International multidisciplinary



Yüklə 133,84 Kb.
səhifə6/8
tarix07.01.2024
ölçüsü133,84 Kb.
#211015
1   2   3   4   5   6   7   8
24-45

to‘rtinchidan, tavakkalchilik va bozor sharoitlarini baholay olish qobiliyatlarining hisobga olinganligi, mustaqil tadbirkorlik faoliyatini boshlagan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish, sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan er uchastkalarini o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, erlar hosildorligini oshirish, etishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatish, yosh tadbirkorlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni, kreditlar olish, biznes-rejalar tayyorlash, marketing tadqiqotlari o‘tkazish, savdo bozorlarini topish va boshqalar uchun zarur hujjatlarni tayyorlashda amaliy ko‘maklashish, yosh tadbirkorlarga bepul maslahat, moliyaviy, bepul buxgalteriya xizmatlari va boshqa xizmatlar, shuningdek, biznes-akselerator xizmatlari ko‘rsatish va shu kabi boshqa ko‘plab amaliy yordam turlarini ko‘rsatish belgilangan.
beshinchidan, ilmiy-texnikaviy shart-sharoitlarining hisobga olinganligi, tabdirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga eng so‘nggi ilmiy-texnika yutuqlaridan foydalanishlari uchun Yoshlar akademiyasi, YOshlar innovatsiya markazlari bilan hamkorlikda ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha barcha yangiliklardan xabardor qilish, innovatsion texnika va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishda yoshlarga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalari bilan jihozlangan texnologik va ishlab chiqarish maydonchalarini taqdim etish, mahsulotlar va texnologiyalarning istiqbolli turlarini ishlab chiqishda muassasalar, tadbirkorlik sub’ektlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlar rivojlanishini muvofiqlashtirish, ularni axborot-kommunikatsiya vositalari va Internet tarmog‘iga kirish bilan ta’minlash masalalarida ham alohida imtiyozlar belgilangan.
oltinchidan, faoliyatining iqtisodiy raqobat talablariga javob bera olishining hisobga olinganligi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarning bankrot bo‘lishlarining oldini olish, ularni bozor munosabatlarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish sohalariga yo‘naltirish, yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Keyingi muhim mulohazalardan biri yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha chet el tajribasi va uning huquqiy asoslari hamda bu sohani rivojlantirish uchun qo‘llanilayotgan usul va vositalarni tahliliy o‘rganishdir.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga butun dunyoda katta e’tibor qaratiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqalar bo‘yicha statistik izchillik uchun “yoshlar”ni 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan shaxslar sifatida belgilaydi, lekin bu BMTga a’zo davlatlar tomonidan yoshlarga berilgan boshqa ta’riflarning noto‘g‘ri ekanini anglatmaydi.
Tadqiqotchilar odatda "yoshlik" atamasini shaxsning yoshligidagi hayotini tasvirlash uchun ishlatishlari mumkin bo‘lsa-da, bu juda sub’ektiv atama bo‘lib, bu tushuncha mamlakatlar, madaniyatlar va hatto odamlarning idrokiga qarab farq qilishi mumkin. Bu borada mavjud adabiyotlarda ba’zi tadqiqotchilar "yoshlik" atamasini 15 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan odamlarga murojaat qilish uchun ishlatish mumkinligini ta’kidlashadi, boshqalari esa yoshlarni ancha kengroq kontekstda 15 va 35 yoshda ko‘rishadi. Biroq, ko‘pchilik tadqiqotchilar yoshlikni 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan hayot davri sifatida belgilaydilar. Bizningcha, yoshlar tadbirkorligi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik faoliyatini boshlash orqali iqtisodiy sohadagi faoliyatga kirishadigan hodisa hisoblanadi.
