey yigitlar! Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasdan oldin, unga ofat (kasallik) yetishi mumkin”, deganlar.
Jamiyatda tabib, quruvchi, to‘quvchi, muallim, Vatan himoyachisi, qurol yasovchi usta, novvoy kabi kasb egalariga hamma zamonlarda ehtiyoj bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, qaysi jamiyat zamonaviy ilmlardan orqada qolgan bo‘lsa, albatta, inqirozga uchragan, bosqinchilarga qaram bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shuning uchun ummatga: “Farzandlaringizni suvda suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatingiz”, deb buyurganlar. Faxri koinotning o‘zlari askarlarning mashqlarini kuzatganlar, musulmon farzandlarini boshqa xalqlar tilini o‘rganishga undaganlar. [3]
Amir Temur va Temuriylar davrida va xonliklar davrida ham har bir mo‘min-musulmon balog‘atga etgach, uning kasb-hunar bilan shug‘ullanishiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu davrda etishib chiqqan olimu fuzalolar yoshlar masalasiga o‘z asarlarida alohida to‘xtalib o‘tganlar.
Abu Nasr Forobiy o‘zining “Fozil odamlar shahri” asarida: « Yoshlar kasb-hunarni amaliy tajribada jahd va g‘ayrat bilan o‘z vujudlariga singdirganlaridan so‘ng ularni asta-sekin egallay boradilar», deya ta’kidlagan.[4]
Abu Rayhon Beruniy inson hayoti davomida o‘z ehtiyojlarini faqat pul yoki mol dunyo bilan emas shu bilan birgalikda mehnat qilish va tadbirkorlik, izlanish va ilm olish orqali qondirishi lozimligini e’tirof etgan.
Yusuf Xos Xojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asarida yosh avlod tarbiyasi haqida quyidagilarni yozgan: “Farzand qanchalik bilimli, aqlli-hushli bo‘lsa, iqtisodni yaxshi o‘zlashtirsa, ota onaning yuzi shunchalik yorug‘ bo‘ladi”.[5]
Keyingi davrlarda Shayboniylar va o‘zbek xonliklari davlatlarida ham tadbirkorlikni turli sohalari, ayniqsa dehqonchilikni rivojlantirish uchun qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, ularga suv chiqarish uchun kanallar va ariqlar qazish, eskilarni ta’mirlash, tadbirkorlarga soliq to‘lashda imtiyoz berish kabilarga e’tibor qaratildi. O‘rta Osiyoda Chor Rossiyasi mustamlakachiligi tuzumining o‘rnatilishining salbiy oqibatlari iqtisodiyotning barcha sohalari bilan bir qatorda tadbirkorlikni ham chetlab o‘tmadi. Chor hukumati to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy xalqlarning tadbirkorlik faoliyatini cheklovchi tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rmagandek ko‘rinadi. Aslida bu choralar o‘ta ustalik bilan amalga oshirilgan edi. Bu O‘rta Osiyo chor Rossiyasi sanoatining xomashyo bazasiga aylantirilishi, o‘lkadagi yer usti va yer osti boyliklarini qazib olib qayta ishlash uchun rus sanoat korxonalariga jo‘natish, xorijiy yaqin qo‘shni davlatlardan an’anaviy tarzda o‘lkaga kirib keladigan tovarlarning kirib kelishini kamaytirish maqsadida ularga yuqori boj stavkalari belgilash, O‘rta Osiyoga rus sanoat va bank kapitalining kirib kelishiga keng yo‘l ochish, Rossiya fuqarolariga Turkiston general-gubernatorligi va Buxoro amirligi hamda Xiva xonligi hududlarida erkin harakat qilish, shahar va qishloqlarda savdo omborlari va do‘konlar qurish, ko‘chmas mulklar sotib olish huquqini berish, rus shaharlari va qishloqlaridagi ishsiz hamda ersiz fuqarolarni ko‘chirib ularni serhosil va sersuv erlar bilan ta’minlash, rus tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan sifatsiz tovarlar va mahsulotlarni O‘rta Osiyo bozorlarida pullanishiga erishish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ko‘rishda namoyon bo‘ldi.
Turkiston o‘lkasida, keyinchalik Buxoro amirligi va Xiva xonligida bolsheviklar partiyasi rahbarligida Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi milliy tadbirkorligimiz tarixida salbiy ma’nodagi tub burilish yasadi. Sovet hokimiyati o‘rnatilishining ilk onlaridan e’tiboran hususiy mulkchilikka barham berish, barcha er usti va er osti boyliklarini, erlarni, o‘rmonlarni, suv zaxiralarini, zavod va fabrikalarni, banklarni, temir yo‘llarni, pochta-telegraflarni, hunarmandchilik ustahonalarini, temir yo‘l va boshqa transport vositalarini, savdo maskanlari, ta’lim muassasalariga tegishli mulklar va boshqalarni milliylashtirish – davlat mulkiga aylantirishning tashkiliy-huquqiy choralari ko‘rildi. O‘tgan asrning 60-80 yillariga kelib, barcha turdagi tovarlarni ishlab chiqarish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish, aholiga transport, aloqa, tibbiy, maishiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, savdo-sotiqni amalga oshirish to‘lig‘icha davlat tasarrufiga o‘tdi. Etikdo‘zlik, soatsozlik, sartaroshlik, ko‘z oynaklarni ta’mirlash kabilar ham davlat tasarrufida edi. Do‘ppido‘zlar, chopon, ko‘rpa-yostiq tikuvchilar, ketmon, cho‘mich, kapkir, qoshiq yasovchilar, kulollar, gilam to‘quvchilar, kiygizchilik faoliyati ham davlat tomonidan nazorat qilinardi.
