Imom al-Buxoriy – buyuk muhaddis. Buyuk muhaddis va uning
ijodi haqida to‘xtalishdan oldin musulmon huquqining asosiy manba-
laridan biri – sunnaning vujudga kelishi tarixini eslash o‘rinlidir. Arabcha
«sunna» so‘zi odat, an’ana, xatti-harakat tarzi degan ma’nolarni
ifodalaydi. Muhammad (s.a.v.)ning musulmonlar uchun ibrat hisoblangan
so‘zlari, amallari va xatti-harakatlari islomda sunnani tashkil etadi. Sunna
ko‘plab hadislardan tarkib topgan. «Hadis» so‘zi dastlab xabar, yangilik
degan ma’nolarni anglatgan, so‘ngra maxsus ma’noni ifoda etgan, ya’ni
Muhammad (s.a.v.)ning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, ko‘rsatmalari
to‘g‘risidagi rivoyatlardan iborat bo‘lgan. Hadislarni naql qiluvchilar,
rivoyatchilar, avvalo, payg‘ambarning sahobalari, uning vafotidan keyin
29
esa asosan Madinada yashagan qarindoshlari, safdoshlari va shogirdlari,
chunonchi xalifa Umar ibn Hattob va uning o‘g‘li Abdulloh ibn Umar
(693-y. v.e.); xalifa Ali ibn Abu Tolib; taniqli sahoba Talha ibn az-
Zubayr; payg‘ambarning yaqin do‘sti Abu Hurayra (677-y. v.e.); Eronni
fath etuvchilardan biri Abdulloh ibn Amir (679-y. v.e.); payg‘ambarning
kotibi, Qur’on bilimdoni Zayd ibn Sobit; payg‘ambarning bevasi Oysha
(678-y. v.e., aytishlaricha, 1210 ta hadisni rivoyat qilgan) shunday
kishilar hisoblanadi.
Qur’onni o‘rganish tufayli tafsir ilmi, hadislarni to‘plash va o‘rganish
natijasida hadisshunoslik paydo bo‘lgan. Hadislarni to‘plash VII asrning
o‘rtalarida boshlangan. Bir yarim-ikki asr mobaynida hadislar juda
ko‘plab to‘plangan. Hadisshunoslikning «oltin asri» – IX asrga kelib, ular
tartibga solinib, din, axloq va fiqhning asosiy manbasiga aylangan.
Sahobalarning ismlari maxsus tartibga solingan va ular rivoyat qilgan
hadislar jamlangan kitob «Musnad», mualliflarning keksalari «hurufi
hijo» (alifbo) tartibiga qo‘yilib, har birining yo‘li bilan muallifga yetib
kelgan rivoyatlarni to‘plagan kitob «Mu’jam» deyilgan. Islom olamida
hadislarning «musannaf» (arabcha «tanlab olingan») turi keng tarqalgan.
Musannafda hadislar mavzular bo‘yicha jamlangan bo‘ladi. Shu bois
ma’lum soha yoki mavzuga oid hadisni musannaf to‘plamlardan qidirib
topish osonroq kechgan. Tarixan musnad ilgariroq, musannaf esa
keyinroq vujudga kelgan.
Islom olamida hadis to‘plamlarining eng mashhuri oltita bo‘lib, ular
«al-kutub as-sitta» («olti kitob») deb ataladi. Sunniylik yo‘nalishi
musulmonlari orasida bu to‘plamlar keng tarqalgan. Ular quyidagilar:
1) «Al-jome’ as-sahih» («Ishonchli to‘plam») yoki qisqacha «as-
Sahih». Uni Abu Abdulloh Muhammad al-Buxoriy tuzgan. Shu bois u
«Sahihi Buxoriy» ham deb ataladi. To‘plam islom olamida katta dovrug‘
qozongan va Sharqda juda ko‘p marta nashr etilgan;
2) «Sahihi Muslim». Tuzuvchisi Muslim an-Nishopuriy (817–875). U
300 mingga yaqin hadisni o‘rganib chiqib, ulardan 12 mingi, ya’ni to‘rt
foizini haqiqiy deb topgan;
3) «As-sunan» («Sunnalar»). Tuzuvchisi Ibn Mojja (886-y. v.e.);
4) Abu Dovud as-Sijistoniy (888-y. v.e.)ning to‘plami;
5) Muhammad at-Termiziy (802-y. v.e.)ning «Al-jome’ al-kabir»
(«Katta to‘plam») nomli to‘plami;
6) Abu Dovudning shogirdi Nasoiy (915-y. v.e., hozirgi Ashxabod
yaqinidagi Niso shahridan) tuzgan «As-sunan» to‘plami.
