Hanbaliya-sunniylikdagi diniy-huquq mazhablardan biri. Uning asoschisi va imomi Axmad ibn Hanbal (780-855) mustahkam eʼtiqodli sunniylik nuqtai nazaridan halifa Maʼmun davrida davlat dini boʻlishi mu’taziylikka qarshi kurashgani uchun bir necha bor qamalgan va jazolangan. Hanbaliya mazhabi tarafdorlari avvallari faqatgina Qur’on va Sunnatgagina tayanib, shar’iy hukmlar chiqarsalar, keyinroq qiyos va ijmoʻning qoʻllanishida ham ular tanho Muhammadning safdoshlari boʻlmish sahobalarning hamjihatligidan kelib chiqqan hukmlarnigina inobatga olar edilar. Ularning rasmiyatchiligi oʻta ketgan mutaassibligi, jonli tarixiy haqiqatdan uzoq turgan qarashlari, ijtimoiy hayot va turmush tarzidagi har qanday yangiliklarga zid ekanligi sababli — mazhab XII-asrgacha keng tarqalmagan. Undan keyingi asrlarda xanbaliya tarafdorlari yana kamayib ketgan. XVIII asrda paydo boʻlgan vahobiylar xanbaliya tarafdori boʻlib chiqqan. Vahobiylar Saudiya Arabistonda hokimiyatni qoʻlga olgach, Xanbaliya qonunlarini amalga kiritganlar. U yerda xanbaliyaning ilk islomga xos qonunlari hozir ham amalda.
MOTURIDIYA TA’LIMOTI
Moturidiy (Abu Mansur al-Moturidiy; Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy) (870-yil Samarqand – 944-yil Samarqand) – imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. „Imom al-hudo“, „Imom al-mutakallimin“ („Hidoyat yoʻli imomi“, „Mutakallimlar imomi“) nomlari bilan ulugʻlangan. Moturid qishlogʻida (hozirgi Jomboy tumanida) tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda katta bogʻ ham barpo etgan.
Moturidiy Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida oʻqidi, mahalliy hanafiy faqihlardan taʼlim oldi, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn al-Husayn al-Iyodiy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy unga ustozlik qilishdi. Keyin oʻzi fiqh va kalom ilmlaridan dars berdi. Abu Ahmad al-Iyodiy, Abul Hasan Ali ibn Sayyid ar-Rustugʻfaniy, Abu Bakr as-Samarqandiy, Makhul an-Nasafiy, Abul Mu’in an-Nasafiy, Abulyusr al-Pazdaviy kabi shogirdlar yetishtirdi. Vasiyatiga koʻra, Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etildi. Moturidiyning asosiy asarlari „Kitob at-tavhid“ („Yakkaxudolik haqidagi kitob“), „Taʼvilat ahl as-sunna“dir („Sunniylik anʼanalari sharhi“). „Kitob at-Tavhid“ bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi taʼrifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, naql – rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi