Hujayra membranasi gidrofil fosfat guruhlari va uzun gidrofob uglevodorod qoldiqlaridan iborat bo’lgan lipidlardan va oqsillardan tuzilgan. Tirik organizmning suvli muhitida lipidlarning gidrofil boshchalari suvda erigan ion va molekulalarga tortiladi, gidrofob dumi esa ulardan itariladi. Bu holat lipidlarning suv muhitida biqatlam hosil qilib joylashishiga olib keladi.
Membranaviy transport
Moddalarning hujayra membranasi orqali transport qilinishi uchta usulda amalga oshiriladi: oddiy diffuziya, osonlashtirilgan transport va aktiv transport.
Oddiy diffuziya zarrachalarning issiqlik harakati tufayli amalga oshadi. Bunda kichik molekulalar (H2O, mochevina, CO2, O2) membranalarning oqsil tutvchi qismlari yoki gidrofob moddalar (oddiy va murakkab efirlar, yuksak spirtlar, yog’ kislotalari va b.) lipid qatlami orqali konsentratsiyalar gradiyenti yo’nalishida o’tadilar. Oddiy diffuziya yordamida moddalarning o’tkazilishi konsentratsiyalar gradiyenti nolga tenglashganda to’xtaydi.
Membranaviy transport
Osonlashtirilgan transport membranalar orqali moddalarning konsentratsiyalar gradiyenti yo’nalishida maxsus tashuvchi oqsillar yordamida energiya sarflamasdan o’tkazilishidir. Tashuvchi oqsillarga fermentlar – translokazalar va permiazalar kirib, ular o’z aktiv markazi bilan moddani membrananing bir tomonida bog’lab oladilar va membrananing ikkinchi tomoniga o’tkazib qo’yadilar. Bunday transportning ikkinchi usulida transport qilinadigan moddaga birikkan oqsilning konformatsiyasi o’zgaradi, buning natijasida membranada maxsus kanal ochiladi va modda shu kanal orqali hujayra ichiga kiradi.
Ionoforlar
Ionlarning tashuvchilari ionoforlar deb ataladi. Ular ichida eng yaxshi o’rganilganlari – valinomitsin va nonaktin. Valinomitsin uch marta takrorlanib kelgan to’rtta kislota (ikkita amoni- va ikkita karboksikislota) – L-valin, D-gidroksiizovalerian kislota, D-valin va L-sut kislota – qoldiqlaridan iborat siklik depsipeptid..