Hanafiya (Imomi Aʼzam maktabi.) Bu maktabga Abu Hanifa an-Nu’mon (696-767) taxallusi Imomi Aʼzam asos solgan. U eng yirik huquqshunoslardan biri boʻlib, shariat huquqini tartibga solgan, qiyosni tatbiq etgan, istihson tartib usulini ishlab chiqqan, mahalliy huquq qoidalarini odatni shariat bilan kelishtirib qoʻllanishni joriy etgan huquqshunoslikdan oqilona foydalanish unsurlarini kiritgan. Abu Hanifa fiqhning asoschisi, ilohiyot mutaxassisi boʻlgan. Hanafiya mazhabi sunniylik yoʻnalishiga mansub boʻlgan musulmonlarning uchdan bir qismini oʻz ichiga oladi.
Molikiya mazhabining asoschisi Malik ibn Onas Abu Abdulloh (721-795). Islom diniy huquq sistemasini ishlab chiqishda konservativ mavqeda turgan. Paygʻambar Muhammad s.a.v. davridagi anʼanalarni yoqlab chiqqan, yaʼni "ashob al-hadis " (hadis tarafdorlari) oqimining namoyandasi boʻlgan. Bu mazhab tarafdorlari huquq masalalarida ratsionalistik metodga, Yaʼni Qur’on va hadislarni aqlga asoslangan holda talqin qilishga qarshi chiqqan. Dastlab Hijoz va Madinada, keyin boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Hozirgi davrda Molikiya mazhabiTunis, Jazoir, Marokash, Liviya va ayrim boshqa mamlakatlarda musulmonlar oʻrtasida taʼsirga ega.
Shofiya mazhabining asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ash-Shofi’iy (767-820). Makkada yashagan, hadislar va fiqhni oʻrgangan, Yamanda qozilik lavozimini egallagan. Ali avlodlari bilan yaqinlashganligi uchun 803 yilda qamoqqa olingan. Avf etilganidan soʻng Misrga ketib, Malik ibn Onasning shogirdi sifatida faoliyat boshlagan, 810 yildan Bogʻdodda oʻz taʼlimotini targʻib qilgan. Shofiy oʻz asarlarida islom huquqini aʼnanaviy normalar bilan bogʻlashga intilgan. U fiqh asoslariga toʻla taʼrif bergan, ijmoʻdan foydalanishga alohida eʼtibor qilgan. Shofiyning asosiy asarlari shogirdlari tomonidan „Kitob al-umm“ toʻplam shakliga keltirilgan.