Asosiy kapital - ishlab chiqarish jarayonida bir qator doiraviy aylanishlar davomida qatnashadi, o‘zining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulotga (xizmatga) bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib boradi va ashyoviy-buyum shaklini o‘zgartirmaydi.
Aylanma kapital - bir doiraviy aylanish davomida to‘liq iste’mol qilinadi, o‘zining qiymatini ishlab chiqarish natijalariga to‘liq o‘tkazadi va ashyoviy-buyum shaklini ham yo‘qotadi.
Asosiy va aylanma kapitallar farqlanishi asosida quyidagi belgilar yotadi.
Ishlab chiqarish jarayonida harakat qilish xususiyatlari. Asosiy kapital tayyorlanayotgan mahsulot moddiy tarkibiga buyum jihatdan kirmaydi, uzoq davr (masalan stanok 10 yil, bino 50-100 yil) davomida faoliyat qiladi, o‘zining oldingi natural—buyum shaklini bir nechta doiraviy aylanishlar davomida saqlab qoladi. Aksincha, aylanma kapital (masalan paxta, jun, metall) har bir doiraviy aylanishda to‘liq unumli iste’mol qilinadi, o‘zining ashyoviy–buyum shaklini yo‘qotadi va yangi turlari bilan almashinadi.
Qiymatini ishlab chiqarish natijalariga o‘tkazish xususiyati. Asosiy kapital ishlab chiqarish jarayonida qator yillar davomida faoliyat qilib, ularning qiymati tovarlarga qisman o‘tib boradi. Agar stanok 10 yil, binolar esa 50 yil davomida foydalanilsa, bunda har yili yangi mahsulot qiymatiga stanok qiymatining 1/10 va bino qiymatining 1/50 qismi o‘tkazib boriladi. Хom ashyo va materiallar, yoqilg’i va energiya kabi aylanma kapital elementlari har bir doiraviy aylanishda to‘lig’icha unumli iste’mol qilinadi va ularning qiymati mahsulot va xizmatlar qiymatiga to‘lig’icha o‘tadi. Aylanma kapital bir yil davomida bir necha marta aylanishi mumkin.
Kapital qiymatining aylanish usuli. Qiymatining aylanish usuli bo‘yicha asosiy kapital qiymati ikkiga bo‘linadi. Qiymatning mahsulotga o‘tgan qismi tovarlar va xizmatlar bilan birga muomalada bo‘ladi va doiraviy aylanish jarayonida tovar shaklidan pul shakliga o‘tadi hamda qoplash fondi shaklida asta–sekin jamg’ariladi. Mahsulotga o‘tmagan qismi ishlab chiqarish doirasida mavjud bo‘lgan asosiy kapitalda gavdalanganicha qolaveradi. Iste’mol qilingan mehnat predmetlari qiymati to‘la—to‘kis aylanib, yangi mahsulotlar qiymati tarkibiga kiradi. Mehnat vositalari o‘z aylanishi davomida bir qator izchil doiraviy aylanishlarda ishtirok etadi, vaholanki mehnat predmetlarining aylanish vaqti bir doiraviy aylanish davriga to‘g’ri keladi.
Qayta tiklanish usuli. Qayta tiklanish usulida asosiy kapitalning ishlab chiqarish natijlariga o‘tkazilgan qiymati, bu vositalar bir qator doiraviy aylanishlarni o‘z ichiga olgan muayyan davr davomida yedirilib, ishdan chiqqandan keyin pul shaklidan yangi asosiy kapital shakliga aylanadi. Aylanma kapital har bir doiraviy aylanishdan keyin ashyoviy-buyum shaklida qaytib tiklanadi.
Barcha mehnat vositalari asosiy kapital tarkibiga kirmasdan, faqat ularning inson mehnati bilan vujudga keltirilgan qismi shunday kapital hisoblanadi. Shu sababli yer, o‘rmonlar va boshqa tabiiy resurslar mehnat vositalari hisoblansada, odatda asosiy kapital tarkibiga kirmaydi.
Faqat unumli kapital asosiy va aylanma kapital shaklini oladi, chunki ular ishlab chiqarish jarayonidagina o‘z qiymatini mahsulotga o‘tkazadi. Shu bilin birga muomala doirasida ishlab chiqarish jarayoni ma’lum darajada davom etganligi tufayli bu yerda ham qo‘shimcha unumli kapital masalan, muzlatish uskunalari, qadoqlash, o‘lchash mashinalari, idish materiallari va boshqalar mavjud bo‘ladiki, bular ham asosiy va aylanma kapitalga bo‘linadi.
Тadbirkorlik kapitali o‘z harakatida ishlab chiqarish va muomala bosqichlarini bosib o‘tadi. Shu sababli uning aylanish vaqti (Av) ishlab chiqarish vaqti (Iv) va muomala vaqti (Mv) yig’indisidan iborat:
.
Sarflangan mablag’larning ishlab chiqarish jarayonida bo‘lish vaqti, ya’ni ishlab chiqarish vositalari sotib olingandan tayyor tovar bo‘lgan davrgacha o‘tgan vaqt ishlab chiqarish vaqtini, muomala jarayonida bo‘lish vaqti, ya’ni ishlab chiqarish vositalari sotib olish va tayyor tovarlarni sotish uchun ketgan vaqt muomala vaqtini tashkil etadi. Ishlab chiqarish vaqti uch qismdan iborat bo‘ladi:
1) bevosita mehnat jarayoni yoki ish davri (Id);
2) turli tanaffuslar davri (Тd);
3) ishlab chiqarish vositalarining ishlab chiqarish zahiralarida bo‘lish davri (Zd).
Demak,
.