Iqtisodiy resurslar, uning turlari va cheklanganligi. Iqtisodiy resurslar, ularning turlari, tarkibi va cheklanganligi. Resurslar cheklangan sharoitda jamiyat ham o‘z qarorini tanlov asosida qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bunda ulardan to‘liq va samarali foydalanish hamda ehtiyojlarni to‘laroq qondirib borish talabi hisobga olinadi. Iqtisodiy faoliyatda foydalanishga yaroqli bo‘lgan moddiy tabiiy va inson resurslar iqtisodiy resurslarni tashkil qiladi. Iqtisodiy resurslar to‘rtta turga ajratadi. Yer-tushunchasi ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etadigan er va barcha tabiiy resurslarni anglatadi. Ekin maydonlari, o‘rmonlar, mineral va neft zahiralari hamda suv resurslari shular jumlasidandir. Ishchi kuchi insonda mavjud bo‘lgan jismoniy va aqliy qobiliyatlar yig‘indisi. Mehnat - esa inson ishchi kuchining sarflanish jarayonidir.
Kapital - tushunchasiga iste‘mol tovarlari va xizmatlarini yaratishda foydalaniladigan kishilar tomonidan yaratilgan barcha ishlab chiqarish vositalarini kiritish mumkin. Bular sirasiga zavod fabrikalar, omborxonalar, transport vositalari, etkazib berish xizmati, texnika va asbob-uskunalar kiradi. Kapital tovarlari haridiga sarflarga investitsiya deb qaraladi1. Resurs sifatidagi kapital iste‘mol tovarlaridan farq qiladi. Iste‘mol tovarlari inson ehtiyojini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qondiradi, vaholanki kapital resurs tovarlarini ishlab chiqarishga jalb etiladi. Resurs sifatidagi ―kapital‖ga jihozlar, texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalarini anglatadi. Tadbirkorlik qobiliyati alohida kishilarga xos bo‘lgan noyob ishbilarmonlik layoqati yer, mehnat, kapital va tadbirkorlik qobiliyati mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlarni ma‘lum turini tashkillashtirish uchun bir joyga jam bo‘lar ekan, ularni umumiy qilib, tovar ishlab chiqarish omillari deyish mumkin2. Har bir resurs undan ishlab chiqarishda foydalanganda ma‘lum samara beradi. Resurs keltiradigan natija o‘z chegaralariga ega. Har qanday resursdan eng yaxshi, oqilona foydalanilgan taqdirda ham ma‘lum chegaradan ortiq mahsulot yaratib bo‘lmaydi. Iqtisodiy resurslarning cheklanganligi ishlab chiqarish imkoniyatlarining ham cheklanishiga olib keladi. Resurslardan foydalanish darajasi turlicha bo‘lgani uchun barcha tovarlar bo‘yicha ishlab chiqarish imkoniyati chegarasini ko‘rsatish qiyin.
Iqtisodiy bilimlarning vujudga kelishi va iqtisodiy fanlarning shakllanishi Iqtisodiyot sir-asrorlarini bilishga qiziqish juda qadim zamonlarda ham mavjud bo‘lgan. Iqtisodiyotga oid bilimlar antik dunyoning ko‘zga ko‘ringan olimlariKsenofont, Platon, Aristotel shuningdek, qadimgi Misr, Xitoy, Hindiston 1McConnell, Brue. Economics: principles, problems and policies. 17 th edition. America, New York: McGraw-Hill, 2008. page 39 2McConnell, Brue. Economics: principles, problems and policies. 