Ehtiyoj uning tarkibi va turlari. Ehtiyojlarning cheksizligi va yuksalib borish qonuni. Ehtiyoj, uning tarkibi va turlari. Ehtiyojlarning cheksizligi va yuksalib borish qonuni Ishlab chiqarishning pirovard maqsadi iste‘mol ya‘ni ehtiyojni qondirish hisoblanadi. Insonning yashashi va kamol topishi, jamiyatning rivojlanishi uchun kerak bo’lgan hayotiy vositalar va iqtisodiy resurslarga zaruriyat «ehtiyoj» deb ataladi. Jamiyat ehtiyojlari tarkiban kishilar ya‘ni jamiyat a‘zolari, korxonalar va davlat ehtiyojlarining birligidan iborat. Ehtiyojlarning bu barcha turlari uchun umumiy bo‘lgan xususiyat - ular cheksiz va chegarasizdir. Jamiyat ehtiyojlarida kishilarning ehtiyojlari asosiy va belgilovchi rol o‘ynaydi. Kishilarning barcha hayotiy ehtiyojlari (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma‘naviy, siyosiy ehtiyojlar) orasida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy ne‘matlardan iborat bo‘ladi. Shu jihatdan olganda ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy, ma‘naviy va ijtimoiy ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Moddiy ehtiyojlar, bu avvalo, kishilarning o‘zlariga foydali bo‘lgan ne‘matlarni iste‘mol qilishga bo‘lgan xohishlaridir. Bular iste‘mol uchun zarur bo‘lgan ko‘plab hayotiy ne‘matlarni (oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy) va zebziynat, buyumlarini (taqinchoq, atir-upa, yengil avtomobil va h.k.) o‘z ichiga oladi. Bu o‘rinda shuni ta‘kidlash lozimki, bir necha yil oldin zeb-ziynat dabdaba hisoblangan buyum bugungi kunda eng oddiy hayotiy zarur predmetga aylanishi mumkin. Xizmatlar ham moddiy ne‘matlar kabi ma‘lum ehtiyojlarni qondiradi. Ma‘naviy ehtiyojlar moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan kishilarning bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratiga ega bo‘lish, har xil xizmatlardan bahramand bo‘lish kabi ko‘plab ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin. Ijtimoiy extiyojlar umumlashgan iste‘mol faoliyatining turli shakllarida qatnashish orqali qondiriladi hamda uni kishilarning birgalikda, hamkorlikda mavjud bo‘lishi zarurligini taqozo qiladi. Masalan, ta‘lim olish, sog‘liqni saqlash, dam olish joylaridan bahramand bo‘lish, sport o‘yinlari va ko‘ngilochar tomoshalarni birgalikda ko‘rish kabilar shular jumlasidandir. Jamiyat ehtiyojlarida korxona va davlat ehtiyojlari ham o‘z o‘rniga ega. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya‘ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak bo‘ladi. Davlat, butun mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, uning xavfsizligini ta‘minlash, tinchligini saqlash avtomobil va temir yo‘llar, maktablar, kasalxonalar qurilishi hamda ijtimoiy ne‘matlar bilan ta‘minlashni o‘z zimmasiga oladi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun davlatga ham iqtisodiy ne‘matlar va iqtisodiy resurslar kerak bo‘ladi. Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta‘sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar: - jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi. - jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tizim. - tabiiy-geografik sharoitlar. - tarixiy-milliy an’analar va urf-odatlar, tarixan shakllangan milliy va diniy marosimlar. - aholi sonining o’sishi, uning tarkibidagi o’zgarishlar; - xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o’rtasidagi aloqalar, ayniqsa, ular o’rtasidagi mahsulot va axborot ayriboshlashning rivojlanishi. Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to‘liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma‘lum davrda ko‘plab qondirilmagan ehtiyojlar bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo‘lishi, reklamaning ta‘siri va bozorlarning rivojlanishi natijasida ehtiyojlar tarkiban o‘zgaradi va miqdoran o‘sib boradi. Ehtiyojlar turlari. Ehtiyojlar nihoyatda turli tuman bo‘lganligi sababli, ularni turkumlashga turli jihatdan yondashish mumkin. Ular, ehtiyojlarni absolyut va nisbiy, minimal va maksimal darajadagi, qondirilishi zarur va qondirilishi kechiktirsa bo‘ladigan, bevosita va bilvosita qondiriladigan joriy va kelajakda qondiriladigan ehtiyojlarga ajratadi.
