Bola tug’ilgan chog’dan boshlaboq faollik ko’rsata boshlaydi. Lekin uning faolligi hali juda sodda va faqat ixtiyorsiz bo’ladi.
Har bir kishining irodasi ixtiyorsiz harakatlar asosida hamda organizmning o’sishi ijtimoiy sharoit bilan bog’liq holda, faoliyat ichida va asosan, tarbiyaning va o’z-o’zini tarbiya qilishning ta’siri ostida taraqqiy qiladi.
Bolalarning faolligi avvalo ixtiyorsiz harakatlarda ifodalanadi. Bunday. faollik dastavval sharoitga moslashish tarzidagi harakatlardan iborat bo’ladi. Bola o’zi uchun yangi bo’lgan narsalarning hammasiga, xususan, harakat qiladigan, ovoz chiqaradigan, yorqin qilib bo’yalgan narsalarga nisbatan tez va tetik munosabatda bo’lib, ularga qayrilib qaraydi, ularga tomon intiladi, ushlab ko’radi, polga irg’itib tashlaydi hamda ana shunday asosda dastlabki hatti-harakatlarni egallaydi. Mana shunday harakatlarda organizmning hayoti gavdalanadi, chunki bola bunday ixtiyorsiz harakatlar yordami bilan o’zining tabiiy ehtiyojlarini qondiradi. Shuning bilan birga, bu ixtiyorsiz harakatlar bolalar irodasining taraqqiyoti uchun tayyorgarlnk jihatidan muhimdir. Ixtiyorsiz harakatlar tufayli nerv hamda muskul sistemalari o’sadi va mustahkamlanadi, ayrim organlarning, ya’ni – o’ng va chap oyoqning, o’ng va chap qo’lning, ayrim barmoqlar va shu kabilarning harakatlari chiniqadi. Bunday harakatlar tufayli bola o’z organlarining harakatini seza boshlaydi va unda o’z organlari hamda ularning harakatlari haqida tasavvur hosil buladp. Bularning hammasi irodaviy harakatlar davomida bolaning o’z organlarini ongli ravishda boshqarishi uchun zarurdir. «Qo’l, oyoq, bosh va gavda harakatlarining barcha elementar shakllari,– deb yozadi Sechenov– va shuningdek, bolalik davrlarida o’rganilgan barcha murakkab harakatlar, ya’ni yurish, yugurish, gapirish, ko’z harakatlari, bu harakatlarni o’rganib olingandan keyingina irodaga bo’ysunadigan harakat bo’lib qoladilar» Lekin organizmning ma’lum darajada o’sayotgan harakatlarining o’zini hali iroda deb bo’lmaydi.
To’la anglab olingan intilish, hohish, tanlash, qarorga kelish va zo’r berish kabi iroda elementlari ko’ringan davrdan boshlab, muayyan yoshdagi bolalarda irodaning borligi haqida gapirish mumkin.
(Istak, mayl) tarzidagi intilish bolada juda barvaqt, ya’ni hissiyotlar bilan birga yuzaga keladi. Bolaning biron narsadan noroziligini va bunday holatdan qutulish uchun intilayotganini tez-tez kuzatish mumkin. Ammo bolaning bunday intilishlari hali anglab olinmagan intilishlar bo’ladi. Tahminan ikki yoshga etmagan bolada, tarbiya va o’z o’yin faoliyatining ta’siri ostida anchagina tajriba to’planadi, ya’ni u ma’lum tasavvurlar boyligiga ega bo’ladi, xayol qilish qobiliyati esa boshlanadi va bola shular asosida fikr qila boshlaydi. Shuning bilan birga, bu yoshdagi bolada anglab olingan intilishlar va hohishlar paydo bo’la boshlaydi. Ammo shuni aytish kerakki, bu intilishlar va hohishlar uzoq, davrlarga qadar, asosan, bolada tug’iladigan emotsiyalarga bog’liq bo’ladi. Shuning uchun bu davrdagi harakatlar, asosan, kuchli emotsional (hissiy) mayl ta’siri ostida sodir bo’ladi. Bu oddiy – irodaviy harakatlardir.