17 th edition. America, New York: McGraw-Hill, 2008 va Markaziy Osiyo muttafakkirlari qarashlarida ham uchraydi. Qadimgi Hindistonning «Manu qonunlari»da (bizning eramizgacha IV-III asr) ijtimoiy mehnat taqsimoti, xukmronlik va qaramlik munosabatlari mavjud bo‘lishi qayd qilingan. Qadimgi Xitoy mutafakkirlari xususan Konfutsiy (bizning eramizgacha 551-479 y.y.) asarlarida aqliy va jismoniy mehnatning farqlari ko‘rsatiladi, bunda birinchisi jamiyat ―yuqori‖ qatlamlari, ikkinchisi asosiy qismi qullardan iborat bo‘lgan «oddiy kishilar» ga tegishli bo‘lishi qo‘rsatilgan. Iqtisodiy qarashlarning yanada rivojlanishiga qadimgi Gretsiya mutafakkirlari munosib hissa qo‘shgan, Ksenofont (430-354 y.y.,), Platon (427-347 y.y. e.o), Aristotel (384-322 y.y. e.o.) qarashlarini hozirgi zamon iqtisodiy fanining boshlang‘ich nazariy nuqtasi sifatida tavsiflash mumkin. Bu ularning xo‘jalik ne‘matlari asosi hisoblangan naflilik to‘g‘risidagi, ne‘matlarni to‘g‘ri ayriboshlash, ekvivalent ayriboshlanishi va boshqa shu kabi qarashlariga tegishli. Qadimgi Rim mutafakkirlari (S.Katona, Varrona, Kalumella) iqtisodiy qarashlarida qulchilikning mavjud bo‘lishi asoslanadi, tabiatan barcha kishilar tengligi qayd qilinadi, adolatli narx printsiplari, mehnat mahsulotlarini ijtimoiy baholash, mulkchilik tushunchasi, boylik va boshqa shu kabilarga o‘z fikrlarini bayon qilinadi. Aristotel birinchilardan bo‘lib tovarning xususiyatini ko‘rsatib, ayriboshlash nisbatini asoslaydi, pulning kelib chiqishi va vazifalariga o‘zining qarashlarini bayon qiladi. Iqtisodiyot nazariyasi fani ko‘pgina mamlakatlarda milliy bozor shakllangan va jahon bozori vujudga kelayotgan davrlarda dastlab «siyosiy iqtisod» nomi bilan shakllana boshladi. Siyosiy iqtisod grekcha so‘zdan olingan bo‘lib «politiko»–ijtimoiy, «oykos»uy xo‘jaligi, «nomos»–qonun, ya‘ni uy yoki ijtimoiy xo‘jalik qonunlari degan ma‘noni bildiradi. Bu «iqtisod» tushunchasiga yaqin bo‘lib u ilmiy bilishning aniq sohasini va yaxlit iqtisodiy munosabatlarni anglatadi. Frantsuz iqtisodchisi Antuan de Monkreten birinchi marta «Siyosiy iqtisod traktati» (1615 y.) nomli asarida, bu fanni mamlakat miqyosida iqtisodiyotni boshqarish fani sifatida asosladi.
Iqtisodiy fan shakllanishi jarayonida bir qancha g‘oyaviy oqimlar, maktablar vujudga kelgan. Ular jamiyat boyligining manbai nima, u qaerda va qanday qilib ko‘payadi, degan savollarga javob topishga urinishgan. Bunday iqtisodiy oqimlardan dastlabkisi «merkantilizm», (italyancha merkante - savdogar) deb atalgan. Bu oqim tarafdorlari odamlarning, jamiyatning boyligi (pul, oltin) savdoda, asosan tashqi savdoda paydo bo‘ladi, ko‘payadi, faqat savdoda band bo‘lgan mehnat unumli mehnat, boshqalari esa unumsizdir, deb tushuntiradi. Boshlang‘ich merkantalizm (XIV asr oxiri XVI asr o‘rtalari) monetar tizim deb nomlanib, uning asosiy sharti pul (oltin, kumush)ni mamlakatda ushlab qolish hisoblangan. Keyingi merkantalizm (XVII asr-XVIII asr boshlari) tashqi savdo rivojlanishi va umuman iqtisodiy rivojlanishga pulni tashqariga chiqarishni taqiqlash to‘siq bo‘lishini anglashgan. Keyingi merkantalizmning Angliyadagi asosiy vakili Tomas Mann (15711641) hisoblanib, u davlatning ichki va tashqi siyosatini asoslaydi. Merkantalizm kontseptsiyasi asosan protektsionizm iqtisodiy siyosatiga tayanadi, ya‘ni ular davlatning iqtisodiyotni boshqarishda qatnashishi, eksportning importdan ortiq bo‘lishi va boylikni ko‘paytirishni ta‘minlashi zarurligi masalalariga e‘tibor qaratadi. «Fiziokratlar» merkantalistlardan farqli o‘laroq, boylik qishloq xo‘jaligida yaratiladi va ko‘payadi, degan g‘oyani olg‘a surdi. «Fiziokratiya» grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, ma‘nosi «tabiat hukmronligi» degan ma‘noni anglatadi. Bu maktab dastlab XVIII asr o‘rtalarida vujudga kelib, keyin Italiya, Angliya va Germaniyada keng yoyilgan. Frantsiyada fiziokratlar g‘oyasining asoschisi