Mavzuni mustaqil o‘zlashtirish. Fanning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va qobiliyatiga qarab sillabusga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda o‘zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga xizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga e’tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko‘rsatish lozim.
Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o‘quv adabiyotlaridan foydalanib, ushbu mavzuni konspektlashtiradilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda (o‘zlashtirish qiyin bo‘lsa, savollar paydo bo‘lsa, adabiyotlar yetishmasa, mavzuni tizimli bayon eta olmasa va h.k) o‘qituvchidan maslahatlar oladilar. Mustaqil o‘zlashtirilgan mavzu bo‘yicha tayyorlangan matn o‘qituvchiga himoya qilish orqali topshiriladi.
O‘quv jarayonining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan Inson resurslarini boshqarish fani bo‘yicha mustaqil ishlar ko‘proq referatlar qo‘rinishida bo‘lib kelmoqda. Referat talabalar ilmiy ishlarining birinchi shaklidir. Talabalar ilmiy ijodi o‘quv jarayonlaridan biri sifatida o‘qitish, bilim berish va tarbiyalash vazifalarini bajarishda o‘z xususiyatlariga ega. Talaba tadqiqot faoliyatiga jalb qilinib, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash, statistik va boshqa materiallarni yig`ish, qayta ishlash va tahlil qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi, o‘rganilayotgan hodisani tanqidiy baholashga o‘rganadi, nazariyani amaliyot bilan bog`laydi va h. k.
Agar referat tayyorlashning darslik bo‘yicha tayyorlangan seminar mashg`ulotidagi chiqishga qaraganda mazmun va sifat jihatdan yuqoriligi hisobga olinsa, referat shubhasiz katta foyda keltiradi. Talaba auditoriya oldida referatda bayon qilingan qoidalarni himoya qilishga, yoqlashga tayyorlanishi kerak, inson resurslarini boshqarish o‘rganishda bu muhim ahamiyatga ega.
Referat - bu talabalar mustaqil ishlarining samarali shakllaridan biridir. Mazkur shakl talaba tomonidan referat mavzusini tanlash, unda yoritiladigan masalalar mazmunini oldindan rejalashtirish, referatni tayyorlash va muhokama qilishning barcha bosqichlarida kafedra professor-o‘qituvchilarining tashkiliy-uslubiy yordami va maslahati asosidagina samarali amalga oshishi mumkin. Bu yerda o‘qituvchi tomonidan talabalarning referat ishlariga rahbarlik qilish qanchalik batafsil va malakali amalga oshirilganligi va referatlarga talablar mezoni qanchalik to‘g`ri qo‘yilganligi albatta, hal qiluvchi ahamiyatga ega. Topshiriq talabalarning referat yozish ko‘nikmalarini, ilmiy qiziqishlari va bilim darajasini hisobga olgan holda berilishi juda muhim.
Ko‘rgazmali vositalar tayyorlash. Talabaga muayyan mavzuni bayon qilish va yaxshiroq o‘zlashtirish uchun yordam beradigan ko‘rgazmali materiallar tayyorlash vazifasi topshiriladi. Mavzu o‘qituvchi tomonidan aniqlanib, talabaga ma’lum ko‘rsatmalar, yo‘l-yo‘riqlar beriladi. Ko‘rgazmali vositalarning miqdori, shakli va mazmuni talaba tomonidan mustaqil tanlanadi. Bunday vazifani bir mavzu bo‘yicha bir necha talabaga yoki talabalar guruhiga topshirish ham mumkin.