Rivojlangan mamlakatlarda investitsion loyihalarni moliyalashtirishda risklarni boshqarish va baholash amaliyoti tahlili
Rivojlangan mamlakatlarda (AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya va Italiyada) investitsion loyihalarni moliyalashtirish maqsadlariga berilgan kreditlar bo'yicha kredit riskini boshqarish bir qator aniq tamoyillarga asoslanadi. Ulardan asosiylari quyidagilardan iborat:
Investitsion loyihalar bo'yicha ishlab chiqilgan biznes rejalarning mukammal ishlanganligi.
Biznes rejalarning mukammal ishlanganligi uning har bir bo'limi bo'yicha investitsion risklarning to'liq hisobga olinganligida, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sotish strategiyasining to'g'ri tanlanganligida, investitsion loyihaning samaradorligiga ta'sir qiluvchi har bir asosiy omilning ta'sir mexanizmining inobatga olinganligida namoyon bo'ladi.
Biznes rejada mahsulot sotiladigan bozor chuqur tahlil qilingan bo'lishi lozim. Chunki rivojlangan sanoat mamlakatlarida tovarlarning taqchilligi mavjud emas, balki tovarlarni sotish muammosi mavjud. Shu sababli, mazkur mamlakatlarda investitsion loyihalar bo'yicha tuzilgan biznes rejalarda asosiy e'tibor mahsulot sotiladigan bozorlarni o'rganishga qaratiladi.
Biznes rejalardagi asosiy bo'limlardan yana biri ishlab chiqarishni tashkil etilishidir. Ishlab chiqarishning to'g'ri tashkil etilganligi pirovard natijada mahsulotlarni ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada oshib ketishining oldini oladi. Bu esa, ularning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Rivojlangan mamlakatlarda, biznes rejalarni tuzishda investitsion loyihani boshqarish samaradorligiga alohida e'tibor qaratiladi. Buning sababi shundaki, rivojlangan mamlakatlar bo'yicha amalga oshirilgan tadqiqotlarning natijalariga ko'ra, investitsion loyihalarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatsizliklarning 98 foizi korxonaning o'ziga bog'liq sabablar tufayli yuz bergan, 2 foizigina esa, korxona faoliyatiga bog'liq bo'lmagan omillar ta'sirida yuz bergan.
Yer garov ob'ekti sifatida amaliyotda juda qadrlanadi. Odatda, yerning bahosi doimiy ravishda o'sib boradi va u barqaror hisoblanadi. Ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda yerning bahosi sezilarli darajada yuqori sur'atlar bilan o'sib bormoqda, shuning uchun ham yerni garovga olish asosida kreditlash moliyalashtirishning nisbatan xavfsiz shakli hisoblanadi. Bunda banklar istalgan vaqtda garovga olingan yerni sotish yo'li bilan kredit va uning foizini undirib olishlariga qattiq ishonadilar. Lekin shuni alohida ta'kidlash lozimki, yerni garov sifatida foydalanish uchun huquqiy asoslar yetarli bo'lishi lozim.
Hukumatning qimmatli qog'ozlari dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida yuqori likvidli garov ob'ektlari sifatida tijorat banklari tomonidan tan olinadi. Lekin ayrim rivojlanayotgan mamlakatlarda, masalan, Braziliya, Argentina va Rossiya davlatlarida hukumatning qimmatli qog'ozlariga nisbatan sezilarli darajada ishonchsizlik kayfiyati mavjud. Bu kayfiyat ushbu mamlakatlar hukumatlarining defolt holatlariga yo'l qo'yganligi bilan izohlanadi. Lekin bunday davlatlar ko'pchilikni tashkil etmaydi.
Markaziy bankda qayta hisobga olinadigan trattalar, shubhasiz, yuqori likvidlilik xususiyatiga egadir. Chunki tijorat banki Markaziy bankdan o'ziga ajratilgan qayta hisobga olish kontengenti doirasida istalgan vaqtda trattalarni topshirib, pul mablag'lari olishi mumkin. Markaziy bank esa, odatda, to'lovga qobil sub'ekt hisoblanadi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotida, xususan, G'arbiy Yevropa davlatlari xo'jalik amaliyotida sanoat korxonalarining hukumat tomonidan kafolatlangan obligatsiyalari mavjuddir. Har qanday qimmatli qog'ozning to'lovini hukumat tomonidan kafolatlanishi uning likvidlilik darajasini oshiradi.
