Iqtisodiy nizolarini hal etish va sud hujjatlarini qayta ko`rish
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga ko`ra, mulkning har xil shakliga asoslangan iqtisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida korxona, muassasa, tashkilotlar o`rtasida, hamda tadbirkorlar o`rtasida vujudga keladigan nizolarni Oliy sudi va iqtisodiy sudlari hal qiladi.
Iqtisodiy sudi manfaatdor shaxslarning, prokurorning, qonun bo`yicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida iqtisodiy sudiga murojaat qilish huquqiga ega bo`lgan hollarda davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo`yicha ish qo`zg`atadi.
Iqtisodiy sudlarida birinchi instansiya bo`yicha ishlar, qoida tariqasida, sudyaning yakka o`zi tomonidan ko`riladi.
Davo arizasini qabul qilish masalasini sudyaning yakka o`zi hal qiladi va qonun talablarga rioya etgan holda berilgan davo arizasini iqtisodiy sudining ish yuritishiga qabul qiladi yoki uni rad etish yoxud davo arizasini qaytarish to`grisida ajrim chiqaradi. Sudya ishni yuritish to`g`risida manfaatdor shaxslarni xabardor qiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni bajarishni, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatli hujjatlar va malumotlarni taqdim etishni taklif etadi.
Apellyasiya instansiyasida ish yuritish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan iqtisodiy sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati berilishi mumkin.
Apellyasiya instansiyasida ish yuritish iqtisodiy prosessual qonunchiligidagi yangi institut bo`lib, qonuniy kuchga kirmagan sud hujjatlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishga mo`ljallangan.
Qonunda belgilangan barcha shaxslar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati berishlari mumkin. Prokuror esa protest kiritishi mumkin.
Hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati bilan murojaat qilish huquqiga ishda qatnashmagan, biroq iqtisodiy sudi uning huquq va majburiyatlariga daxldor qaror chiqargan shaxslar ham egadir. qonuniy kuchga kirmagan qaror ustidan tomonlarning huquqiy vorislari va uchinchi shaxslar ham shikoyat qilishlari mumkin.