So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarida ijobiy tendensiyani ko‘rish mumkin, bu qisman keyingi vaqtlarda ko‘plab mamlakatlarda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, qisman ishsizlik darajasining o‘sganligi tufaylidir. Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkilotining ish bilan ta’minlanish bo‘yicha eng so‘nggi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2022-yilda yoshlarning o‘rtacha ishsizlik darajasi Yevropa Ittifoqi va AQSHda mos ravishda 15% va 13% ni tashkil qilgan.[10]
Rivojlangan davlatlarda allaqachon yoshlarning katta salohiyatidan unumli foydalanish uchun hattoki, yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha alohida davlat dasturlari ishlab chiqilgan. Yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish, Yoshlarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqlarini amalga oshirishlari uchun mintaqaviy miqyosda hujjatlar ishlab chiqilgan. So‘nggi yillarda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar Yevropa mamlakatlarida ancha keng tarqaldi. Bu qaysidir ma’noda mintaqadagi yoshlar ishsizligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida qaraldi. Jumladan, 2005 yil 23-martda qabul qilingan “Yevropa yoshlar pakti”da belgilanishicha, yoshlarga nisbatan olib boriladigan siyosatning asosiy yo‘nalishlari sifatida yoshlarga ko‘proq iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va ularni jamiyatda faol fuqaro sifatida shakllantirish maqsadida tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish tashabbuslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni, yakka tartibdagi tadbirkor yoshlarning huquqlariga alohida e’tibor qaratishni, yoshlar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan va yosh tadbirkorlar sonini oshirishi mumkin bo‘lgan Yevropa dasturlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.[11]
Yevropa Ittifoqi Kengashining 2009 yil 27 noyabrda “Yoshlar sohasida Yevropa hamkorligining yangilangan asoslari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga ko‘ra amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy tashabbuslarning ikkinchisi etib “yoshlarning tadbirkorligi va bandligi”ni ta’minlash belgilangan. Ushbu tashabbusni ilgari surishdan maqsad yoshlarning ishchi yoki tadbirkor sifatida mehnat bozoriga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va amaliyotdan, ishsizlik yoki harakatsizlikdan mehnat bozoriga o‘tishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, ishlash tarzini oilaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini yaxshilash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.[10]
Yuqoridagi hujjatning mantiqiy davomi bo‘lgan 2018-yilda qabul qilingan “2019-2027-yillarga mo‘ljallangan Yevropa ittifoqi Yoshlar strategiyasida” yoshlarning barcha sohalarda, xususan, bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy inklyuziya sohalarning yoshlarga ta’siri bo‘yicha hukumat qarorlarini takomillashtirish masalalari ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Xususan, strategiyada yoshlarning mustaqil hayotga o‘tishlarida ularni qo‘llab-quvvatlash uchun chora-tadbirlar amalga oshirish, ularning biznes g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun davlat va nodavlat tashkilotlar bilan izchil rejalarni amalga oshirish belgilangan.[6]
Pandemiya davrida Yevropa iqtisodiyotida turli sohalarda katta pasayishlar kuzatildi. Buning oqibatlarini kamaytirish, yuz berishi mumkin bo‘lgan ishsizlik to‘lqinining oldini olish maqsadida ham hozirgi kunda Yevropa mamlakatlarida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu o‘rinda yoshlar tadbirkorligining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishda Yevropa mamlakatlari bo‘lmish Ispaniya va Finlandiya kabi davlatlarning shu sohada joriy etgan dasturlarini amalda qo‘llash juda ham asqotadi.
Yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirish va Yevropani tadbirkorlar uchun yanada qulay muhitga aylantirish yaqin o‘n yillikda Yevropa Ittifoqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Chunki, bu borada uning ish o‘rinlarini yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha yuqori salohiyati hisobga olindi. Shu yo‘nalishda 2013-yilda Yevropa Komissiyasi “Tadbirkorlik 2020” Harakat rejasi bo‘yicha axborotnomani e’lon qildi. Hujjatda Yevropa tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish va tadbirkorlik yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy harakatlar taklif qilingan.