Doimiy sur’atda mashq qilish davomida bolada sekin-asta ongli ravishda irodaviy zo’r berish qobiliyati o’sa boshlaydi. Bunday mashqlar dastlab, asosan kattalar rahbarligi ostida bo’lib turadi. Odatda, bunaqa bolaga bironta vazifa, yumush topshiriladi. Masalan, «falon joyga borib kel», «Anavi narsalarni olib ber», «Uyning rasmini sol» va shuning kabilar. Bunda bola atrofdagi katta odamlarning hohishlari va qarorlari bilan harakat qiladi.
Kattalar tomonidan bolalarga ana shunday «vazifalar» topshirilib turilar ekan, ko’pchilik hollarda, albatta bunday vazifalarning tarbiyaviy ta’siri hamda bola irodasining rivojlanishiga bo’lgan ta’siri ko’zda tutilmaydi. Bunday vazifalardan ko’zlangan maqsad bolalarni biror yumush bilan band qilish yoki ota-onalarga xos bo’lgan qiziquvchanlik nuqtai nazaridan bolaning nimaga qodir ekanligini sinab ko’rishdan iborat bo’ladi. Haqiqatda esa bunday «vazifalar» bolalar irodasini effektiv rivojlantirishga va jumladan, harakat maqsadi va vositalarini anglashga, tartib-intizom malakalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Irodani mustahkamlash va o’stirishda bolalarning taqlidiy harakatlari, ya’ni boshqalarning ish-harakatlariga taqlid qilish juda katta ahamiyatga egadir. Oddiy taqlidiy harakatlar bolada juda erta, ya’ni to’rt-besh oylik bo’lgan davrdan boshlaboq paydo bo’la boshlaydi. Bolalar bir yoshdan oshganda esa ancha murakkab taqlidiy harakatlarni qila oladilar. Mana shulardan ko’rinib turibdiki, kishining irodasi faqat tarbiya ta’siri ostida o’sishi mumkin, Irodaviy faoliyatga doir dastlabki mashqlar kattalarning rahbarligi ostida yoki kattalar ko’rsatmasi bilan voqea bo’ladi.
Bolalar ikki yoshdan oshganda motivlar kurashining boshlang’ich alomatlarini ko’rish mumkin. Masalan, bolaga bir vaqtning o’zida olma bilan holvani ko’rsatib, «shulardan bittasini ola qol»–desak, bunday holda boladagi ikkilanish, ya’ni motivlar kurashi aniq ko’rinadi: bola goh olmaga, goh holvaga qaraydi, qo’lini goh olmaga, goh holvaga uzatadi. Motivlar kurashi shuning bilan tugaydiki, bola bu narsalardan birini o’z qo’li bilan oladi, «olmani» yo «holvani» olaman deydi. Ammo shunisi ham borki, bola shu ondayoq o’z qarorini o’zgartirib qo’yishi mumkin. U bir vaqtning o’zida qo’llarini ham olmaga, ham holvaga cho’zishi mumkin. Lekin bu hodisa mana shu yoshdagi bolaning irodaviy jarayonlarida hali qat’iylik, barqarorlik yo’qligini ko’rsatadi, xolos.
Uch yoshli bolalarning harakatlarida tashabbuskorlik borligini kuzatish mumkin. Bu yoshdagi bola ma’lum yo’l tanlay oladi va ma’lum vaziyatni egallashga intiladi hamda oldiga qo’yilgan talablarni anglay oladi.Boqcha yoshining keyingi bosqichlarida bola irodasi o’ziiing butun jihatlari bilan to’la-to’kis tarkib topadi. Lekin shunga qaramay, bola irodasini hali to’la takomillashgan deb bo’lmaydi.
Bolalarning harakatlarida ixtiyorsiz faollik va hissiyot juda katta o’rin oladi. Bolalar ma’lum bir qarorlarga o’zlarida tug’ilgan bir talay hissiyot ta’siri bilan keladilar; shuning uchun, bolalarning qarorlari tez-tez o’zgarib turadi. Ular o’z qarorlarini tez-tez, hattoki amalga oshirish paytida ham o’zgartirib turadilar. Agar bolalarning oldilariga qo’yilgan maqsad ularga qattiq ta’sir qilib, hissiyotlarini uyg’otsa va zavq tug’dirsa, bunday paytda bolalar o’zlariga xos ravishda iroda kuchi va qat’iylik ko’rsatishlari mumkin. Bolalar hali o’zlarini yaxshi tuta olmaydilar va betoqat bo’ladilar. Bolalarda mustaqillik hali kam bo’ladi. Ular o’zlarining harakatlarida doimo kattalarning yordamiga muhtojdirlar.
