Xususiy OTMlar Shu o‘rinda hozirda tashkil etilayotgan xususiy OTMlarni mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklida tashkil etish amaliyoti oliy ta’lim tizimi xususiyatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Buning sababi quyidagilardan iborat.
MChJlar tijorat tashkilotlar turiga kiradi. Ularning maqsadi daromad olish va tashkil etgan muassislar o‘rtasida taqsimlashdan iborat. OTM esa daromad topib, bo‘lishib oladigan dargoh emas.
Shu bois ularning NNT shaklida tuzilishi maqsadga muvofiq. Chunki NNT shaklidagi OTMlarning ishlab topgan pul mablag‘lari faoliyatini rivojlantirish va professor-o‘qituvchilarga maosh to‘lash va boshqa ehtiyojlarga ishlatiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, NNTlar ham tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin, faqat ularda olingan daromadni muassislar o‘rtasida taqsimlash huquqi yo‘q — bu esa OTMning maqsadiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, har bir xususiy OTM bo‘yicha alohida hukumat qarori qabul qilinishi, turli imtiyozlar berib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish amaliyoti ham yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Chunki oliy ta’lim tizimida ham sog‘lom raqobat muhiti bo‘lishi shart. Yuqorida ta’kidlanganidek, barcha OTMlarning faoliyat olib borishi uchun yagona huquqiy asos – bir xil sharoitlar yaratilishi lozim.
Xorijiy OTM filiallari Shu o‘rinda chet el OTMlari filiallarini tashkil etish masalasiga to‘xtalsak. Xalqaro hamkorlik yaxshi, biroq bizda mavjud OTMlarimiz rivojiga e’tibor berish va milliy brendlarni yaratishga erishish darkor. Hozirda ushbu filiallarda ham asosan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda.
Chet ellik mutaxassislar kelib muammolarimizni hal etib beradi deb kutib o‘tirishimiz noto‘g‘ri, ularni o‘zimiz o‘z bilim va mehnatimiz orqali bosqichma-bosqich hal etishga harakat qilishimiz kerak. Agar mahalliy OTMlarimiz rivojlansa, xohlagan paytda chet ellik professorni yollab ishlatish mumkin.
OTMlarga qabul Hozirda OTMlarimiz o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarni to‘liq qamrab olmaganligi hech kimga sir emas. Ko‘p yoshlarimiz xorijiy universitetlarga o‘qishga ketyapti.
Maktabda bitiruv imtihonlari hamda OTMga qabul imtihonlarini yagona qilib o‘tkazish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday tizim ko‘p davlatlarda joriy etilgan, jumladan, Buyuk Britaniya, Rossiya va h.k. Albatta, bu kabi tizimni bizda joriy qilishda ma’lum bir qiyinchiliklar tug‘ilishi tabiiy. Bugun ushbu masalani to‘liq tahlil etishni maqsad qilmaganmiz.
Agar yuqorida taklif etilgan choralar amalga oshirilsa, OTMlarning abituriyentlarni qamrab olish imkoniyati yanada oshadi va bosqichma-bosqich OTMlarga qabul kvotalari oshib, barcha abituriyentlarni qamrab olishga erishish mumkin.
Chet el tajribasiga murojaat etsak, o‘qish istagida bo‘lgan shaxs biror-bir universitet tomonidan baribir qabul qilinadi. Talabalar o‘qish davomida saralanib, universitetni ma’lum bir qismigina muvaffaqiyatli tamomlashi mumkin. Biz ham shunday mexanizmni joriy etishimiz kerak, shunda bizning OTMlarimiz bitiruvchilari ham saralanib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin, o‘qituvchi-professorlarning malakasi-chi? Agar yuqorida bayon etilgan takliflar joriy etilsa, OTMlarimizda nafaqat mahalliy, balki xorijlik malakali mutaxassislarni ham jalb etish, ishlab turgan xodimlarining esa malakasini oshirish imkoniyati ortadi.