O`zbekistonda ta`lim soxasidagi islohotlarning ustuvor yo`nalishlari
III BOB. O`ZBEKISTONDAGI TA`LIM TIZIMI VA JAHON STANDARTLARI 3.1 Ta’lim tizimining mazmun mohiyatining jaxon standartlariga mos keltirish borasidagi o‘zgarishlar
Mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga, ayniqsa, uning dunyo standartlari darajasiga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan omillar ham yo‘q emas. Bu kechiktirib bo‘lmaydigan jiddiy masalalar nimalardan iborat va ularni yechish yo‘llari qanday?
Birinchi masala davlat ta’lim standartlarining YuNESKO tomonidan qabul qilingan xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga mos kelishi zarurati bilan bog‘liq. Vaholanki, bu xalqaro standartda ta’lim sohasining barcha bosqichlariga oid me’yorlar aslida qanday bo‘lishi, qay tarzda bo‘lsa, yuqori natijalarga erishish mumkinligi aniq belgilab berilgan. Bizning ta’lim tizimimizda bu me’yorlar ko‘zda tutilmagan. Holbuki, jahon tajribasiga ko‘ra, milliy ta’lim standartlari o‘z ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga ega bo‘lgan davlatlar tajribasiga emas, balki xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga asoslanishi zarur. Shunda jahon standartlari talablariga javob bera oladigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoni oshadi.
Dunyoning rivojlangan davlatlari qatori O‘zbekistonda ham yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida — to o‘tgan asrning oxirlarigacha 1976 yilda ishlab chiqilgan xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartidan foydalanib kelindi. Biroq dunyo ta’lim tizimiga kiritilgan keyingi yangiliklar natijasida ushbu asosiy konseptual hujjat ikki marta yangilandi.
Xalqaro standartga asosan har bir ta’lim darajasi uchun ta’lim dasturlari va ularga mos ravishda malaka talablari ishlab chiqilishi ta’lim sifatining oshishiga asos bo‘ladi. Ta’lim tizimini darajalarga ajratish esa uning uzluksizligi va ketma-ketligini ta’minlaydi. Bu tushuncha va tamoyillar xalqaro ta’lim klassifikatsiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Ta’lim tizimimiz rivoji uchun muhim ikkinchi masala — bu mamlakatimizda xalqaro va Yevropa malakalar standartiga moslashgan ta’lim malakalari klassifikatsiyasi ishlab chiqish zaruratidir. Mavjudlari eski ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, mamlakatimizdagi bugungi demokratik jamiyat amaliyotida foydalanib bo‘lmaydi. E’tibor bering, yurtimizda yigirma yildan buyon oliy ta’lim bitiruvchilariga beriladigan diplomlarda kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, xalqaro talablarga muvofiq tegishli malaka, ta’lim darajalari, xususan kasbi, ixtisosligi va boshqalar ko‘rsatilmayapti. Natijada diplomlarimiz rivojlangan davlatlar tomonidan tan olinmay kelinmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim malakalari klassifikatsiyasi joriy etish va undan foydalanish yangi ta’lim standartlarini ishlab chiqish hamda o‘quv yurtlarining ta’lim, kasbga oid dasturlarini tuzishda tayanch vazifasini o‘taydi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u davlatning iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shadigan ta’lim tizimi bilan mehnat bozorini o‘zaro bog‘lovchi muhim vositadir.
Uchinchi masala shuki, bizda 1997 yili qabul qilingan ta’lim klassifikatoridan foydalanib uch yuzdan ortiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va olti yuzdan ortiq magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Bizningcha, bunday tor profilli mutaxassislarni tayyorlash tez o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Qolaversa, bu iqtisodiy jihatdan davlat uchun manfaatli emas. Oliy o‘quv yurtini bitirgan tor profilli kadrlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish topishi qiyin. Chunki mehnat bozorida keng profilli mutaxassislarga talab doimo yuqori. Vaholanki, jahon amaliyotida 2013 yilda ishlab chiqilgan ta’lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyasining yangi xalqaro standarti ishlatilmoqda. Unga ko‘ra, saksonga yaqin ixtisoslashgan soha doirasida keng profilli mutaxassis kadrlar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan yangi xalqaro standart asosida unga moslashgan milliy ta’lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyamizni joriy etish hozir kadrlar tayyorlanayotgan mingga yaqin tor ixtisoslikdan qay birini tanlash kerakligini aniqlab beradi.
Bugungi kunda birgina qishloq xo‘jaligining agronomiya sohasida juda ko‘p tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Anorchilik, paxtachilik, yem-xashak ekinlari, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik va kartoshkachilik kabilar shular jumlasidan. Zooinjeneriya sohasida ham vaziyat shunday: asalarichilik, parrandachilik, qo‘ychilik va echkichilik, qoramolchilik, yilqichilik va tuyachilik kabi o‘nlab tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bizningcha, ular o‘rniga yangi davr talab qilayotgan keng doiradagi mutaxassis agronom yoki zooinjenerlar tayyorlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.