30
Ta’kidlaganimizdek, Abu Abdulloh Muhammad al-Buxoriyning «Al-
jome’ as-sahih» to‘plami ahamiyatiga ko‘ra islom olamida birinchi
o‘rindadir. Islom olamida bu to‘plam boshqa muhaddislar tuzgan
to‘plamlar orasida eng ishonarli va mukammalidir. Unda Muhammad
(s.a.v.) hadislaridan tashqari yana fiqh, islom urf-odatlari, axloq-odob,
ta’lim-tarbiya, shuningdek o‘sha davr tarixi va etnografiyasiga doir
ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Unga 600 ming hadisdan saralangan 7275
ta eng sahihlari kiritilgan. Mazkur to‘plam Misr va boshqa mamlakatlarda
juda ko‘p marta chop etilgan hamda unga yirik ulamolar ko‘plab sharhlar
yozganlar.
Buyuk muhaddisning to‘liq ism-sharifi Abu Abdulloh Muhammad
ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘ira ibn Bardizboh al-Ju’fiy al-Buxoriy
(810–870)dir. Imom al-Buxoriy hijriy 194 yilning shavvol oyida
Buxoroda tavallud topgan. Otasi Ismoil o‘sha davrning yetuk muhaddisi
Molik ibn Anasning shogirdi va yaqini bo‘lib, tijorat bilan shug‘ullangan.
Onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol bo‘lgan. Otasi vafot etgach,
uning tarbiyasi bilan volidasi shug‘ullangan. U 5–6 yoshidan islomiy
ilmlarni o‘zlashtirishga, Muhammad (s.a.v.)ning hadislarini o‘rganish va
yodlashga kirishgan. Taniqli muhaddislar al-Doxiliy, Muhammad ibn
Salom al-Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn
Muhammad al-Masnadiy kabilardan saboq olgan.
Muhaddislar azaldan safarlarga chiqishdan oldin o‘z yurtlaridagi
roviylardan barcha hadislarni yozib olgan bo‘lishlari shart edi. Shundan
keyin boshqa shahar yoki mamlakatga safar qilishlari mumkin edi.
Buxoriy 16 yoshga yetguncha o‘z yurtidagi mashoyixlardan ko‘plab
hadislarni tinglab, yozib olgan, so‘ngra xalifalikning turli viloyatlariga
safarga chiqqan. Buxoriy 825-yilda onasi va Ahmad ismli akasi bilan
Makkaga kelib, haj ibodatini ado etgan. Onasi va akasini Buxoroga
qaytarib yuborib, o‘zi Makkada qolgan. Bu yerdagi mashoyixlarning
ilmiy yig‘inlarida qatnashgan, 827-yilda Madinaga borib, u yerdagi
mashhur ulamolar Ibrohim ibn al-Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim
ibn Hamza kabilar bilan hamsuhbatda bo‘lgan, ulardan hadislarga doir
saboqlar olgan. O‘sha vaqtlarda Muhammad (s.a.v.)ning sahobalari,
ularning izdoshlari ham turli mamlakatlarga tarqalib ketgan edilar.
Bunday vaziyatda payg‘ambarning hadislarini to‘plash undan turli shahar
va mamlakatlarga borishini taqozo qilgan edi. Tarixnavislarning
ta’kidlashlaricha, Buxoriyning Hijoz, Makka, Madina, Toif va Jiddaga
qilgan turli safarlari olti yil davom etgan. So‘ngra u Basra, Kufa va
Bag‘dodga safar qilgan. Shom va Misrda bo‘lgan. Buxoriy yana,
31
Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray va Jibol kabi shaharlarda ham
bo‘lib, u yerlardagi olimlardan ham saboqlar olgan va hadislar to‘plagan.
Xorijiy safarlardan keyin Buxoroga qaytib, hadislarini targ‘ib etishga
kirishgan. Uning bunday savobli sa’y-harakatlari Buxoroning o‘sha
davrdagi hukmdori Xolid ibn Ahmad az-Zuhliyga ma’qul kelmagan. Shu
sababli Buxoriy o‘z yurtini tark etib, Poykend, keyinchalik Samarqand
yaqinidagi Hartang qishlog‘iga kelib, muqim yashashga majbur bo‘lgan
va shu yerda vafot etgan.
Buxoriy butun faoliyati davomida ilm kishilarini ma’naviy va moddiy
qo‘llab-quvvatlagan. Tijoratdan topgan daromadining besh yuz dirhamini
oyiga faqiru miskinlarga, ilm toliblariga hadya qilgan. Shaxsiy hayotida
dabdabaga berilmagan, sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymagan. Buxoriy umri
davomida hadislarni to‘plash va tizimga solish bilan shug‘ullangan, ularni
sahih (to‘g‘ri, ishonchli) va g‘ayri sahih (xato, zaif)ga ajratgan. Bu vazifa
hadischi roviylarning hayot va yashash tarzi, tug‘ilgan va vafot etgan
sanalari, ularning o‘zaro muloqotlarini chuqur o‘rganish hamda tahlil
qilish orqali amalga oshirgan.
Buxoriy noyob qobiliyati, o‘tkir zehni, quvvai hofizasining kuchliligi
bilan o‘sha davr ilm ahllarini lol qoldirgan. Uning atoqli alloma bo‘lib
yetishuvida oila va madrasa ta’limidan tashqari, ustozlarining xizmatlari
va ta’siri katta bo‘lgan. Turli mamlakatlardagi mashhur diniy ulamolar –
Makkada Abdulloh ibn Zubayr al-Xo‘jandiy, Ahmad ibn Muhammad
Azraqiy, Abdulloh Muqriy; Madinada Abdulaziz Uvaysiy, Mutrif ibn
Abdulloh; Basrada Abu Osam an-Nabil; Balxda Yahyo ibn Basr, Utayba
ibn Said; Kufada Abu Naim al-Fazl; Bag‘dodda Sarih ibn an-Nu’mon,
Ahmad ibn Tanbal; Shomda Muhammad al-Forobiy, Odam ibn Abu
Ilyos; Misrda Ahmad ibn Shuayb, Ahmad ibn Solih; Marvda Ahmad ibn
al-Hasan; Nishopurda Is’hoq ibn Ibrohim Rohvayh al-Hamzamiy,
Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy, Yahyo ibn Yahyo Tamimiy, Bashr ibn
al-Hakim kabilar Buxoriyning ustozlari edilar. Buxoriyga hadis ilmidan
saboq bergan ustozlar sal vaqt o‘tmay, o‘zlarining qobiliyatda unga
shogird darajasida ekanliklarini e’tirof eta boshlaganlar. Ustozi Is’hoh ibn
Rohvayh ishonch bilan Buxoriyga bolalik chog‘idayoq: «Siz (hadis) aytib
turing, boshqalar yozib olsin», – deya tayinlar ekan, ustozi Abdulloh ibn
Munir esa kamtarlik bilan: «Men al-Buxoriyning shogirdlaridanman», –
der ekan. Unga zamondosh muhaddis Abdulloh ibn Abdurahmon
Samarqandiy: «Ikki haramaynda (Makka va Madinada), Hijozda, Shomda
va Iroqda ko‘p olimlarni ko‘rdim, lekin Muhammad ibn Ismoildek (ko‘p
va sahih) hadis jamlaganni ko‘rmadim. Ul kishi bizdan ko‘ra
32
bilguvchiroq, faqihroq va talabchanroqdir», – degan. Imom Buxoriyning
shogirdlari ham son-sanoqsiz bo‘lgan. Buyuk qomusiy olim Abu Nasr
Forobiy: «Birgina «Al-jome’ as-sahih»ni ul zotdan eshitgan kishilarning
sanog‘i to‘qson ming kishi bo‘lgan», – deb yozgan.
Hadis ilmining ravnaqiga o‘ta fidoyilik, aql-zakovatini baxshida etish
Buxoriyga shon-sharaf keltirdi, u islomning eng buyuk allomalaridan biri
sifatida dunyoga tanildi. Buxoriy umri davomida yozib olgan va yod
bilgan 600000 hadisdan 7275 ta sahihlarini ajratib, «Al-jome’ as-sahih»
to‘plamiga kiritgan. Unda Muhammad (s.a.v.)ning hadisi shariflari
«Iymon», «Tahorat», «Namoz», «Zakot», «Haj», «Nikoh», «Taloq»,
«Savdo-sotiq kitobi», «Ichimliklar», «Vakolat kitobi», «Hadyalar»,
«Guvohliklar kitobi», «Sulh kitobi», «Vasiyat kitobi», «Maloikalar
haqida» kabi 100 bobga ajratilib, tartib bilan bayon qilingan. Har qaysi
bobda mavzuga doir hadislar ishonchli roviylarning isnodlari (manbalari)
bilan keltirilgan. Buxoriyning «Al-jome’ as-sahih» to‘plami shunday
ulkan ma’naviy qudratli xazinaki, undagi hadislar o‘z zamonasida va
keyinchalik ham musulmon huquqi, kalom va fiqh ilmlarida Qur’oni
karim oyatlaridan keyin shar’iy hukmlarga asos bo‘lgan. Undagi ba’zi
hadislarda zamonaviy tabiatshunoslik fanlarining ham negiziga doir
ma’lumotlar borligini ta’kidlash mumkin. Masalan, «Suv haqidagi
hikmatlar» kitobida barcha o‘simliklar va jonzotlar suvdan paydo
bo‘lgani haqida qudsiy hadis keltirilgan1. Vaqf mulklari, merosxo‘r-
larning haqlari, ilm-ma’rifat o‘rganishning barcha musulmon erkak va
ayollarga farzligi haqidagi hadisi shariflar muhim hayotiy muammolarni
hal etishda musulmon huquqidagi hukmlar, qozilarning fatvolariga
tayanch manba bo‘lgan.
Buxoriyning «Al-jome’ as-sahih» asari tomonidan fiqh ilmi bo‘yicha
dasturilamal ekanligini zamondoshlari tan oldilar va X asrga kelib
sunniylik to‘plamlari orasida Muslimning «as-Sahih»i kabi asosiy o‘rinni
egalladi1. Buxoriyning ko‘plab asarlari orasida «Tafsir al-Qur’on»
(«Qur’on tafsiri») ham alohida muhim ahamiyatga ega. Uning asarlari
musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida Muhammad
(s.a.v.) sunnasiga doir asosiy darslik hamda qo‘llanmalar hisoblanadi.
Jamoat arboblari, ulamolar va din peshvolari Buxoriy asarlarining
mohiyatiga tayanib ish ko‘radilar.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Buxoriyning o‘lmas merosiga
munosabat tamoman o‘zgardi va uning o‘z yurtdoshlariga bag‘riga
qaytarildi. Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish va
xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. 1998-yil
33
23-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga binoan
Samarqandda imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim
bo‘yicha 1225 yillik yubileyi tantanalari o‘tkazildi. Alloma dafn etilgan
Chelak tumanidagi Hartang qishlog‘ida ulkan yodgorlik majmui yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov imom al-Buxoriy
yodgorlik majmuining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan
nutqida: «Imom al-Buxoriy hazratlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun
musulmon olamining faxr-iftixoridir. Ul tabarruk zotning hayoti tom
ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod
timsolidir. Olti buyuk muhaddisning ikkinchisi hisoblangan Imom
Muslimning al-Buxoriyga qarata: «Ey, ustozlarning ustozi, muhaddis-
larning sultoni, hadislarning tabibi! Poyingizni o‘pishga ijozat bering!»
deya qilgan xitobi ahli islomning ulug‘ bobomizga hurmat va e’tirofi
naqadar yuksakligini ko‘rsatadi»
1
, – deya ta’kidlagan edi.
Dostları ilə paylaş: |