Yoshlarning tadbirkorlik salohiyatiga alohida e’tibor qaratgan holda, ushbu harakatlar uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha jamlangan: ta’lim va tarbiya; tadbirkorlar gullab yashnashi uchun qulay muhit yaratish; tadbirkorlik salohiyatidan hali to‘liq foydalana olmaydigan aniq ijtimoiy guruhlarni aniqlash. Ushbu harakat rejasiga muvofiq, Komissiya Yevropada yosh tadbirkorlar sonini ko‘paytirish uchun YOshlar tadbirkorligi strategiyalarini va boshqa mamlakatlardagi yangi tadbirkorlarga Yevropa tajribasini o‘rganish imkoniyatini beradigan Yevropa Ittifoqi almashinuv dasturi bo‘lgan Erasmus yosh tadbirkorlar dasturini taklif qiladi.[14]
Shunga o‘xshash sa’y-harakatlar va tashabbuslar a’zo davlatlar darajasida amalga oshirildi. Masalan, jiddiy iqtisodiy inqiroz sharoitida Ispaniya hukumati tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ba’zi chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Ispaniyaning 2013– 2016 yillardagi tadbirkorlik va yoshlarni ish bilan ta’minlash strategiyasini tasdiqladi.[14]
Yoshlar tadbirkorligini yoshlardagi ishsizlik inqirozini davolaydigan yoki jamiyatning barcha ijtimoiy muammolarini hal qiladigan “ommaviy” yechim sifatida ko‘rib chiqmaslik kerak, chunki yoshlarning faqat oz qismi tadbirkor bo‘lish uchun to‘g‘ri ko‘nikma va munosabatga ega bo‘la oladi xolos.[7]
Yevropa miqyosida yoshlar ishbilarmonligini rag‘batlantirish va tadbirkorlik ruhini rivojlantirish tashabbuslarining aksariyati ta’lim va o‘qitish siyosatidan kelib chiqqan. 2004-yilda qabul qilingan “Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi” tadbirkorlikni mustahkamlashning strategik asosini yaratib berdi va tadbirkorlik tafakkurini rag‘batlantirish va ko‘proq shaxslarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga undash elementlarini o‘z ichiga qamrab oldi. Ushbu rezolyutsiya keyinchalik 2005 yil mart oyida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo’yicha Yevropa Yoshlar paktining asosiy elementiga aylandi.[14]
Yoshlar tadbirkorligi yangi ish o‘rinlari yaratishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, chunki u yakka tartibdagi tadbirkor yoshlar uchun ham, yangi tashkil etilgan korxonalarga ishga olinishi mumkin bo‘lgan boshqa yoshlar uchun ham ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratadi. Bundan tashqari, u innovatsiyalarni va iqtisodiy o‘sishning omili bo‘lgan raqobatni sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Yoshlar tadbirkorligi, shuningdek, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy barqarorlikni rivojlantiradi, ularni o‘zgaruvchan bozorda iqtisodiy muammolarning yangi va muqobil yechimlarni topishga undaydi.[7] Shuningdek, bu harakatlar tadbirkorlikni tashkil etishning yangi va innovatsion modellarini ham o‘z ichiga oladi. Yosh tadbirkorlar yangi iqtisodiy imkoniyatlar va tendensiyalarga ayniqsa sezgir bo‘lishadi. Bu ayniqsa, globallashgan jamiyatda juda muhim ahamiyatga ega.[8]
Tadbirkorlar duch kelayotgan huquqiy to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida Yevropa Ittifoqi tomonidan 2008 yilda “Kichik biznes to‘g‘risidagi” Qonun qabul qilingan. Bundan tashqari, 2009 yilda Yevropa Komissiyasining "Yevropa Ittifoqining yoshlar uchun strategiyasi – sarmoya kiritish va imkoniyatlarni kengaytirish" nomli bayonotida yoshlar uchun ko‘proq ta’lim va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratish vositalaridan biri sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni rivojlantirish taklif qilingan. Kengashning 2009 yil noyabrdagi “Yoshlar sohasida Yevropa hamkorligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasida yoshlarning mehnat bozoriga ish beruvchi yoki xodim sifatida kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilingan.
Yevropa Ittifoqining Yoshlar kafolati tashabbusi 2013-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan va shu yilning iyun oyida Yevropa Kengashi tomonidan ma’qullangan. Yevropa Komissiyasi tomonidan chop etilgan Yoshlar kafolati bo‘yicha rasmiy eslatmada belgilanishicha, “A’zo-davlatlar maktabni tugatgach yoki ishdan ayrilganidan keyin to‘rt oy ichida 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni yaxshi sifatli kasb topa olishlarini ta’minlashi kerak. Ularning mutaxassisligi, malakasi va tajribasiga mos keladigan ish yoki shogirdlik, stajirovka yoki uzluksiz ta’lim orqali kelajakda ish topish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va tajribalarni olishga ko‘maklashishi shart deb belgilandi.