Fransua Kene (16941774) qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning yagona tarmog‘i hisoblanadi, unda tabiiy yo‘l bilan qo‘shimcha «sof mahsulot» vujudga kelib, xalqning boyligini ko‘paytirib boradi degan qarashni ilgari suradi. Fiziokratlar iqtisodiy qonunlar ham tabiat qonunlari kabi tabiiy, ular o‘ylab topilmaydi balki ularni bilish va talabiga bo‘ysunish zarur deb hisoblaydi. F.Kene birinchi bo‘lib ijtimoiy takror ishlab chiqarish modeli – mashhur ―iqtisodiy jadvalni‖ yaratadi. F.Kene dehqonchilikda barcha sinflar uchun oziq ovqat mahsulotlari, sanoat uchun xom ashyo, kelgusi yil hosili uchun urug‘lik ishlab chiqarilishi natijasida milliy iqtisodiyotda sinflar o‘rtasida tovar va pul oqimi harakatda bo‘ladi deb ko‘rsatadi. Olingan sof daromadni ular er mulkdoriga renta shaklida beradi. Uilyam Petti (1623-1686) g‘oyalari merkantilizmdan klassik fan-siyosiy iqtisodga o‘tish uchun ko‘prik bo‘ldi. U birinchi bo‘lib boylikning manbai mehnat va er deb e‘lon qildi. «Mehnat boylikning otasi bo‘lsa, er uning onasidir» degan mashhur qarash U.Pettiga tegishli. XVII-XVIII asrda Angliyada iqtisod fanining klassik maktabi namoyondalari bo‘lmish A.Smit, D. Rikardolar tomonidan boylik faqatgina qishloq xo‘jaligidagina emas, balki butun moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarida yaratilishini isbotlab berdi hamda ular boylikning umumiy shakli tovar va pulda mujassamlashgan qiymat deb hisoblaydi. A.Smit (1723-1790) iqtisodiy fanning predmeti jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi va aholi turmush farovonligini o‘stirishni o‘rganish deb hisoblaydi. U o‘zining «Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqot» (1776 y.) nomli asarida klassik maktab rivojlanishining yuz yillik davrini umumlashtirib tovar ishlab chiqarish va ayriboshlashga alohida soha sifatida qarashlarini asosladi, ular ob‘ektiv qonunlar asosida rivojlanishi va davlat tomonidan tartibga solishga muhtoj emasligini ko‘rsatadi. A. Smit moddiy ishlab chiqarishda nima yaratilsa jamiyatning boyligi deb hisoblaydi. U boylikning o‘sish shart-sharoitlari mehnat taqsimoti va uning unumdorligi ortishidir deb ta‘kidlaydi. A.Smit fikricha, qiymatning manbai mehnat, jamiyat rivojlanishi natijasida mehnat bilan birga kapital va er ham qiymat manbai bo‘lib boradi, shu sababli tovar narxi ish haqi, foyda va rentadan qaror topadi. U ijtimoiy boylik ortib borishi bilan jamiyatning barcha sinflari daromadi o‘sib boradi, pul qiymat o‘lchovi vazifasini bajaradi degan xulosaga keladi. A. Smit tushunishicha, qachonki shaxsiy manfaat ijtimoiy manfaatdan ustun tursa bozor qonunlari iqtisodiyotga samarali ta‘sir ko‘rsatadi. Shunday qilib, kishilar o‘z manfaatini ko‘zlab, bir-birlari uchun mahsulot ishlab chiqaradi, bozor esa ularning o‘zaro manfaatlarini hisobga olishga majbur qiladi, ya‘ni bunda kishilar beihtiyor jamiyat uchun ishlaydi. A. Smitning «ko‘rinmas qo‘l» qoidasida bozor kuchlari (erkin narxlar, talab va taklif, raqobat) va ob‘ektiv iqtisodiy qonunlar stixiyali ta‘siri nazarda tutiladi. U davlatning jamiyatdagi yangi sinfi tadbirkorlarning xo‘jalik ishlariga aralashmasligini yoqlab chiqadi va tabiiy erkinlik g‘oyasini ilgari suradi. Tabiiy erkinlik siyosati uning nazariyasida quyidagilarni ko‘zda tutadi: ishchi kuchining erkin harakati, er bilan erkin savdo, sanoat va savdo faoliyat qilishini davlat tomonidan tartibga solishni bekor