Mustaqillikdan keyingi davrda O‘zbekiston o‘zining bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lidan ilgarilab bordi. Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish orqali iqtisodiy barqarorlikka erishish maqsadlari belgilandi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish amalga oshirildi. Bu davrda aholining aksariyat qismi kichik korxonalar, savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, va boshqa sohalarni xususiylashtirib oldi. Kichik tadbirkorlik, ayniqsa, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi yaxshi rivojlandi. Mustaqillikning dastlabki yillarida barcha uchun bir xil shartlar asosida talbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishning huquqiy tamoyillari belgilangan bo‘lsa, keyinchalik ular ichidan yoshlar tadbirkorligi o‘zining alohida xususiyatlari bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda.
Hozirda yoshlar deganda 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tushuniladi. Bugungi kunda ayni shu yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi, ularning bandligini ta’minlash va yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, buning uchun yetarlicha huquqiy shart-sharoitlar yaratib berish asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Hozirda O‘zbekistonda Yoshlar siyosatiga oid ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar mavjud bo‘lib ulardan aksariyati bevosita yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish masalalariga taalluqlidir. SHu o‘rinda yoshlar tadbirkorligi va ishbilarmonligini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning rivojlanib borishini xronologik tarzda ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Yoshlar tadbirkorligi tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi 14.09.2016 yildagi O‘RQ-406-son Qonunida alohida tushuncha sifatida qayd etildi va bu faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha asosiy tamoyillar belgilab berildi. Qonunda yoshlar tadbirkorligi tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Yoshlar tadbirkorligi — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yosh fuqarolar tomonidan, shuningdek ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati.”
Umuman olganda yoshlarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga keng targ‘ib qilish va buning uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish masalalari bir nechta qonunchilik hujjatlarida keltirib o‘tilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son Farmonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarining to‘rtinchi tamoyili sifatida yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.10.2017 yildagi “Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 834-son Qarorida klasterlar faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritish uchun klaster hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 16.08.2018 yildagi 669-son Qarorida ayni sohaga qaratilgan chora-tadbirlar qayd etilgan.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblangan Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi to‘g‘risidagi Nizomning ikkinchi bobida yoshlar tadbirkorligini tizimli ravishda tahlil qilish va ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish kollegial organning alohida vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 30.08.2019 yildagi PQ-4433-son Qaroriga ko‘ra tashkil etilgan Yoshlar akademiyasining ustuvor vazifalari etib davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarni ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish va boshqalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 11.09.2020 yildagi 550-son Qarorida yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan ta’minlash jarayonlariga ko‘maklashish Yoshlar ishlari agentligining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 18.01.2021 yildagi 23-son Qarorida YOshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishida
- turli sohalardagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Yoshlar eksportda», “Yoshlar investitsiyada”, “Yoshlar fermerlikda”, “Yoshlar qurilishda” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus dasturlarni amalga oshirish;
- mahallalarda o‘smir yoshlarni “Ustoz — shogird” an’anasi doirasida hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlikka yaqindan jalb qilish;
- yoshlar turizmini jadal rivojlantirish hamda ular orasida turizmga asoslangan ishbilarmonlikni ommalashtirish
- “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etish, ularda yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish;
- yoshlarni tadbirkorlik va fermerlikka jalb qilishga qaratilgan hududiy ixtisoslashtirilgan dasturlarni ishlab chiqish;
- joylarda yoshlarning tadbirkorlik klasterlarini va konsalting xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha aniq dastur va rejalar ishlab chiqish kabilar ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 21.04.2021 yildagi PQ-5088-son Qarorida YOshlar sanoat zonalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar qayd etildi:
- yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun YOshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;
- yoshlarga ularning sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalari, tashabbuslari va g‘oyalari amalga oshirilishida ko‘maklashish va qulay shart-sharoitlar yaratish;
- “startaplar” tashkil etish maqsadida biznes-inkubator vazifalarini amalga oshirish, yosh tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish;
- yoshlarga o‘z innovatsion ishlanmalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish borasida amaliy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini amalga oshirishga oid eng muhim va asosiy normativ huquqiy hujjatlardan biri bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 21.12.2021 yildagi 765-son Qarori bo‘lib, unda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ularga yaratiladigan asosiy shart-sharoitlar, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish hamda yoshlarning yangi g‘oyalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga oid batafsil tartib qoidalar o‘z aksini topgan. Ushbu Qarorda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun izchil chora-tadbirlar rejasi belgilangan bo‘lib, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish sxemasi ishlab chiqilgan. Sxemada tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga bosqichma-bosqich amaliy yordam ko‘rsatish va yo‘l-yo‘riqlar berishga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 19.01.2022 yildagi PQ-92-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 07.06.2022 yildagi 312-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 13.06.2022 yildagi PF-153-son Farmonida bevosita yoshlarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi qoidalar o‘z ifodasini topgan.
Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartib-qoidalar oxirgi besh yillikda yoshlar tadbirkorligi tushunchasini kun tartibiga olib chiqdi. Ya’ni, endi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning iqtisodiy huquqlarining kafolatlari yanada mustahkamlanishi, ularni ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga, mehnat bozorida aholining boshqa qatlamlariga nisbatan samaraliroq mehnat amaliyotini olib borishlari uchun davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Yüklə 133,84 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin