Ilmiy abstraksiya usuli - tahlil paytida xalal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali narsalar, voqea-hodisalarni fikrdan chetlashtirib, o‘rganilayotgan jarayonning asl mohiyatiga e’tiborni qaratishdir. Bu usul yordamida o‘rganilayotgan voqea va hodisaning ichki, ko‘zga ko‘rinmaydigan mohiyati, uning asl mazmuni bilib olinadi.
Тahlil — bu o‘rganilayotgan bir butunni alohida qismlarga ajratish va ularni izchillik bilan o‘rganish bo‘lsa, sintez – bu o‘rganilgan qismlardan olingan xulosa va natijalarni bir butun yaxlit jarayon deb qarab umumiy xulosa chiqarishdir. Murakkab iqtisodiy tizimlar ana shu yo‘l bilan o‘rganiladi, iqtisodiy tizim butunicha tasvirlab beriladi.
Mantiqiylik va tarixiylikning birligi usuli. Iqtisodiyot nazariyasida tarixiylik dalili tarixiy rivojlanish nuqtai-nazaridan tadqiqot olib borish zarurligini taqozo qiladi. Chunki iqtisodiy jarayonlar tarixiy jarayon sifatida rivojlanadi. Mantiqiylik usulida jarayonlar faqatgina tarixiy nuqtai-nazardan emas, shu bilan birga asosiy ichki zarur qonuniy bog’lanishlar bo‘yicha ham tahlil qilinadi.
Foydalanilayotgan usullar ichida eksperiment (tajriba-sinov) ma’lum o‘rin egallaydi, iqtisodiy o‘sishning keskin o‘zgarishi bosqichlarida, jumladan iqtisodiyotning inqiroz va beqarorlik bosqichlarida eksperimentdan keng foydalaniladi.
Induksiya va deduksiya biriga qarama-qarshi bo‘lgan, ammo o‘zaro bog’liqlikdagi fikrlash usulidir. Fikrning xususiy dalillardan umumiy dalillarga qarab harakati induksiya, aksincha, umumiy dalillardan xususiy dalillarga tomon harakati deduksiya deb ataladi.
Iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy jihatdan tahlil qilishda taqqoslash, statistik, matematik va grafik usullaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, hozirgi davrda grafik usulni keng o‘zlashtirish va qo‘llash zarurdir. Grafiklar nazariya modellarini ifodalashda vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Aniqroq qilib aytganda, grafik usul o‘zgaruvchi miqdorlar o‘rtasidagi bog’liqlikni ko‘rgazmali qilib tasvirlaydi.
Bu usullar yordamida iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning mazmunini, ulardagi o‘zgarishlarni, kelib chiqish sabab-oqibatlarini bilish mumkin bo‘ladi.