Ehtiyojlar qondirilish zaruriyatidan kelib chiqib birlamchi – eng zarur ehtiyojlar, ikkilamchi qondirilishi kechiktirsa bo‘ladigan ehtiyojlar mavjudligi qayd qilinadi. Birlamchi ehtiyojlarga insonning eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa kabilarga bo‘lgan ehtiyojlarini, ikkilamchi ehtiyojlarga ularning ma‘naviy, intellektual faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bilim olish, san‘at, turli ko‘ngilochar tadbirlarga qatnashishga bo‘lgan ehtiyojlarini kiritish mumkin. Ayni vaqtda bir inson uchun kiyim-kechak, turar joy birlamchi bo‘lsa, boshqasi uchun hayotiy yashash vositalari ahamiyatli. Bir kishi uchun ma‘naviy ehtiyojga xohish bo‘lsa, boshqasi uchun kundalik ehtiyoj birlamchi bo‘lish mumkin. 2. Ehtiyojlar sub‘ektlariga ko‘ra: individual, jamoa va umumjamiyat ehtiyojlariga bo‘linadi. a) Individual ehtiyoj – har bir insonning ehtiyojini ifodalaydi. U fiziologik ehtiyojlar bilan birga har tomonlama kamol topishi uchun bo‘lgan ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. b) Guruhiy ehtiyoj – bu oilaviy yoki kishilarning biron maqsadda birlashgan guruhlari (mehnat jamoasi, turli uyushmalar) ehtiyojlari bo‘lib, birgalikda yashash, faoliyat yuritish jarayonida vujudga keladigan umumiy ehtiyojlardir. v) Umumjamiyat ehtiyoji – bu mamlakat miqyosida, insonlarning bir butun bo‘lib tarkib topgan ehtiyojlaridir. Jamiyatning ehtiyoji turli ijtimoiy toifa va guruhlarga mansub kishilar ehtiyojining yaxlitligi sifatida namoyon bo‘ladi. 3. Ehtiyojlar ob‘ektga ko‘ra moddiy, ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlarga bo‘linadi. Moddiy ehtiyojlar azaliy, ular inson paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Ular tabiiy ehtiyojdir. Moddiy ehtiyojlar eng zarur va hayotiy ehtiyojlardir. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joylarga bo‘lgan ehtiyojlarning qondirilishi yashashning birlamchi shartidir. Ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyoj jamiyat taraqqiyotining ma‘lum bosqichida, tsivilizatsion rivojlanish natijasida yuzaga keladi. Jamiyat rivojlanishi bilan ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlar tabiiy zaruratga aylanib boradi. Kishilar ijtimoiy-ma‘naviy xizmatlardan foydalanib, axloqiy, ma‘naviy, estetik, jismoniy jihatdan tarbiyalanadi, bilim oladi, kasb egallaydi, har tomonlama kamol topadi.
. Ehtiyojlar maqsadidan kelib chiqib mehnat qilish, dam olish, ish qobiliyatini tiklashga bo‘lgan ehtiyojlarga ajratiladi. Mehnat qilish ehtiyoji insonning o‘zida mujassamlashgan. Mehnatsiz inson yashay olmaydi. Chunki mehnatsiz nozu-ne‘matlarni yaratib bo‘lmaydi va inson shaxsi kamol topa olmaydi. Mehnat qilishga ehtiyoji insonda jismoniy mehnat layoqati va aqliy qobiliyati borligidan kelib chiqadi. Inson mehnat qilar ekan, albatta ish qobiliyatini tiklash uchun dam olishi va turli ko‘ngilochar tadbirlarda qatnashishiga ehtiyoj sezadi. Ehtiyojlar qondirilishi tartibiga ko‘ra yakka tartibda va birgalikda qondiriladigan ehtiyojlarga bo‘linadi. Har bir inson o‘zining ehtiyojlarining bir qismini yakka tartibda, boshqa qismini esa birgalikda qondiradi. Moddiy ehtiyojlarning ko‘pchiligi odatda yakka tartibda qondiriladigan ehtiyojlarni tashkil etsa, ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlar ko‘proq birgalikda qondiriladigan ehtiyojlardan iborat. Masalan, kiyim kiyishga bo‘lgan ehtiyoj yakka tartibda, bilim olishga bo‘lgan ehtiyoj birgalikda qondiriladi. 