Moliyaviy tekshirish
Shariat tekshiruvining ikkinchi tarkibiy qismi moliyaviy tekshiruv bo’lib, bu investitsiya qilinuvchi mablag’ga nisbatan qo’yilgan talablarni bildiradi va quyidagi to’rt tarkibiy qismni o’z ichiga oladi.
1. Foiz stavkasi yoki boshqa shubhali yo’llar orqali shakllangan mablag’lar
2. Naqd pul va qarz va umumiy aktivlar yoki o'rtacha bozor kapitallashuvi
3. Qarz va xususiy kapital va o’rtacha bozor kapitallashuvi
4. Debitorlik qarzlari.
i) Foiz stavkasi va boshqa shubhali manbalardan topilgan daromadlar: korxonalar uchun eng zaruriy omil bu aylanma kapital hisoblanadi. Umumiy holatda, korxonalar aylanma kapitalga bo’lgan talabini qondirish uchun moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilishadi. Islomiy moliya mahsulotlarini taklif qiluvchi tashkilotlar bor joylarda foiz stavkasi aralashmagan holatda korxonalarning mablag’ga bo’lgan talabini qondirish mumkin, lekin real hayotda islomiy moliya tashkilotlari hamma joylarda ham mavjud emas.
Bugungi kunda banklar tranzaktsiyalarni amalga oshirishda muhim qiluvchi rol o'ynaydi. Barcha pul oqimlari banklardan o’tadi. Shu sababli barcha korxonalar banklardan o’z hisob raqamlariga ega bo’lishi kerak. Bu hisob raqamlardagi mablag’larga ma’lum miqdordagi foiz daromadlar hisoblanadi. Shuningdek, korxonalar mablag’larini boshqarish uchun qisqa muddatli likvidatsiya amaliyotlarini qo’llashi mumkin. Bu holatda ham bank ular uchun foiz daromadlarni hisoblaydi.
Bunday holatlarda ulamolar foiz stavkasiga aloqador va boshqa joiz bo’lmagan va shubhali joylardan topilgan daromadning jami daromadga nisbati bo’yicha eng yuqori qiymatni belgilab berishgan va ushbu miqdor iloji boricha kichik hajmga ega bo’lishi lozim. Ko’plab ulamolar harom va shubhali daromadlar jami daromadlarning 5 % idan oshmasligi zarurligiga ittifoq qilishgan.
ii) Naqd pul va qarz va umumiy aktivlar yoki o'rtacha bozor kapitallashuvi: Qarzlar savdosi fiqhiy yo’nalishlar orasida ko’plab muhokamalarga sabab bo’lgan masalalardan biridir. Shariatda qarzni 3-shaxsga qiymatidan ortiq yoki kam narxga sotish ta’qiqlangan. Xuddi shunday, pulni pulga sotish ham faqat valyutalar ayirboshlashda (sarroflik) da joiz bo’ladi. Shuning uchun ham shariat ulamolar korxonaning qarzlari va naqd holatdagi pullari uning jami aktivlaridan yoki o’rtacha bozor qiymatidan oshmasligini shart qilib qo’yadilar. Umumiy holatda korxonaning naqd holatdagi pullari va qarzlari jami aktivlarining yoki korxonaning bozor qiymatining 30-50 %i miqdorigacha bo’lishiga ruxsat beriladi.
iii) Qarz va xususiy kapital va o’rtacha bozor kapitallashuvi. Ko’plab korxonalar ayrim vaqtlarda likvid kapitalga ega bo’lish uchun o’zaro bir-birlari bilan foiz stavkasiga asoslangan qarz oldi-berdisini amalga oshiradi. Bunday holatlarda qarzga oluvchi qarz hisobidan qarzga beruvchiga belgilangan foiz stavkasini to’lashi lozim. Ko’plab aksiyadorlik korxonalarida o’tkazilgan so’rovnomada korxonaning qarzlari uning jami aksiyalarining qiymatida 16 marotaba yuqori bo’lgan holatlar ham kuzatilgan. Shuning uchun ham, shariat kengashining xulosasiga ko’ra, korxonanlarning qarzni qaytarish layoqatini ta’minlash maqsadida jami qarzlar korxonalarning bozor qiymatining 30-50 %idan oshmasligi kerakligi belgilangan.
iv) Debitorlik qarzlari: Debitorlik qarzlari - iste’molchilarga korxonalarning mahsuloti yetkazib berilganda, lekin hali haqi to’lanmaganda yuzaga keladigan qarzdorlik holati hisoblanadi. Shariat kengashi debitorlik qarzlarini korxonaning boshqalarga bergan qarzi sifatida tan oladi. Umumiy holatda debitorlik qarzlarini o’z qiymatida sotish mumkin bo’ladi.
Debitorlik qarzlari ham korxona mol-mulkining ajralmas qismi sifatida tan olinadi. Agar u asosan naqd pul va debitorlik qarzlari ko’rinishida bo’ladigan bo’lsa, bunday holatda ushbu qarzlar faqatgina o’z qiymatida o’zaro ayirboshlanishi mumkin. Agar qarzning nominal qiymatidan boshqa narxda sotilsa yoki sotib olinsa, ribo holati yuzaga keladi. Shariat ulamolari tomonindan korxonaning debitorlik qarzlari uning bozor qiymatining 33%idan kam bo’lishi lozimligi belgilangan..
Dostları ilə paylaş: |