Page 19
o‘zakli so‘zlarda o‘zakning bir xil yozilishini kuzatish hisoblanadi. “O‘zakdosh so‘zlar”
tushunchasini shakllantirish ularning ikki muhim belgisini, ya’ni mazmuniy
umumiylikni (ma’nosida qandaydir umumiylik borligini) va tuzilishiga ko‘ra
umumiylikni (umumiy o‘zak mavjudligini) o‘zlashtirish bilan bog‘lanadi. Shuning
uchun bu belgilarni o‘quvchilar o‘zlashtirishiga ta’lim jarayonida sharoit yaratish lozim.
Bir xil o‘zakli so‘zlarning ma’nolaridagi umumiylik o‘zakning umumiyligi tufayli
vujudga keladi, ularni bir guruhga birlashtiradi; qo‘shimchalar esa so‘zning ma’nosiga
o‘ziga xos ma’no qo‘shadi; ularni bir-biridan farqlaydi. Bir xil o‘zakli so‘zlar ustida
bunday ishlash usuli o‘quvchilaning bilish ko‘nikmasini faollashtiradi, ularning
diqqatini so‘zning umumiylikka asoslangan aniq belgilariga jalb qilish imkonini beradi.
Uchinchi bosqich - o‘zak, so‘z yasovchi va shakl yasovchi qo‘shimchalarning
xususiyatlari hamda tildagi ahamiyatini o‘rganish metodikasi. Bu bosqichning o‘quv
vazifasiga “o‘zak”, ”so‘z yasovchi qo‘shimcha”, “shakl yasovchi qo‘shimcha”
tushunchalarini shakllantirish, so‘zning leksik ma’nosi bilan morfemik tarkibi
o‘rtasidagi bog‘lanish haqidagi tasavvurlarni o‘stirish, o‘zakda jufti bor jarangli va
jarangsiz undoshli so‘zlarni to‘g‘ri yozish malakasini shakllantirish, nutqda so‘z
yasovchi qo‘shimchasi bor so‘zlarni ongli ishlatish ko‘nikmasini o‘stirish kiradi. Bu
bosqichning vazifasi bir-biri bilan ma’lum bog‘lanishda hal qilinadi.
O‘quvchilar so‘zning yangi so‘z hosil qilishga yordam beradigan qismini bilib
olgan sari ularda so‘z yasalishi haqidagi tasavur chuqurlasha boradi. Xulosa qilib
aytganda, boshlang‘ich sinflarda so‘zning morfemik tarkibi va so‘z yasalishini o‘rgatish
o‘quvchilarning har bir so‘zga ongli munosabatda bo‘lishlarini ta’minlaydi, so‘z tarkibi
va uning yasalishi haqidagi dastlabki tushunchalarni shakllantiradi.