O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 3 fevralda imzolangan Farmonida
portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 3 fevralda imzolangan Farmonida mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;
yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga yuridik shaxs maqomini bergan holda uni fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlarda tuzilgan kengashlarni esa Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etish belgilandi.
Kengashlarning nufuzi va maqomini oshirish, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni ijro hokimiyati organlarining rahbarlari e’tiboriga etkazish va mazkur masalalarni hal etish bo‘yicha ularning bevosita ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar hokimlari zimmasiga tegishincha Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilish vazifasi yuklatildi.
Kengashlar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni moliyalashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida “Mahalla” fondining tegishincha respublika boshqaruvi hamda hududiy bo‘lim va bo‘linmalariga raislik qilishlari haqidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.
SHuningdek, Farmonda yoshlarni ona Vatanga muhabbat, xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida esa jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari — yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish nazarda tutildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy muhim masalalarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida kengashlar kollegial organlari tarkibiga tegishincha davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari, moliya, ichki ishlar, mehnat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ularning hududiy tuzilmalari rahbar xodimlarini kiritish mo‘ljallanmoqda.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini Kengashi tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlarini (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarini), hududdagi profilaktika inspektorlarini, ta’lim muassasalari va qishloq vrachlik punktlari (oilaviy poliklinikalar) rahbarlarini kiritish va ularning o‘z faoliyati yuzasidan yilning har choragida fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi)ga hisobot taqdim qilishlari amaliyotini joriy etish belgilab qo‘yildi.
Qayd etilgan asosiy vazifalar va yangi normalarni hayotga tatbiq etish uchun Farmon bilan kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash borasida 37 ta aniq tadbirni amalga oshirishni nazarda tutadigan Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonni ijro etish doirasida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va bir qator boshqa qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.
SHuningdek, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar zimmasiga fuqarolar yig‘inlarining bandlikka ko‘maklashuvchi tuman (shahar) markazlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari hamda moliya va sog‘liqni saqlash organlari bilan o‘zaro hamkorligini nazarda tutadigan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.
Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etish bo‘yicha mustaqilligini ta’minlash, o‘zini o‘zi boshqarish tizimida ortiqcha bo‘g‘inlardan voz kechish maqsadida tarkibida mahallalar tuzilgan shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarini mahalla fuqarolar yig‘inlariga birlashtirish va bo‘lish yo‘li bilan qayta tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalar sport maydonchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish maqsadida 2017—2021 yillarga mo‘ljallangan hududiy dasturlar ishlab chiqiladi. SHuningdek, 2018 yilning 1 dekabriga qadar tumanlar va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini namunaviy loyihalar asosida barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
SHu bilan birga, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishiga munosib hissa qo‘shgan tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillariga taqdim etiladigan “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini ta’sis etish nazarda tutilmoqda.
Farmonda hamda u bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasidagi vazifalarni samarali bajarish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.