BILVOSITA USULLAR – iqtisodiyotni tartibga solishning iqtisodiy vosita va dastaklari.
ISTE’MOL SAVATI - kishilarning me’yoriy hayot kechirish faoliyatini ta’minlash uchun zarur hisoblangan oziq-ovqat va sanoat tovarlarining yig’indisini ifodalovchi tushuncha.
AHOLINI IJTIMOIY HIMOYALASh- aholini bozor iqtisodiyotining salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlaridan asrash, shu oqibatlarning aholi ahvoliga ta’sirini yumshatishdir. O’zbekiston davlat qurilishi va iqtisodiyotini isloh qilish dasturining o’zagi bo’lgan beshta asosiy qoidaning biri-aholining demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat o’tkazish; bozor munosabatlarini joriy etish bilan bir vaqtda aholini ijtimoiy himoyalash yuzasidan oldindan ta’sirchan choralar ko’rishdir. Respublikamizda bozor munosabatlarini vujudga keltirishning dastlabki bosqichida ulgurji va chakana narhlarning anchagina qismi erkin tus oldi. Bunday sharoitda pulning qadrsizlanishi kuchayib, iqtisodiyot bir maromda ishlay olmaydi. Bu davrga aholining hayot kechirishini ta’minlaydigan amaldagi tizimni saqlab qolish va qo’llab-quvvatlashdan, moddiy ahvoli yomonlashib, ommaviy qashshoqlanishiga, umumiy ishsizlikka yo’l qo’ymaslikdan iborat bo’lgan ijtimoiy siyosat mos keladi. Bu bosqichda ijtimoiy himoyalash choralari asosan tovon to’lash vazifasini bajardi. Asosiy e’tibor hayotiy zarur hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish darajasining pasayishiga yo’l qo’ymaslikka, kerakli tovarlarning kamaytirilmasligiga, ularni bemalol xarid qilish kafolatini ta’minlashga, aholining daromadlari va narh-navo darajasini boshqa mustaqil respublikalardagi darajaga bosqichma-bosqich tenglashtirib borishni ta’minlashga qaratiladi. Aholining eng kam daromadga ega bo’lgan tabaqalari, ya’ni eng qiyin ahvolga tushib qolgan, odamlarga amaliy yordam ko’rsatish ijtimoiy himoyalash tizimining asosiy yo’nalishi bo’ladi. Shu maqsadda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va ish haqining miqdori ancha oshiriladi. Vaqtincha ish bilan ta’minlanmagan shaxslarga ijtimoiy madad berishga katta e’tibor qaratilib, ularga maxsus nafaqa to’lanadi, ularni qayta o’qitish va yangi kasblarga o’rgatish tashkil etiladi. Bozor munosabatlarini shakllantirishning yangi bosqichida ham aholining ijtimoiy jihatdan eng muhtoj tabaqalari va guruhlarini qo’llab-quvvatlash avvalgidek ijtimoiy siyosatning ustuvor yo’nalishi bo’lib qolaveradi.