Rivojlangan mamlakatlarning fond bozorida tijorat banklari qimmatli qog'ozlarni emissiya qilish bo'yicha hukumatdan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Tijorat banklari to'lovga qobillik nuqtai-nazardan korporatsiyalarga nisbatan ustuvor mavqega egadir. Tijorat banklarining kredit riskini kamaytirishda garov ta'minoti muhim rol o'ynaydi. Bunda asosiy e'tibor bank kreditlari uchun garov sifatida qabul qilinayotgan ob'ektlarning likvidlilik darajasiga qaratiladi.
Debitor qarzdorlikni aylanish koeffitsienti (DQAK). Bu ko'rsatkich quyidagi formula yordamida hisoblanadi.
DQAK=Yil davomida tovarlarni kreditga sotish hajmi (2) Debitor qarzdorlik
Ushbu koeffitsientlar bir-biriga teskari hisoblanadi. Shu sababli mazkur ikkala koeffitsientdan birini qo'llash ham kifoya qiladi. Agar tahlil qilinayotgan davr mobaynida kreditga sotilgan tovarlar miqdori ma'lum bo'lmasa, unda sotilgan tovarlar umumiy miqdorini ishlatish mumkin. Odatda, hisob-kitoblarda debitor qarzdorlikning yil oxiridagi summasi olinadi. Lekin, shunday korxonalar borki, ularda debitor qarzdorlikning o'sishi moliyaviy yilning ma'lum davrida ko'zatiladi. Bunday sharoitda debitor qarzdorlikni yil oxiriga olish noto'g'ridir, balki uning o'rtacha miqdorini har oyning oxirgi kuniga olish lozim. Agar yil davomida tovarlarni sotishning sezilarli darajada o'sishi kuzatilsa, debitor qarzdorlikning yil oxiridagi qoldig'i sotish hajmiga nisbatan noreal tarzda katta bo'ladi. Buning natijasida debitor qarzdorlikni qoplashning o'rtacha davri soxta tasavvur beradi, bunday sharoitda debitor qarzdorlikning yil boshidagi va yil oxiridagi qoldig'ining o'rtacha miqdorini olish maqsadga muvofiqdir.
Kreditor qarzdorlikni qoplash muddati (KQQM).
KQQM = Qisqa muddatli kreditor qarzdorlik x 365 Xarid bo'yicha xarajatlar (3)
Agar xarid to'g'risida ma'lumot olishning imkoni bo'lmasa, u holda bir yil davomida sotilgan tovarlarning tannarxini olish mumkin. Masalan, savdo shoxobchalarida sotilgan tovarlarning tannarxi xarid xarajatlari miqdoriga to'g'ri keladi. Tovar ishlab chiqaruvchilarda esa tannarxga yangi qiymat qo'shiladi, shu boisdan, sotilgan mahsulot tannarxini xarid xarajatlari bilan tenglashtirib bo'lmaydi. Shuning uchun ham mazkur koeffitsientni hisoblaganda imkoniyat qadar xarid xarajatlari to'g'risida to'liq ma'lumot olish zarur. Agar korxonada mazkur koeffitsient o'rtacha tarmoq ko'rsatkichidan yuqori bo'lsa, mijozning o'z majburiyatini vaqtida bajarmaslik ehtimoli yuqori hisoblanadi.