qilish. A.Smitning alohida nazariy qarashlari izdoshi D.Rikardo (1772-1823) hisoblanadi. Uning nazariy qarashlarining xarakterli belgisi – qiymat qonuni yahlit iqtisodiy nazariya fani shakllanadigan asos deb tan olinishidir. D.Rikardo mazkur fanning asosiy vazifasi daromadlar taqsimlanishini boshqaradigan qonunlarni ochishda deb biladi. U ishlab chiqarish sohasini qiymat va daromadlar manbai deb hisoblaydi hamda foyda normasining pasayish tamoyilini ko‘rsatib beradi. Differentsial renta mexanizmini yoritadi. Iqtisodyot nazariyasi fanining rivojlanishiga Sismondi (1773-1842) ham muhim hissa qo‘shdi. U kapitalistik jamiyat iqtisodiy mexanizmini tanqid qilib, siyosiy iqtisod inson baxti yo‘lida ijtimoiy mexanizmni takomillashtirishga qaratilagan fan bo‘lmog‘i lozim deb ko‘rsatadi. Kapitalizmning iqtisodiy tuzumini tanqid qilish bilan bir qatorda undan ko‘ra progressiv bo‘lgan jamiyat qurish g‘oyasi Sen-Simon (1760-1825), Sharl Fure (1772-1837), Robert Ouen (17711858) kabi sotsial utopistlar tomonidan ilgari surilgan edi. Ular xususiy mulkni qattiq tanqid qilib, uni tugatish tarafdori edilar. Ulardan keyin marksizm deb nomlangan nazariy yo‘nalish jamiyat taraqqiyotiga tabiiy-tarixiy jarayon deb qarab, ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar, ularning iqtisodiy tizimi, vujudga kelishi, rivojlanishi va boshqasi bilan o‘rin almashish sabablari to‘g‘risidagi ta‘limotni hamda qo‘shimcha qiymat nazariyasini yaratdilar. Mazkur ta‘limot asoschilari o‘zlarining nazariy kontseptsiyasini uslubiy jihatdan bir vaqtda uchta ilmiy manbaga tayanib yaratadi: A.Smit – D.Rikardoning Angliya klassik siyosiy iqtisodi, Gegel – Feyrbaxning nemis klassik falsafasi va frantsuz utopik sotsializmi. Ular ta‘limotida asosiy o‘rinni bazis va ustkurma kontseptsiyasi egallaydi – unga ko‘ra ijtimoiy borliq (hayot) kishilar ongini belgilaydi. Mazkur nazariyada kapitalizm tizim sifatida daromadlar taqsimotida bozor printsiplari buzilishiga olib kelishi, to‘liq bandlikni ta‘minlay olmasligi, kolonial ekspluatatsiya va urushlarga tortishi qayd qilinadi. Ular A.Smit va D.Rikardo asos solgan qiymatning mehnat nazariyasini yangidan qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat ishlab chiqarishga proletariatni ekspluatatsiya qilish orqali erishilishini va uning kapitalistlar tomonidan o‘zlashtirilishi ular boyligining ko‘paytirishning doimiy manbaini tashkil qilishini qayd qiladi. Kapitalning jamg‘arilish jarayoni sinfiy kurashning keskinlashishi va kapitalizmning barbod bo‘lishi bilan tugashini qayd qiladi. K.Marksning kapital to‘g‘risidagi ta‘limoti bir xil baho olmadi. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda marksistik g‘oyani ro‘yobga chiqarishga qaratilgan harakat muvaffaqiyatsizlikka mahkum bo‘ldi. Bu uning chuqur inqiroziga olib keldi. Markaziy Osiyoda iqtisodiy qarashlarning rivojlanishi Farobiy (870-950), Abu Ali ibn Sino (980-1037), Abu Rayxon Beruniy (973-1048), Yusuf Xos Xojib, Alisher Navoiy (1441-1501) va boshqa shu kabi dunyoga mashhur mutafakkirlar nomi bilan bog‘liq. Ularning asarlaridagi iqtisodiy g‘oyalar hali falsafiy bilimlardan to‘liq ajralmagan bo‘lsada, ancha qiziqish uyg‘otadi. Jumladan, Farobiy qarashlarida insonlarning ehtiyojlari to‘g‘risidagi g‘oyalar markaziy o‘rinni egallaydi. Uning fikricha, kishilarning moddiy ehtiyojlari jamiyatning shakllanishida birlamchi sabablardan hisoblanadi. Ibn Sino nafaqat oila doirasida, balki shahar va davlat darajasida daromad va harajatlar muvozanati haqida fikr yuritadi. Uning qarashicha, daromad va xarajatlar muvozanatligiga tabiiy ofatlar va urushlar ro‘y berganida zahiradan mablag‘larni ta‘lim uchun ajratishni hisobga olib erishish zarur. Iqtisodiy bilimlar sohasida XI asrning buyuk mutafakkiri va shoiri Yusuf Xos Xojib muhim o‘rin tutadi. U jamiyat rivojlanishida mehnatning rolini ko‘rsatib, moddiy boyliklarning xarakteri va hususiyatlarini qayd qiladi, mehnat taqsimoti masalasi muhimligiga e‘tibor qaratadi hamda pulning vazifalariga aniq ta‘rif beradi. Buyuk shoir, mutafakkir, qomuschi olim va davlat arbobi A.Navoiy jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi haqida o‘z fikrlarini bayon qiladi, boylikni yaratishda mehnatning rolini ko‘rsatib beradi. U «boylik» agar u butun xalq tomonidan foydalanilsa ne‘matga aylanadi deb hisoblaydi. Uning fikricha davlat boyishining manbai soliqlar hisoblanadi, Shu sababli adolatli soliq tizimini o‘rnatish g‘oyasini ilgari suradi. Navoiy o‘zining asarlarida davlat moliyasiga alohida e‘tibor qaratadi.
Zamonaviy iqtisodiy qarashlar va uning rivojlanish yo’nalishlari XIX asrning 70-yillaridan boshlab «siyosiy iqtisod» «iqtisod» fani sifatida talqin qilinib, iqtisodiyot nazariyasida yangi yo‘nalish «ekonomiks» (inglizcha ―ekonomiks‖ – iqtisod, xo‘jalik hayoti, iqtisodiy fan) shakllandi. Bu davrdagi yangi iqtisodiy kontseptsiyalar qiymatning mehnat nazariyasini inkor qilib diqqat markaziga bir qator umumiy printsiplarni qo‘yadi. Bular: iqtisodiy ne‘matlar nafliligi uning pasayib borish iqtisodiy muvozanatlik qoidalari va boshqalar. XIX asrning ikkinchi yarmidan «marjinalizm» deb atalgan oqim vujudga kelib (frantsuzcha so‘zidan olingan bo‘lib, «keyingi, qo‘shilgan», degan ma‘noni beradi) uning asoschilari Avstriya iqtisodiy maktabining namoyondalari Karl Menger (1840-1921), Fridrix fon Vizer (1851-1926), Bem Bavrek (1851-1914) hamda ingliz iqtisodchisi Uilyam Stenli Jevons (1835-1882) tomonidan keyingi qo‘shilgan tovar nafliligining, mehnat yoki resurs unumdorligining pasayib borishi, qonunlari mazmuni ochib berildi. Bu oqim iqtisod fanida yangi yo‘nalish neoklassik, ya‘ni yangi klassik deb nom oldi. Mazkur nazariyaning yirik namoyandalaridan biri A.Marshall iqtisodiy jarayonlarning uzviy bog‘lanishi va uning nisbatlarini ishlab chiqishga harakat qiladi, bozor muvozanati va narxni aniqlovchi omillar talab va taklifdan iborat deb qaraydi. Bu nazariy yo‘nalishning namoyondalaridan biri Shveytsariya iqtisodchisi Leon Valras (1834-1910) umumiy iqtisodiy muvozanat modelini ishlab chiqishga harakat qiladi. Neoklassiklar o‘zlarini A.Smit va boshqa liberal iqtisodchilarning izdoshlari hisoblab iqtisodiy erkinlik va davlatning bozor mexanizmiga aralashmaslik printsiplarini qo‘llab chiqadi. Ularning bosh g‘oyasi shundan iboratki, bozor iqtisodiyoti muvozanatlikni o‘z-o‘zicha tartibga solish va qo‘llab-quvvatlashga layoqatli, davlat faqat bozorning faoliyat qilishi uchun shart-sharoit yaratishi zarur. Neoklassik oqim tarafdorlari shaxsiy manfaatga asoslangan bozor iqtisodiyoti alohida sub‘ektlari hatti-harakatiga e‘tibor qaratadi. Avstriya iqtisodiy maktabining namoyandasi E.Shumpeter «Iqtisodiy taraqqiyot nazariyasi» (1912 yil) deb nomlangan kitobida iqtisodiy tizimlar o‘zgarishining ichki kuchlarini, ularning ichki mazmunini ko‘rsatishga harakat qildi va u iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch tadbirkorlik degan xulosaga keladi. Ingliz iqtisodchisi Jon Meynard Keyns (1883-1946) o‘zining «Bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936 yil) nomli kitobida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar: milliy daromad, kapital xarajatlar, iste‘mol va jamg‘arishning o‘zaro bog‘liqligini tahlil qilib, investitsiya va iste‘mol nisbatlarining eng maqsadga muvofiq tarzda qaror topishi iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili deb ko‘rsatadi. Keyns ta‘limoti ta‘sirida iqtisodiyotda makroiqtisodiy tahlil yo‘lga qo‘yildi. U davlatning iqtisodiyotni boshqarishda faol qatnashishi zarurligini asoslaydi. Keynsning bosh g‘oyasi shundan iboratki, bozor iqtisodiy tizimi takomillashmagan va o‘z-o‘zini tartibga solishga layoqatli emas, mumkin bo‘lgan yuqori bandlik va iqtisodiy o‘sish faqat iqtisodiyotga davlatning faol aralashuvi orqali ta‘minlanishi mumkin. O‘tgan asrning 50-yillari boshlarida neokeynschilar (R. Xarrod, E. Domar, E. Xansen va boshq.) bandlik va inflyatsiya o‘rtasida optimal nisbatni topishga harakat qilib, iqtisodiy o‘sish muammosining yechimini ishlab chiqadi. ―Neoklassik sintez‖ kontseptsiyasi ham shunga yo‘naltirilgan. Jumladan, P.Samuelson neoklassik va Keynscha nazariyalarni, ishlab chiqarishning optimal darajasini ta‘minlovchi hamda talabni faollashtiruvchi omillarni bog‘lashga harakat qiladi. P. Samuelsonning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, qachonki to‘liq bandlikka erishilganda bozorning o‘zini-o‘zi tartiblash tizimi amal qiladi boshlaydi. XX asrning 60 – 70-yillarida neokeynschilar (J. Robinson, P. Sraffa, N. Kaldor va boshqalar) daromadlarni ancha teng taqsimlash, bozor raqobatini cheklash, inflyatsiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazishni yoqlab keynschilikni D. Rikardo g‘oyalari bilan to‘ldirishga harakat qiladi. Keyns nazariyasi g‘arb mamlakatlarida iqtisodiy o‘sishning, ancha yuqori sur‘atlarini ta‘minlash, bandlikni oshirish va umumiy farovonlikni o‘stirish imkonini berdi. Biroq kuchli jahon iqtisodiy inqirozlari iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish jamiyatni ishsizlik, inflyatsiya va iqtisodiy bo‘hronlarni bartaraf qilishga layoqatsiz ekanligini ko‘rsatdi. Shu sababli, iqtisodiyot nazariyasidagi yangi yo‘nalish – monetarizm, yangi klassik maktab va neoinstituttsionalizm keynschilikni siqib chiqara boshladi. Monetarizm – iqtisodiyotni barqarorlashtirishda pul omillari hal qiluvchi rol o‘ynashini asoslashga qaratilgan nazariya. Monetaristlar iqtisodiyotni boshqarishda davlat pul masalasi, pul emissiyasi, muomala va zahiradagi pul miqdorini nazorat qilishi, davlat byudjeti muvozanatlashuviga erishishi va yuqori bank kredit foizini o‘rnatishi zarur deb hisoblaydi. Monetarizm erkin raqobat va narxning erkin shakllanishini bozor iqtisodiyotining asosi va uning muvozanatlikka erishish sharoiti deb hisoblaydi. Ular fikricha, bozor o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tizim bo‘lib, davlatning aralashuvini esa faqat pul sohasi bilan cheklash lozim. Uning asoschilaridan biri amerikalik iqtisodchi Nobel mukofoti sovrindori Milton Fridman iqtisodiyotni barqaror qilishda pul omili asosiy rol o‘ynaydi, degan g‘oyani ilgari suradi. M. Fridmanning fikricha, pul iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishning asosiy dastagi bo‘lishi mumkin.