Mehr-oqibat cho‘ntakdagi telefonda qoldi Yana bir hadis bor. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim umri uzun bo‘lishini, rizqida baraka bo‘lishini va ortimdan yaxshi iz qolishini istasa, qarindosh-urug‘lari bilan silai rahmda bo‘lsin», - dedilar.
Hozirgidek kommunikatsiyalar rivojlanmagan, transport vositalari kam vaqtlar edi; imkoniyatlar hozirgidek emasdi, ammo ota-ona, bobo-buvilarimiz yurtning narigi burchagidagi qarindoshini ikkita non bilan borib, ikki kun birga yashab, mehr-oqibat ko‘rsatib kelardi. Bugun qaysi inson akamnikiga, otamnikiga, onamnikiga boryapman, bir kun suhbat qilib yotib kelaman, deb boryapti?!
Sizda, menda, barchamizda bor – hozir silai rahm telefonda qoldi. Shunda ham insof qilib, telefon qilganimiz bor, qilmaganimiz bor.
Ilgari avtobusda 5 tiyinlik chipta olib, shaharning bu chetidan u chetiga qarindoshinikiga borgan inson, bugun hovlisida 3ta mashinasi bor, qarindoshi bilan bordi-keldiga vaqt topa olmaydi. Afsuski, imkon topolmayapti, ikkita nonning tengini qila olmayapti.
Silai rahmni uzgan Alloh rahmatidan ham uziladi Bir odam Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelib: «Yo Rasulalloh, men qarindoshlarimdan ko‘p aziyat ko‘raman, shunda ham bordi-keldi qilaman, yo‘qlayman. Shunga qaramay, ular mensimaydi, haqorat qiladi, mening muomalamga yarasha muomala qilmaydilar, nima qilay», deb murojaat qiladi. Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Sen yaxshilikda bardavom bo‘l. Bog‘langanni Alloh bog‘laydi, uzilganni Alloh uzadi. Ya'ni sen bog‘lanaver, Alloh senga bog‘lanadi, sening nima murod-maqsading bo‘lsa, Alloh hosil qiladi. Uzilgan Allohning rahmatidan ham uziladi», ma'nosidagi hadisni aytganlar. Shuning uchun bunday yaxshiliklarda bardavom bo‘lish kerak.
Birniki mingga, mingniki tumanga Hazrati Muso alayhissalom davrlarida 40 kun yomg‘ir yog‘madi. Hammayoqda qurg‘oqchilik, odamlar qiynalgan holat. Muso alayhissalom dashtga chiqib, sajda qilib, Allohga yolvordilar, bir tomchi yomg‘ir yog‘madi. Bir odam turib ketdi va bir qancha muddatdan so‘ng qaytib kelgach, yomg‘ir yog‘di. Muso alayhissalom buning tafsilotini aytib, dedilarki: «Oralaringizda qarindosh-urug‘idan uzilgan odam bor edi. Shuning uchun xalq Alloh rahmatidan uzilib turgandi». Xalqimiz birniki mingga, mingniki tumanga deyishi, bejiz emas-da.
Shunday ekan, ushbu Ramazon kunlarida, barcha yaxshi niyatli mo‘min-musulmonlarimiz, xalqimiz, bir-biridan o‘tgan joylari bo‘lsa, hozirgi karantin choralari tufayli qo‘ng‘iroq qilib bo‘lsa ham hol-ahvol so‘rab, falon vaqtda dilingizni og‘ritgan edim, uzr so‘rayman, deb qo‘ysalar, Allohning rahmat-mag‘firatiga cho‘madi. Ramazon oyida ham shunday ishlardan poklanib olmasak, qavm-u qarindoshlar bilan silai rahm buyuk ne'mat ekanini bilmasak, bizning musulmonligimiz qanday bo‘ladi, o‘zbekchiligimiz qayerda qoladi?
Aksincha, xatolarimizni o‘nglab, ahvolimizga yig‘lab, o‘zimizni isloh qilish harakatida bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo Qur'oni Karimda: «Modomiki, bir qavm o‘zini yaxshilik uzra o‘zgartirmas ekan, Alloh ham ularning holatini o‘zgartirmaydi», deb qo‘ygan.
Alloh bizning holimizni yaxshilikka o‘zgartirishi uchun, biz o‘zimiz yaxshilik tomon qadam bosishimiz kerak bo‘ladi.
Jamiyatning bosh bo‘g‘ini bo‘lmish oila erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadi. Bu borada er-xotin zimmasiga yuklanadigan burch va vazifalar doimiy muhokamalar markazida bo‘lib kelgan. Kun.uz olima Odinaxon Muhammad Sodiq bilan uyushtirayotgan turkum suhbatlarning galdagi soni shu masalaga bag‘ishlanadi.
Erkak va ayollar masalasi har zamon va ham makonda tortishuvli masala bo‘lib kelgan. Bu yerda eng ko‘p muammolar qaysi nuqtalarda kelib chiqayotgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilamiz.
Oila, er-xotinlik munosabatlari dinimizda muqaddas rishta hisoblanadi. Bu rishtani bog‘lash, oila barpo qilishda katta maqsadlar ko‘zlangan. Shu sababdan har ikkala tarafga ham o‘ziga yarasha mas’uliyatlar, burchlar, vazifalar yuklatilgan.
Avvalo, oila qurishdan maqsad nimaligini tushunish lozim. Shariatimizda har bir ishdan ko‘zlangan maqsad bor. Dinimizda insonning hayoti, aqli, dini, sha’ni va molini muhofaza qilish muhim hisoblanadi va shunga yarasha ahkomlar joriy qilinadi. Oila qurishdan maqsad – iffatni saqlash, ya’ni ikkala tomon ham bir-birlarining iffatlarini saqlashlari kerak bo‘ladi. Yana bir asosiy maqsad esa nasl qoldirish. Tinch-totuv oila bunyod etish ham maqsadlardan biri bo‘lib, oila tinch bo‘lsa – jamiyat ham tinch-totuv bo‘ladi. Jamiyatning salohiyatli bo‘lishi oilalarning salohiyatli bo‘lishiga bog‘liq.
Oilada er va ayolning o‘ziga xos mushtarak burch va vazifalari bor: nikohlanib, halol hayot kechirish, bir-biriga nisbatan Allohdan qo‘rqqan holatda munosabatda bo‘lish lozim.