Bolalarda irodaviy harakatlarning o’sib borishi bilan birga, ixtiyoriy fikrlash jarayonlari ham o’sadi.
Boqcha yoshidagi bolalarning irodasi, asosan, o’yin jarayonida ko’rinadi. O’yin bolalar irodasini vujudga keltiruvchi, o’stiruvchi va mustahkamlovchi amaliy mashg’ulotdir. Bolalar o’yin jarayonida o’z oldilariga sodda bir maqsadlarni qo’yadilar va uchragan qiyinchiliklarni engib bu maqsadlarni amalga oshirishga muvaffaq bo’ladilar. Qoidali o’yinlar xususan katta ahamiyatga egadir. O’yin qoidalarini bajarish bolani o’z harakatlarini o’yin o’ynovchilarning umumiy maqsadlari bilan moslashga o’rgatadi, javobgarlik hissini tarbiyalaydi, vazminlik va intizomlilikni rivojlantiradi.
Ammo boqcha yoshidagi bolalar irodasi faqat o’yin jarayonidagina ko’rinib qolmay, balki bu yoshdagi bolalarga mansub bo’lgan ba’zi bir mehnat faoliyatlarida, ya’ni o’z-o’zlarini eplashda, polizdagi va bog’dagi o’simliklarni parvarish qilishda hamda boshqa shu kabilarda ko’rinadi va tarkib topa boradi.
Boqcha yoshidan boshlab inson irodasi taraqqiyotining asosiy vositasi sifatida mehnatning ahamiyatini hisobga olish zarurdir.
Bolalarni mehnatga qatnashtirish ularni quvontiradi va rohat bag’ishlaydi. Mehnat bilan bog’liq bo’lgan ishlarda jismoniy va aqliy faollik, kattalarning topshiriqlarini ongli bajarish irodaviy zo’r berish, belgilangan maqsadiga erishish uchun intilish va tashabbus ko’rsatishda namoyon bo’ladi.
O’yinlarda va o’zlariga mos mehnat faoliyatlarida bolalar o’zlarining va boshqalarning ish-harakatlariga «yaxshi» yoki «yomon» degan tarzda amaliy baho bera boshlaydilar.boqcha yoshidagi bolalar umuman «yaxshi ish» bilan «yomon ish» nimadan iborat ekanligini ajrata boshlaydilar. «ahloqsiz» hatti-harakatlar sodir bo’lib qolgan paytda ularda uyalish hissi yuzaga keladi.boqcha bolalarining o’yinlarida va boshqa o’zaro munosabatlarida ko’pincha ulardan – «uyalmaysan-mi!» – degan kinoya so’zlarni eshitishi mumkin.
Shunday qilib, bolaning boqcha yoshidagi davrida irodaning boshqa sifatlari bilan birga irodaning ahloqiy sifatlari ham rivojlanib va mustahkamlanib boradi.
Albatta, bolalarning harakatlarida ixtiyorsiz faollik va hayajonlilikning namoyon bo’lishi katta o’rin egallaydi.
Shuning uchun bolalarda irodani rivojlantirish maqsadida ularning o’yinlari uchun qulay sharoit tug’dirib berish lozim (albatta, zararsiz va oqilona o’yinlar uchun). Shuning bilan birga ularni uy mehnatida kuchlariga yarasha qatnashtirish kerak.
Bundan tashqari shuni ham nazarda tutish lozimki, kattalarning – o’yinchoqlarni yig’ishtirib qo’y, kiyimingni taxlab qo’y, yuvinganingdan so’ng sochiqni joyiga osib qo’y va shu kabi sistemali talab va topshiriqlari iroda hamda uning sifatlarini rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi.
Uy mehnatida ishtirok qilish bolalarga o’zlarini oila jamoasining a’zosi deb his qilish imkonini beradi, kattalarning hayrihohlik va hattoki hurmat bilan munosabatda bo’lishlarini yuzaga keltiradi,
Boqcha yoshidagi bolalarda muskullar bilan bog’liq, bo’lgan (jismoniy) irodavyy harakatlarning rivojlanishi bilan birga ixtiyoriy aqliy harakatlar qobiliyati ham, ya’ni ixtiyoriy idrok va kuzatuvchanlik, ixtiyoriy esda olib qolish va esga tushirish, ixtiyoriy tafakkur – o’ylash (chunonchi, topishmoq topish paytida o’ylash) qobiliyatlari ham rivojlanadi.
Bolalar irodasini rivojlantirishda boqcha jamoasining roli juda kattadir.boqchada bolalarning jamoa bo’lib o’ynaydigan o’yinlarida va o’zaro birgalikda o’zlariga xizmat qilishlarida tashabbuskorlik, qat’iyatlik, dadillik va chidamlilik kabi xarakter xislatlari yuzaga kela boshlaydi.
Boqcha yoshidagi davrda (3 yoshdan 7 yoshgacha bo’lgan davrda) bolalarning irodalari butun tarkibiy qismlari bilan (ya’ni ongli ravishda maqsad qo’yish, maqsadga erishish vositalari va yo’llarini tanlash, qarorga kelish va shuning kabilar) to’la ravishda tarkib topadi. Maktabga o’tish paytiga kelganda bolalarda (7 yoshli) endi irodaning ayrim sifatlari rivojlanadi va mustahkamlanadi.
Maktab yoshidagi bolalarning irodasi ancha kamol topgan bo’ladi. Maktabdagi vazifalarni bajarish uchun, asosan, irodaviy faollik, ixtiyoriy diqqat va ixtiyoriy xotira kerak bo’ladi. Maktab o’quvchisi ma’lum bir vazifani bajarish uchun doimo irodaviy zo’r berishi kerak. Maktabda bola undan nima talab qilinsa, shuni bajarishi kerak. Bola o’zining butun hatti-harakatlarini maktabning talablariga bo’ysundirishi lozim. O’quvchi ba’zan o’zi uchun yoqimli bo’lgan jo’shqin shodligini ushlab qolishiga, tiyishiga to’g’ri keladi: u o’quvchi bo’lganligi va shu munosabat bilan uning o’rtoqlari hamda oiladagi yangi vaziyati, ya’ni ana shunday motivlar uni qiziqarli o’yin, qiziqarli gap va sayrgohlardan voz kechishga majbur etadi. Maktab intizomi o’quvchilardan vazminlik, o’zini tuta bilishlik, uyushqoqlik, barqarorlik va javobgarlikni talab qiladi. To’garaklardagi ishlar tashabbuskorlik va mustaqillikning va shu bilan birga o’z vazifalariga nisbatan mas’uliyat bilan qarashning talab qiladi. Maktabdagi o’qish jarayonida o’quvchilarning aqliy taraqqiyotlari hamda saviyalarining kengayishi o’z-o’zlarini nazorat qilish va hatti-harakatlariga tanqid ko’zi bilan qarash qobiliyatini o’stiradi. O’rtoqlari bilan keng ko’lamda munosabatda bo’lish o’z shaxsiy intilishlarini jamoa irodasiga bo’ysundira bilishga yordam beradi. Maktabda dunyo qarash tarkib topa boshlaydi va hulk-atvor normalari o’zlashtiriladi. Ana shunday hulk-atvor normalari asosida ahloq tamoyillari aniqlana boshlaydi. Bu narsa irodaviy harakatlarda barqaror, ongli va sabotli bo’lishning va shuning bilan birga o’z vazifalariga nisbatan mas’uliyat bilan birga o’z vazifalariga mas’uliyat bilan qarashning muhim shartidir.
Irodaning tarkib topishi uchun o’quvchilar qiziqishlarining ortib borishi katta ahamiyatga ega. Maktab yoshidagi o’smir va yoshlarda ma’lum hayotiy ideallar vujudga kela boshlaydi va ular o’zlari uchun ma’lum kasbni tanlay boshlaydilar. O’spirin va yoshlar o’zlarining yaqin kelajaklari, o’z kasblari haqidagi yorqin orzular bilan yashaydilar. Bu qiziqishlar va ideallar sabotlilik va dadillik, tashabbuskorlik, izchillik kabi irodaviy sifatlarning taraqqiy etishiga yordam beradi. Yoshlarda qiziqish va ideallar bo’lishi ularning o’z irodasini tarbiyalash zarur ekanligini anglashda yordam beradi.
Iroda tarbiyasi – tashabbuskorlik, dadillik, o’zini tuta bilish, sabotlilik, chidamlilik, tamoyillilik, kamtarlik vaintizomlilik kabi irodaviy sifatlarni o’stirish va mustahkamlashdan iboratdir.
Iroda tarbiyasi bolalarda yomon sifatlar paydo bo’lishining oldini olish va agar bunday sifatlar paydo bo’lsa, ularni yo’qotishdan iboratdir.
Bolalar irodasining salbiy tomonlaridan biri o’ziga ishonmaslikdir. O’ziga ishonmaslik holati o’qish, mehnat, o’yin va shu kabi faoliyatlarda tez-tez qaytarilib turadigan muvaffaqiyatsizliklar tufayli yuzaga keladi.
F. I. Ivashchenko tomonidan o’tkazilgan tekshirishlarning ko’rsatishicha, o’qish sharoitida o’quvchilarning o’zlariga ishonmaslik holatlari asosan quyidagi sabablar tufayli yuzaga keladi: a) o’qishda izchillik tamoyiliga rioya qilmaslik tufayli, b) o’quvchilarga kuchlari etmaydigan, ya’ni ortiq talab qo’yib yuborish orqali, v) ayrim pedagoglar, ota-onalar va shuning bilan birga sinfdoshlarning o’quvchilar kuchiga, xotira qobiliyatlari va fahm-farosatlariga ishonchsizlik bildirishi tufayli, g) ana shunday o’quvchilarni yomon baho olganliklari uchun qo’rqitish va jazolash orqali».
Iroda tarbiyasi tafakkur va hissiyotlar tarbiyasi bilan mahkam bog’liqdir. Biz bolalarda tafakkurni taraqqiy ettirishimiz bilan birga, biz ularda o’z oldiga to’la anglab, muayyan maqsadlar qo’yaolish va juda yaxshi asoslangan qaror va harakatlar tanlay ola bilish qobiliyatini ham tarbiyalaymiz Bolalarda ijobiy ahloqiy hislarni tarbiyalar ekanmiz, buning bilan ahloqiy qaror qabul qilishga va shuning bilan birga, o’z qaror hamda harakatlariga ahloqiy baho berishga odatlantirib boramiz. Vatanparvarlik hissini va vijdoniy burch hissini tarbiyalash ayni vaqtda harakat motivlarini tarbiyalash hamdir. Ammo iroda tarbiyasini faqat tafakkur va hissiyotni o’stirishdangina iborat deb tushunish yaramaydi. Barcha ahloq normalarini yaxshi bilish va juda yaxshi anglash hamda bu ahloqiy normalarni chuqur his qilish va lekin ularga amalda rioya qilmaslik mumkin. Masalan, ko’pincha, juda aqlli, sofdil va jo’shqin hissiyotli bo’lishlariga qaramay, faoliyatsizliklari va irodalarining kuchsizligi bilan ajralib turuvchi ko’p sentimental (ortiq darajada hissiyotga berilgan) odamlar mana shunday bo’ladilar.
Irodani muvaffaqiyat bilan o’stirish maqsadida shunday bir sharoit topish kerakki, bunda tarbiyaviy ta’sir tarbiyalanuvchilarning kundalik hayotlaridagi real hatti-harakatlari bilan ahloq normalarini bilishlari o’rtasida birdamlik bo’lishini ta’minlasin.
O’z irodasi va umuman irodani tarbiyalashda irodaviy zo’r berish qobiliyatini o’stirish markaziy o’rinda turishi lozim. Maqbul bo’lgan har qanday qarorni amalga oshirishga odatlanmoq kerak. Qabul qilingan qarorni amalga oshirishga o’rgatish va o’rganish kerak. Har qanday qarorni amalga oshirish malakasini hosil qilish va qiyinchiliklarni engishga odatlanish kerak. Kishi o’zini har qanday boshlagan ishini oxirigacha etkazishga, hech qachon yarim yo’lda to’xtab qolmaslikka o’rgatishi lozim. Irodani shunday o’stirish kerakki, lozim bo’lgan hollarda kishining barcha kuchi – jismoniy, emotsional va aqliy kuchi irodaviy harakatlarda bir erga to’plana oladigan bo’lsin.
Xulosa
Iroda tarbiyasi – shaxsni faqat biron-bir ayrim jihatdan emas, balki uni hamma jihatdan, hamma tomondan baravar tarbiyalashdir. Irodali kishi – puxta aql, yorqin ijobiy xayol va kuchli ahloqiy hissiyotlarga ega bo’lgan g’oyaviykishidir. Ammo, eng muhimi, irodaviy kishi qat’iy harakat qilib, o’zining ongli va tamoyilli qarorlarini hamma vaqt bajara oladigan hamda qiyinchiliklarga qarshi kurashib, to’sqinliklarni enga oladigai faol kishidir. Irodali odam faol va saranjom-sarishta bo’ladi.
Bizga ijodiy tashabbuskor, azmkor, o’z kuchlariga ishongan, dadil, sabotli, botir, javobgarlikni sezadigan, intizomli – bir so’z bilan aytganda – mustahkam irodali odamlar kerak.
Irodani tarbiyalashda yuksak irodaviy sifatlarga ega bo’lgan kishilar hayotidan misol keltirish katta ahamiyatga ega.
Irodaning sifatlarini amaliy hayotda hosil qilish va namoyon qilish uchun kosmonavtlarimiz kosmik fazoga uchishdan oldin juda katta va har xil mashq tayyorgarliklarini o’tkazganlar. Masalan, «Vostok – 2» kemasining ekipaji bilan o’tkazilgal presskonferentsiyada A. A. Leonov o’zi haqida shunday deydi: «1964 yilning aprel oyidan to 1965 yilning mart oyigacha bo’lgan vaqt mobaynida o’tkazilgan mashqlarda men velosipedda 1000 km dan ortiqroq, chang’ida faqat 1965 yilning kishida 300 km ga yaqin, kross (chopish) mashg’ulotlarida ham 300 km ga yaqin yo’lni bosib o’tdim 150 martadan ortiqroq. o’tkazilgan vestibulyar mashqlarga (muvozanatni saqlash mashqlari) katta e’tibor ajratildi».
Bunday mashqlarning natijalari dunyoda misli ko’rilmagan jasorat, ya’ni sovet kosmonavti A. A. Leonovning kosmik kemadan kosmosga chiqishini ta’minlovchi eng muhim sharoitlardan biri bo’ldi. Butun dunyoni larzaga keltirgan yigirma minut davomida qahramon kosmonavt to’la ravishda o’zini tuta bilishni namoyon qilib, bir qator murakkab ishlarni bajardi, ya’ni kosmik kemadan ochiq kosmosga chiqdi va yana qaytib kemaga kirdi, kemaning tashqarisida turib er hamda cheksiz kosmos hodisalari ustidan bir qator qimmatli ilmiy kuzatishlar o’tkazdi, vaznsizlik holatida o’z harakatlarini maqsadga muvofiq boshqara oldi. Ana shunday sharoitda (albatta, katta tavakkallik bilan) Leonov o’zini og’ir tutib, aniq, oqilona va xatosiz harakat qildi. Mana shuni haqiqiy iroda desa bo’ladi.
Faqat katta qahramonona jasoratlardagina emas, balki odam o’zining o’qish va mehnat kabi kundalik faoliyatlarida ham o’z irodasiniig yuksak sifatlarini namoyon qilishi, rivojlantirishi lozim.
Kimki kuchli irodali, sabotli va chidamli bo’laman desa, u o’z oldiga oqilona vazifalar qo’ya bilishi hamda bu vazifalarni amalga oshirish yo’lida uchraydigan qiyinchiliklarni engishni mashq qilishi kerak.
Iroda tarbiyasi ayrim hollardagina iroda ko’rsata bilish qobiliyatini hosil qilish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Irodani tarbiyalash – irodaviy sifatlarni mustahkamlash va ularni har bir shaxsning doimiy layoqatlariga, sifatlariga aylantirish demakdir. Shaxsning mana shunday mustahkam, doimiy sifatlari xarakterning ayrim tomonlariga aylana boradi. Shuning uchun iroda tarbiyasi ayni vaqtda xarakterning irodaviy tomonlarini tarbiyalash hamdir.