5. Iste‘moldan ko‘zlangan maqsadga qarab shaxsiy va unumli yani ishlab chiqarish ehtiyojlari farqlanadi. Iste‘mol tovarlari va iqtisodiy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj shular jumlasidandir. Birinchisi insonning bevosita ehtiyojlari bo‘lib, bunda iste‘mol tovarlari ( xizmatlar) shaxsiy iste‘mol uchun foydalaniladi. Ishlab chiqarish ehtiyojlari bilvosita ehtiyojlar hisoblanib, yaratish uchun zarur bo‘lgan ishlab chiqarish vositalari unumli iste‘mol qilinadi. Jamiyatning, ya‘ni uni tashkil qiluvchi kishilar, korxonalar va davlat ehtiyojlarining cheksizligi, ularning to‘xtovsiz yangilanib va ortib borishi ehtiyojlarning o’sib borishi iqtisodiy qonunda o‘z ifodasini topadi. Mazkur qonun nafaqat ehtiyojlarning miqdoran o‘sib borishini, balki ularning tarkiban yangilanib turishini, eskilarining o‘rniga yangilarining kelishini bildiradi. Ehtiyojlarning o‘sib borishi qonuni ishlab chiqarish bilan ehtiyojlar o‘rtasidagi uzviy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni aks ettiradi. Ishlab chiqarish ehtiyojlarni qondirishga qaratiladi va uning rivojlanishi yangi ehtiyojlarni yuzaga keltiradi. Ishlab chiqarish baynalminal tus olishi bilan ishlab chiqarish va ehtiyoj o‘rtasidagi bog‘liqlik xalqaro miqyosda aks etadi. Ehtiyojlarning o‘sib borishi bir tekis, uzluksiz bo‘lmaydi. Uning o‘sishiga qarshi ta‘sir qiluvchi omillar ham mavjud bo‘ladi. Ishlab chiqarish holati, jamiyatdagi hukmron munosabatlar, favqulodda yuz beradigan hodisalar (urushlar, iqtisodiy tizim almashishi) va tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, yong‘in kabilar) ehtiyojlarning o‘sib borishiga qarshi ta‘sir ko‘rsatuvchi omillardir. Shunday qilib, ehtiyojlarning o‘sib borish qonuni mavjud ehtiyojlarning miqdoran o‘sib borishida, mutlaqo yangilarining paydo bo‘lishida, muayyan ehtiyojlar doirasida uning turlari nisbatining o‘zgarishida va bir ehtiyojning boshqasi bilan almashinishida namoyon bo‘ladi. Kishilik jamiyati taraqqiyoti tarixiga nazar tashlansa ehtiyojlarning miqdoran o‘sib, tarkiban takomillashib borishi aniq namoyon bo‘ladi. Ehtiyojlarning uzluksiz o‘zgarib turishi har qanday jamiyatga xosdir. Qondirilgan ehtiyoj yangi ehtiyojlarni keltirib chiqarishi xalqda «Insonning ko‘zi tuproqqa to‘lganda to‘yadi» degan naql kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Ehtiyojlarning yuksalishi miqdoran o‘sib, tarkiban yangilanib borish orqali amalga oshadi. 1. Kishilar ehtiyojining miqdoran o‘sishi, bir tomondan aholi sonining ko‘payib borishi bilan, ikkinchi tomondan, iste‘molning miqdoran ortishi bilan bog‘liq. 2. Ehtiyojlar tarkibi o‘zgarib, yangilanib borishi ayrim ehtiyojlar yo‘qolib, o‘rniga yangisi kelishini anglatadi. Ishlab chiqarish ehtiyojlarni shakllantirar ekan, o‘z navbatida ehtiyojlar ham ishlab chiqarishga ta‘sir etadi. Birinchidan, ehtiyojlar iqtisodiy faoliyatining aniq yo‘nalishiga asos bo‘ladi, ikkinchidan inson ehtiyojlarining miqdor va sifat jihatdan tez o‘zgarishi ishlab chiqarishning unga moslashishini taqozo etadi. Ehtiyojlarning o‘sib borish qonuni ishlab chiqarish bilan ehtiyojlar o‘rtasida o‘zaro uzviy bog‘liqlik murakkab tarzda kechishini ko‘rsatadi. Ehtiyojlarning cheksizligi nisbatan ko‘proq ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlarga taalluqli. Shu sababli A.Smit «ovqatga intilish har bir odamda kishi oshqozonini kichik sig‘imi bilan cheklanadi, lekin qulayliklarga hamda uy-joy, kiyim-kechak, uy sharoiti va anjomlarni bezashga intilish aftidan cheksiz yoki muayyan chegaralarga ega bo‘lmasa kerak» deb ta‘kidlagan. Ehtiyojlarni qondirilish darajasi (EQD) har bir davrda haqiqiy iste‘mol (HI)ni ehtiyojlarning umumiy darajasi (EUD)ga nisbati orqali aniqlanadi, ya‘ni EQD=HI/EUD100 Ehtiyojlar qondirilish darajasi odatda iste‘mol bilan taqqoslanadi. U yil davomida aholi jon boshiga iste‘mol qilingan tovar va xizmatlar turi miqdori hisobida baholanadi. Masalan, aholi jon boshiga iste‘mol qilingan non va non mahsulotlari, sut, go‘sht, sabzavot, meva; har yuz oilaga to‘g‘ri keladigan uzoq muddat foydalanadigan tovarlar: avtomobil, televizor, kir yuvish mashinasi, muzlatgich, uy-joy maydoni va boshqalar. Ehtiyojlarning qondirilishi umumiy tarzda aholi turmush darajasini ko‘rsatadi. Turmush darajasi - aholi ehtiyojlarini qondirilishiga qarab baholanadi. Aholining ehtiyojlarining qondirilishi ularning farovon yashashi, uzoq umr ko‘rishining garovidir. Buning uchun esa ana shu ehtiyojlarni qondiradigan darajada ishlab chiqarish zarur bo‘ladi.