Zahiralarning aylanish koeffitsienti (ZAK
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, investitsiya loyihalarini amalga oshirish o'ziga xos bilim va malakani talab etadi, o'z navbatida, loyihaga doir risklardan va ularga tegishli barcha ma'lumotlardan xabardor bo'lish loyihaning muvaffaqiyatiga ijobiy ta'sir etadi. Bu kabi ma'lumotlarga ega bo'lmaslik esa turli salbiy oqibatlarga, hatto loyihani barbod bo'lishiga olib kelishi mumkin. Investitsion loyihalardagi risklarning mazmun va mohiyati, uning turlarini bilgan holda, undan kutiladigan yo'qotishlarni kamaytrish chora-tadbirlarini qo'llash va shu yo'l bilan riskning loyiha samaradorligiga ko'rsatadigan salbiy ta'sirini kamaytirish mumkin.
Iqtisodiyoni modernizatsiyalash sharoitida risklarni boshqarish bu amaldagi bozor kon'yunkturasiga mos darajada risklarni minimallashtirish, kreditlash xizmatlari bozorida bank pozitsiyasini minimum saqlab qolishdir. Shuningdek, riskni boshqarishdagi asosiy yo'llar bo'lib risklarni ajratish, risklarni loyiha ishtirokchilari o'rtasida taqsimlash, moddiy ta'minotni olish (garov), moliyaviy ta'minotni olish (kafolat yoki kafillik), risklarni kredit bo'yicha yuqori foiz stavkasiga ko'chirish, risklarni venchur kreditlashga qabul qilish, qarzlar bo'yicha yo'qotishlarni qoplash uchun fondlarni shakllantirish va boshq. Bular riskni boshqarish bo'yicha quyidagi ish yo'nalishlarini talab qiladi: har bir mijoz bo'yicha doimiy monitoring olib borish; ma'lum bir mijozning asosiy xo'jalik faoliyatiga aloqador tarmoq holatining doimiy monitoringini yuritish; kafolatni jalb qilish va tahlil etish; risk uchun kompensatsiya olish (garov, kafolat va boshqalarni amalga oshirish).
Umuman olganda, loyiha risklarini aniqlash, tahlil qilish, baholash va pasaytirish tadbirlarida risklarni boshqarish tizimi qonuniyati sifatida quyidagi masalalarga e'tibor qaratiladi:
loyiha risklarining tasnifi;
loyiha risklarini aniqlash va baholash usullari; loyiha risklarini boshqarishning axborot ta'minoti; risklarning monitoringi va istiqbolini belgilash;
risklarning oldini olish; risklarni kamaytirish texnologiyalari;
risklarni boshqarishni tashkil etish; risklarni taqsimlash;
risklarni sug'urtalash;
risklarni boshqarish xarajatlarining optimal darajasini asoslash va samaradorlikni baholash;
risklarni moliyalashtirish;
natijalarni o'rganish va monitoring olib borish;
monitoring ma'lumotlari asosida risklarni boshqarishda qo'shimcha chora- tadbirlarni qabul qilish.
Risklar barcha investitsiya loyihalari uchun xos hisoblanadi. Riskni bartaraf etish uni loyiha ishtirokchilari o'rtasida taqsimlash, daromad va yo'qotishlar, samaradorlikning pasayishi kabi holatlar bo'yicha risklar tahlilini olib borish orqali zaruriy choralar ko'rish bilan amalga oshiriladi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, investitsion faoliyatni rivojlantirish, eng avvalo, mamlakatimizning bank-moliya tizimi faoliyatiga bog'liq bo'ladi. Shu bois jahon iqtisodiy inqirozi kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bank-moliya tizimi faoliyatini mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash alohida muhim ahamiyat kasb etadi.
Investitsiyalarning qayerga yo'naltirilganini, qanday jarayonlarga biriktirilganini va ularning maqsadlari qanday ekanligini bilgan holdagina ularning mohiyatini anglash mumkin.
O’zbekistonda mustaqillikka erishgandan so’ng xorijiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga jalb qilish tizimini yaratishga kirishildi. Bu borada bir qator qonunlar va Prezident farmonlari chiqarildi. "Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida", "Chet el investitsiyalari va xorijiy investorlar faoliyatining kafolatlarini takomillashtirish to’g’risida"gi qonun va farmonlari shular jumlasidandir. Bu qonun va farmonlar ma’lum ma’noda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning huquqiy asosini tashkil etadi.