Ijtimoiy-ruhiy boshqaruv usullari.
Bu usul mehnatkashlarning ishlab chiqarishni boshqarishda keng miqyosda ishtirok etishiga asoslangan bo‘lib, bu usulni qo‘llashdan asosiy maqsad jamoalarda sog‘lom ijtimoiy-ruhiy muhit yaratishdir. Mehnat jamoalarida ijtimoiy-ruhiy muhitning holati chiqqan nizolar soni bilan belgilanadi. Nizo—bu rahbar, ishchi va boshqa xodimlar orasida muayyan masalalarni hal qilishda tomonlarning bir-biri bilan bir yechimga kela olmaganligini bildiradi. Jamoa a’zolari orasidagi nizolarning ko‘pchiligi ishlab chiqarishning qoniqarsiz tashkil qilinganligi, rahbarlarning ish jarayonida o‘ziga bo‘ysunuvchi jamoa a’zolarining ruhiy holatlarini hisobga olmaganligi, zarur ish sharoitining yaratilmaganligi va boshqa sabablar natijasida vujudga keladi. Nizolar qanchalik
ko‘p bo‘lsa, mehnat jamoalarida ijtimoiy-ruhiy muhit shunchalik yomonlashadi. Mehnat jamoalarida nizo chiqaruvchi ayrim shaxslar bo‘lishi turgan gap. Bunday shaxslar ish paytida foydali mehnat bilan shug‘ullanish o‘rniga, o‘zlarining nizolarida ko‘rsatilgan masalalar rahbar xodimlar tomonidan qanday qabul qilinayotgani to‘g‘risida gapirib ham o‘zlarini, ham boshqalarni ishdan chalg‘itib, ishlashiga xalaqit beradilar. Bunday hol ikki shaxsning kurash jarayoni bo‘lib, bu nizolarni rahbar xodimlar yoki jamoat o‘rtoqlik sudi kengashi ko‘rib chiqib, kim haq, kim nohaqligini aniqlab, shu masala yuzasidan chiqarilgan hukm natijalarini tushuntirib, ularni shu hukmlarning to‘g‘riligiga iqror bo‘lguncha davom etadi. Bunday nosog‘lom vaziyat jamoa a’zolarining barchasiga yetib boradi. Bundan ayrim ishchi xodimlar vaqtincha manfaatdor bo‘lib, ularning ichidan o‘zlariga yoqmagan shaxslar ustidan g‘iybat uyushtirib vaziyatni jiddiylashtirishga harakat qiladilar. Bularning hammasi mehnatkashlar kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladi, ularni asabiylashtiradi, natijada ijtimoiy-ruhiy vaziyat yomonlashadi. Bu esa o‘z-o‘zidan ishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, turg‘unlik davrida jamoalarning ijtimoiy ruhiy-muhitini yaxshilashga yetarli darajada e’tibor berilmas edi. U yillarda ma’muriy buyruqbozlik boshqarish usuli hukm surar edi. Bunday boshqaruv usuliga ishchilar ko‘nikib, o‘zlariga nisbatan rahbarlarning qo‘pol gaplariga ahamiyat bermas edilar. Buni o‘sha zamon talabi taqozo etar edi. Demokratiyalash, oshkoralik sharoitida barcha eski ish uslublariga chek qo‘yiladi. Hozirgi sharoitda rahbar faqat o‘z sohasini yaxshi bilibgina qolmay, balki yaxshi tashkilotchi, ruhiyatchi (psixolog), tarbiyachi va ijtimoiy yetakchi bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun har bir rahbar xodim: sotsiologiya, ruhiyat, pedagogika fanlarini mustaqil egallashi kerak. Buni hayotimizdagi jiddiy o‘zgarishlar, inson omilining faollashuvi, jamoalarning o‘z-o‘zini boshqarish sharoitida ular bilan ishlash taqozo qiladi. Jamoaga a’zo bo‘lgan har bir shaxsning qalbiga yo‘l topa bilish rahbar ish faoliyatida asosiy ahamiyatga ega. Buni bilgan rahbar o‘z jamoasi ichida mehnat jarayonida vujudga keladigan har xil nizolarni jamoada, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, yuqori tashkilotlarga chiqarmasdan o‘zida hal qilishga qodir bo‘ladi. Bunday rahbar o‘z ishini to‘g‘ri tashkil qilgan bo‘lib, jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad va reja topshiriqlarini o‘z vaqtida muvaffaqiyatli bajaradi. Jamoalarda sog‘lom ruhiy muhit yaratish uchun rahbar quyidagilarga: har bir ishchi-xizmatchi xodimlarning shaxsiy fazilatlarini, yoshini inobatga olishi, ishchilar o‘rtasidagi hamkorlikni va o‘zaro yordamni bir-birlari bilan chambarchas bog‘laydigan ijtimoiy aloqa maromini, iqtisodiy musobaqani tashkil etishga, mehnat jamoalarida ish faoliyatining pirovard natijalari uchun har bir ishchining mas’uliyat sezish tuyg‘usini mustahkamlashga, jamoa a’zolarining yuqori unumli mehnat qilishi, uning ijodiy g‘ayratini kuchaytirish uchun qulay ijtimoiy sharoitlarni yaratishga e’tibor berishi zarur, chunki faqatgina iqtisodiyotni qayta qurish bilan ahvolni
o‘nglab bo‘lmaydi, buning uchun butun boshqaruv apparatini ham qayta qurish darkor.
Dostları ilə paylaş: |