2004 yilda Finlandiya Ta’lim vazirligi tadbirkorlik ta’limi bo‘yicha keng qamrovli siyosatni boshladi. Ushbu siyosat 2009 yilda qayta ko‘rib chiqildi va 2015 yilgacha uzaytirildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tadbirkorlik ta’limi Finlandiya Ta’lim vazirligi tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanadi. Finlandiya maktablarida tadbirkorlik ta’limini o‘quv rejasiga kiritish shart qilib qo‘yilgan. Shuningdek, Finlandiyada tadbirkorlik ta’limi milliy dastur sifatida tasdiqlangan. Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun mas’uliyat mahalliy ma’murlar va mintaqa rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Tadbirkorlik ta’limi asosiy va to‘liq o‘rta umumiy ta’limdan tortib, to kasb-hunar ta’limi, politexnika va oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan ta’limning turli darajalariga tatbiq etiladi.[9]
Yevropaning yana bir davlati Vengriyada ham davlat, ham nodavlat institutlar tomonidan ishlab chiqilgan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash konsepsiyasi amaliy faoliyatda qo‘llash sezilarli yutuqlarga olib keldi. 2013-yil mart oyida Vengriya hukumati tomonidan davlat siyosatining eng muhim chora-tadbirlaridan biri hisoblangan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ijtimoiy yangilanish” operativ dasturi qabul qilindi. 2013-yildan beri Vengriya Yoshlar kafolati dasturining bir qismi bo‘lib, u o‘qishni tugatgan yoki to‘rt oy davomida ishsiz bo‘lgan 25 yoshgacha bo‘lgan ishsizlarga ta’limni davom ettirish yoki ishga joylashishni milliy qonunchilik hujjatlari orqali kafolatlaydi.[14]
Ispaniyada qo‘llanilgan eng muhim dastur 2013-2016 yillarda tadbirkorlik rivojlantirish va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha Ispaniya strategiyasidir. Ushbu strategiya og‘ir iqtisodiy inqiroz sharoitida ma’qullandi, unda Ispaniya hukumati yoshlarning mehnat bozoriga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va ularning mehnat bozoridagi ahvolini yaxshilash ikkita asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini tasdiqladi. Milliy hokimiyat organlari tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar ijrosini amalga oshiradi. "Valnalon Educa" - bu Valnalon texnologik shahri tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim tashabbusi. Valnalon texnologik shahrining maqsadi Nalon vodiysi hududida biznesni rivojlantirish va rag‘batlantirish edi. "Valnalon Educa" ta’lim tashabbusi zanjir strategiyasida tuzilgan bir nechta o‘quv loyihalaridan tashkil topgan "Tadbirkorlik uchun trening zanjiri" deb ataladigan tizimga asoslanadi.[15]
Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra Gollandiyada 2013 yilda 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan barcha band odamlar orasida o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlanganlar ulushi 6,5% ni tashkil etdi. 2014 yildan buyon bu ulush qariyb ikki foizga oshdi. 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning 36,7 foizini ayollar tashkil etadi. 2000 yilda Gollandiyaning Iqtisodiyot, Ta’lim va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari ta’lim va biznes tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik ta’limini rivojlantirishni boshlagan. 2007 yilda tadbirkorlik va ta’limni subsidiyalash sxemasi ishga tushirildi. Ushbu sxema tadbirkorlik ko‘nikmalari va bilimlarini, shuningdek, tadbirkorlik munosabatlarini kengaytirish va takomillashtirish orqali Gollandiyadagi biznes muhitini yaxshilashga yordam berdi. 2008 yilda “Ta’lim va tadbirkorlik bo‘yicha harakat” dasturi qabul qilindi. Harakat dasturining maqsadi tadbirkorlik ta’limini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash va professionallashtirish maqsadida ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga “Tadbirkorlikni o‘rganish” hamkorligi doirasida ishlab chiqilgan muvaffaqiyatli tashabbuslarni kiritishdir Ko‘rib chiqilayotgan tashabbuslar to‘plami uchta asosiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etildi: 1) yoshlarda tadbirkorlik tafakkuri va madaniyatini rivojlantirish; 2) tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga ma’lumotlar, maslahatlar, murabbiylik qilish va maslahatlar berish; 3) imtiyozli kreditlar ajratish, ma’muriy amaliyot va logistika to‘siqlarini bartaraf etishda ko’maklashish.[14]
Yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirishni o‘rta va uzoq muddatli siyosat strategiyasi sifatida tushunish kerak. Shuni hisobga olgan holda unutmaslik kerakki, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlari juda qisqa muddatda barqaror ta’sir ko‘rsatishi va yoshlarning ishsizlik muammosini sezilarli darajada kamaytirishga hissa qo‘shishi dargumon. Strategiyalarning dastlabki natijalari yoshlarning o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlashi va tadbirkorlikka bo‘lgan munosabatidagi sezilarli o‘zgarishlar bilan o’lchanadi. Yangi va tez rivojlanayotgan kompaniyalar hamda boshqa nomoddiy o‘zgarishlar ijobiy natijalar deb hisoblanadi. Ta’lim tizimidagi tadbirkorlik bilan bog‘liq kontent tufayli bandlik varianti - bu ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradigan va Yevropani yanada dinamik mehnat bozoriga aylantirishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlardir.

Yüklə 133,84 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin