Tashkiliy-ma’muriy boshqaruv usullari.
2. Tashkiliy-ma’muriy boshqaruv usullari. Boshqarishning bu usuli yakkaboshchilik munosabatlari — intizom va mas’uliyatga asoslanadi. Tashkiliy-ma’muriy ta’sir ko‘rsatish — bu boshqaruvning aniq boshqarilayotgan obyektga yoki shaxslarga qaratilgan majburiy tavsifidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’muriy ko‘rsatmalaridir. Boshqacha qilib aytganda, korxonaning rahbari o‘ziga bo‘ysunuvchi sex rahbariga, sex rahbarlari shu sexdagi ishlab chiqarish uchastkalarining ustalariga bevosita bajarilishi zarur bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishi mumkin va bu ko‘rsatmalar bajarilishi lozim. Bunday ko‘rsatmalar jumlasiga mahsulot turlarini rejaga asosan bir maromda ishlab chiqarishni yuqori darajada tashkil qilish, mahsulot sifatini yaxshilash, mehnat me’yorlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, mehnat intizomini mustahkamlash va boshqa tez hal qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar kiradi. Quyi pog‘ona rahbarlari bajarishi shart bo‘lgan farmoyish va ko‘rsatmalarni berish, ularning bajarilishini nazorat qilish, normalarni ishlab chiqish, xodimlarni to‘g‘ri tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ishchilarni bir joydan boshqa joyga o‘tkazish, taqdirlash yoki jazolash yuqori pog‘ona rahbarlarining vazifasiga kiradi. Respublikamiz bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan kadrlar masalasini yaxshilash davr talabi bo‘lib qoldi. Respublikada kadrlarni tanlash va ularning malakasini oshirish ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yish borasida bir qator ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Respublika Prezidenti I. A. Karimovning tashabbusi bilan 1991-yildan boshlab respublika shaharlaridagi qator zavodlar rahbarlari malakasini oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborilmoqda. Bu ko‘rilgan tadbirlar respublikamiz korxonalarida bozor munosabatlariga javob beradigan rahbarlarni tayyorlashga imkon yaratdi. Respublikadagi o‘ta qobiliyatli talabalarni rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ilmgohlariga o‘qitishga yo‘llash hamda qobiliyatli yoshlarni qo‘llabquvvatlash maqsadida Respublikamiz Prezidentining «Umid» jamg‘armasi tashkil etilishi shu tadbirlardan biridir.
Dostları ilə paylaş: |