Birinchi dastur. Mamlakatning o‘z valyutasi faqat barqaror tovar qoplanishi bor bo‘lgan vaqtdagina, ya’ni pullar tovarlar bilan to‘liq qoplangandagina real kuchga ega bo‘ladi. Shuning uchun respublika bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan, import bo‘yicha olib kelinadigan tovarlar bilan ham to‘yintirish zarur.
Ikkinchi dastur. Valyutaning barqaror ishlashi, uning mo‘’tadilligi, konvertlanishi u istalgan qattiq valyutaga erkin almashtirilishi uchun yetarlicha valyuta zaxirasi mavjudligiga bog‘liqdir. Buni amalga oshirish uchun esa korxonalar jahon bozorida raqobatga bardosh bera oladigan mahsulotlar ishlab chiqarishi va bu bilan qattiq valyuta ishlab topishlari hamda respublika xazinasini to‘ldirib borishlari kerak.
Uchinchi dastur. Milliy valyuta biz ishlab topgan so‘mlarning qadriga yetishimizni o‘rganishimizdan keyingina real to‘lov vositasiga aylanadi. Buning uchun qattiq moliyaviy siyosat olib borilishi, uning natijasida respublika taraqqiyotiga ishlashi lozim bo‘lgan salmoqli foyda olinishi lozim. Bunda korxonalar va tadbirkorlar kredit qaytarilmaydigan sovg‘a emasligini tushunishlari lozim. Kreditlar o‘z vaqtida qaytarilishi kerak.